Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir
07.03.2023, 17:44

Prezidentimizning Xalqaro kongress markazida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida so‘zlagan nutqlarini eshitib, behad sevindim. Tabrikda e’tirof etilganidek, dunyoda chuqur iqtisodiy inqiroz davom etayotgan hozirgi kunda, qanchalik qiyin bo‘lmasin, zarur mablag‘ va imkoniyatlarni topib xotin-qizlarni oliygohlarda tahsil olishlari uchun davlat tomonidan katta ko‘mak berilmoqda. Amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlar natijasida oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va san’at, sport namoyandalari yetishib chiqmoqda.
Prezidentimiz ayollar oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun xizmat qilish sharafli burch ekanligini alohida ta’kidladilar. Oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalar, ayollar hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi, dedilar.
Xotin-qizlar haqida, ularning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi ekani haqida tariximizda ulug‘ mutafakkirlar, shoir va allomalar qancha-qancha dil so‘zlarini bayon etganlar. Siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida ko‘plab ta’riflar keltirish mumkin. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.
Partiyamiz “Ayollar qanoti” xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligi va farovonligini yaxshilash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishlari uchun ular orasida keng ko‘lamda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqdalar. Bugungi kunda vohamizda 101 ming partiya a’zolari bo‘lib, ularning 44 mingdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil qiladi. Ular viloyat iqtisodini yuksaltirish, aholi bandligi va farovonligini oshirish borasida faollik ko‘rsatib kelmoqdalar. Vohamizda ehtiyojmand oilalarni bandligini ta’minlash borasida kasanachilik maktabi tashkil etilib, hozirga qadar yuzlab xotin-qizlar ishli bo‘lishdi. Prezidentimiz vohamizga tashriflari chog‘ida bu maktab faoliyatiga katta baho berib, uni yanada takomillashtirish minglab xonadonlarga iqtisodiy ko‘mak berishini alohida ta’kidladilar.
Viloyatimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin va mavqega ega. Ayollarimiz vohadagi ijtimoiy-siyosiy, siyosiy-iqtisodiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda.
Darhaqiqat, bu dunyoda ayollar shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, muhabbat, vafo va sadoqat timsoli sifatida e’zozu ehtiromga munosibdirlar.
Gulbahor TO’RAYEVA,
O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi
Ayollarning siyosiy faolligi,
jamiyatdagi o‘rni va mavqeini
oshirish bo‘limi mudiri
O'xshash yangiliklar
-
Deputat ko‘magida ishsiz ayollar o‘z biznesini boshladi
04.05.2023, 16:22
-
Nurobodlik ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda
04.05.2023, 16:17
-
“King garment textile” korxonasi rahbari Gulrux Xudoyberdiyeva: “Imkoniyatlardan unumli foydalanyapmiz”
28.04.2023, 11:38
-
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xotin-qizlar faollariga targ‘ib qilindi
19.04.2023, 14:59
-
Xotin-qizlar barcha sohada o‘zini namoyon etishga haqlidir
17.04.2023, 16:03
Fikringizni qoldiring