Konstitutsion islohotlar

09.03.2023, 13:55

Konstitutsion islohotlar

HAQIQIY XALQ KONSTITUSIYASI POYDEVORI YARATILADI

Konstitutsiyamizni takomillashtirish tashabbusi bilan chiqqan partiyamiz fraksiyasi Konstitutsiyaviy komissiya va joylardagi deputatlarimiz, a’zolarimiz bilan birgalikda faol ish olib bordi. Ayniqsa, asosiy elektoratimiz bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, klaster va fermerlar loyihaning muhokamasiga befarq bo‘lmadi, ko‘plab takliflar berishdi, bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashyapti. Partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar qonun loyihasida aks etdi.

Birinchidan, keng ko‘lamli va chuqur o‘ylangan siyosat natijasida iqtisodiy mustaqil, erkin fikrlovchi va tashabbuskor tadbirkor va ishbilarmonlar sinfi shakllandi. Imtiyozlar va preferensiyalar berilgani, tekshiruvlarlarning keskin cheklanib, moratoriy joriy etilgani, erkin faoliyatni kafolatlovchi qonunlar qabul qilingani tadbirkorlarning islohotlarga ishonchini yanada mustahkamladi. Natijada so‘ngi olti yilda barcha sohalardagi tadbirkorlar soni qariyb olti barobarga ko‘payib, ularning jami soni ikki millionga yetgan.

Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha majburiyatlari belgilanayotgani to‘g‘ri bo‘lyapti deb hisoblaymiz. Shuningdek, Konstitutsiyada barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanishi katta ahamiyatga molik. Mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasini Bosh qomusimizda belgilash partiyamiz a’zolari va elektorati uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Mol-mulk daxlsizligining yuksak darajada kafolatlanishi ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni ham rag‘batlantiradi.

Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi, yerdan foydalanish sohasida davlat rahbari tashabbusi bilan katta islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etmoqda. Qishloq xo‘jaligi yerlari faqatgina ijaraga berilishi va xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga o‘sib borayotgan ehtiyojini qondiruvchi asosiy manba bo‘lib qolishi qonunlarimizda mustahkamlangan.

Prezidentimizning favqulodda muhim va tarixiy tashabbuslari natijasida 2022 va 2023 yilarda respublikamiz bo‘yicha salkam 200 ming gektar unumdor yerlar dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi qariyb
1,5 million yoshlar, ayollar va ishsizlarni daromadli ish bilan band qildi. Mazkur jarayonda qishloq xo‘jaligi yerlaridan, suvdan samarali va tejamli foydalanish kun tartibidagi eng muhim masalalardan bo‘lib hisoblanadi. Bu borada qishloq xo‘jaligining asosiy ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omillardan bo‘lmoqda.

Tadbirkorlikni rivojlantirishda qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari o‘ta dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada 2021 yil noyabr oyida qonun qabul qilingani birinchi qadam bo‘ldi. O’tgan davrda 80 mingdan ziyod yer uchastkalari savdolarga chiqarilgani tadbirkor va ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yangilangan Konstitutsiyamiz loyihasida yerni qonunga muvofiq xususiylashtirish mumkinligi belgilanishi tadbirkorlarimiz uzoq kutgan tarixiy adolatni yuzaga chiqaradi, kafolatni yuqori darajada mustahkamlaydi. Bu ishbilarmonlar ixtiyoridagi yerning bozor qiymati shakllanishiga, yer kapitalga aylanishi va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Uchinchidan, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlari Konstitutsiyada belgilanishi judayam to‘g‘ri bo‘lyapti. Hozirda Asosiy qonunimiz bilan bank omonatlari kafolatlangan bo‘lsa, endilikda bank amaliyotlari va hisobvaraqlarning sir tutilishi ham Konstitutsiyada belgilanishi xalqaro normalar, xususan, Jahon savdo tashkiloti standartlariga ham mos keladi.

To‘rtinchidan, mahalliy davlat hokimiyati boshqaruviga oid muhim normalar kiritilayotgani, mahalliy hokimlarning bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlari raisi sifatida faoliyat yuritishi mumkin emasligiga oid norma Konstitutsiyada o‘z aksini topayotgani ham e’tiborga molik masaladir. Bu ancha vaqtdan buyon kutilayotgan xalqchil islohotlardan biri edi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Kengash raisi va hokimni alohida-alohida mansabdor shaxslar sifatida belgilash mahalliy darajada hokimiyatlar muvozanatini ta’minlash yo‘li bo‘ladi.

Konstitutsiya loyihasi “Inson qadri uchun” shiori ostida kechayotgan islohotlarga mos keladi. Bir so‘z bilan aytganda, partiyamiz elektoratining xohishini ifoda etadi, xalqimiz qalbidagi orzu-istaklarni ro‘yobga chiqaradi. Shu bois hech ikkilanmasdan ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni Yangi O’zbekistonning yangi Konstitutsiyasini yaratish yo‘lidagi hayotbaxsh qadamlar deyishga haqlimiz.

O’ylaymizki, saflarida bir million ikki yuz mingdan ko‘proq a’zolarni birlashtirib, “Birgalikda biz kuchmiz!” shiori osida mardona faoliyat olib borayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham barchani ushbu muhim hujjatni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etish bilan birga, O‘zLiDeP faollari va parlamentdagi fraksiyamiz a’zolari hamda mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz hamjihat bo‘lib, aholining barcha qatlamlariga Konstitutsiyadagi o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini yetkazish borasida faol ish olib boradi.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis

 Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    338
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+