Milliy iqtisodiyot barqarorligi yo‘lida ishchi guruhlar qanday ishlayapti?

09.03.2023, 18:31

Milliy iqtisodiyot barqarorligi yo‘lida ishchi guruhlar qanday ishlayapti?

Xabaringiz bor, bir qator ustuvor maqsadlarni ko‘zlagan holda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlangan. Ushbu dastur ijrosi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi hamda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamkorligidagi ishchi guruhlar faoliyat olib borayotgani ham yurtdoshlarimizga yaxshi ma’lum.

Aytish kerakki, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi o‘tgan yil - “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturining mantiqiy davomi bo‘lib, unga asosan ishchi guruh mamlakatimizda milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish suratlarini ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib borishni maqsad qilgan.

Dasturning 3-ustuvor yo‘nalishi 21, 22 va 23-maqsadlari ijrosi yuzasidan Fraksiya raisi o‘rinbosari, Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Ahmedov rahbarligidagi kichik ishchi guruh  hududlarda jamoatchilik va deputatlik nazorati olib bordi. 

Ishchi guruh 14 marta yirik loyihalarni joyiga chiqqan holda mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari bilan o‘rganib, muzokaralar o‘tkazdi, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Muzokaralar davomida 70 dan ortiq masalalar bevosita o‘z yechimini topgani esa quvonarli.

Jumladan, Chirchiq shahrida “Chirchiq kimyo-industrial texnoparki” tashkil etilib, dasturda belgilangan 2 ta rezident loyihasi o‘rniga 12 ta rezident loyihasi texnopark ma’muriy kengashidan o‘tkazildi. Unga asosan 35,5 mln AQSh dollari hajmida loyiha amalga oshirilib, 868 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilandi. O’tgan yili esa 3 ta rezident loyihasi to‘liq amalga oshirilib, jami 6,5 mlrd so‘mlik yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarildi. Natijada 97 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Qayd etish lozimki, yangi texnologiyalarni boshqarish uchun tanlov asosida qabul qilingan ishchi va mutaxassislar ilg‘or xorijiy kompaniyalarda qayta malaka oshirgan bo‘lib (jumladan, Tatariston Respublikasida), bugungi kunda ularga o‘rtacha 5 mln so‘m oylik ish xaqi tayinlangan. 7 ta rezident loyihasi  joriy yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan texnopark rezidenti – “Rhodium Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasini Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish masalasi yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga taklif tayyorlanmoqda.

“Rhodium Polimer” MChJ QK Markaziy Osiyoda ko‘piklantirilgan polipropilen ishlab chiqaruvchi yagona korxona hisoblanadi. Bugungi kunga qadar ushbu mahsulot respublikamizga faqat import qilingan.

O’rni kelganda, ishchi guruh tomonidan amalga oshirilayotgan quyidagi ishlarni ham sanab o‘tish joiz:

 – davlat qarzini boshqarishda 2022 yili yangi jalb qilingan tashqi qarz miqdori 4,5 mlrd AQSh dollaridan oshib ketmasligi ta’minlandi (21-maqsad, 72-band). 

– ayrim tizimli muammolar yuzasidan ishchi guruh rahbariga amaldagi qonunosti hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha takliflar berildi.

Dasturning 21-maqsadi 71-bandiga asosan hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizini “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida amalga oshirish  belgilangan. Mazkur band bo‘yicha o‘tgan yili Moliya vazirligida, shuningdek, Buxoro viloyatining Romitan va Buxoro tumanlarida “Zoom” platformasi orqali tegishli vazirlik va idoralar, deputatlar, hokim yordamchilari ishtirokida ishchi guruhining onlayn vebinarlari o‘tkazilgan. 

Shu o‘rinda bir masalaga e’tibor qaratish zarur. Ma’lumki, 2022 yil
2 fevralda Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan. Unga asosan “Ochiq budjet” axborot portalida “Mening yo‘lim” loyihasi joriy etilgan. Loyihaga kelib tushgan takliflar ovozlar soniga asoslangan holda, yuqoridan pastga qarab saralab olinadi va g‘olib aniqlanadi. O’rganishlar ko‘rsatdiki, bunday tanlovda aholisi zich joylashgan markazlar ko‘proq yutib, aholisi kam olis qishloq va mahallalardagilar tizimdan keng foydalana olmayapti.

Ishchi guruh tomonidan yuqoridagi muammoni tizimli hal etish uchun quyidagicha taklif berilgan:

– “Mening yo‘lim” loyihasida g‘olibni aniqlash mezonida, istisno tariqasida, tuman markazidan uzoqda joylashgan chekka qishloq va mahallalarga ustuvor ahamiyat berish;

– kelib tushgan takliflar ovozlar sonidan kelib chiqib yuqoridan pastga hamda eng chekka qishloq va mahallalardan tuman markaziga qarab saralab olish bo‘yicha tegishli qonunosti hujjatlariga qo‘shimcha kiritish.

Xulosa qilish mumkinki, yuzaga kelgan muammolarni mas’ul vazirlik va idoralar bilan o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikda hal etib borish, davlat dasturi ijrosi bajarilishini ta’minlash 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Prezidentimizning Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga asosan aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini jahon standartlariga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

G’ayrat TURG’UNOV,

ishchi guruh a’zosi,

O‘zLiDeP sektor mudiri

  • Ko'rildi
    345
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+