Xalq orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qiluvchi hujjat

13.03.2023, 14:48

Xalq orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qiluvchi hujjat

Hozir mamlakatimizda tegishli qonun, qaror va yurtdoshlarimiz turmush tarziga daxdor har qanday masalaning avval loyihalari tayyorlanib, so‘ng xalq muhokamasiga qo‘yilmoqda. Bu so‘nggi yillardagi eng katta islohotlarimizdan biri bo‘lib, turli yo‘nalishdagi qarorlarning keng jamoatchilik fikri asosida qabul qilinayotgani yurtimizda inson omili birlamchi o‘rinda ekanining yaqqol ifodasidir.

Shu yilning 28 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon ham qizg‘in muhokamalar bosqichidan o‘tdi.

Yurtimiz fuqarolari Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol qatnashib, o‘z takliflarini bildirdi. Ana shu takliflar asosida qabul qilingan Davlat dasturida xalqimizni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan masalalar, ayniqsa, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashdek ustuvor vazifalar o‘rin olgan.

Dastur barcha yo‘nalishlarni birdek qamrab olgani va har biri, avvalo, yurtdoshlarimiz turmush farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Birgina, aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasini olaylik. Odamlarni eng ko‘p tashvishga soladigan mazkur masala keyingi yillarda davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Har bir fuqaro o‘zining kichik “Vatani”ga ega bo‘lsin, ko‘ngil hotirjamligida mehnat qilib, oilasi farovonligi ortsin, degan maqsadlarda qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Uy olaman, degan kishilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ipoteka kreditlari, subsidiyalar ajratilyapti.

Hozir qaysi hududga bormang, uy-joy qurilishiga ko‘zingiz tushadi. Raqamlarda keltiradigan bo‘lsak, oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joy qurildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada faol davom etyapti. Bularning bari talabning yuqori ekani bilan bog‘liq. Axir, yurtimizda aholi soni 36 milliondan oshdi, har yili safimizga 900 ming yangi avlod qo‘shilmoqda.

Shu bois, Davlat dasturida joriy yil “Yangi O’zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 1,6 baravarga oshirilib, 90 mingga yetkazilishi belgilandi. Bu bir umr o‘z turar makoni bo‘lishini orzu qilib yashayotgan yurtdoshlarimizning ayni dilidagi ish bo‘ladi. Gap shundaki, uy-joylar qurilishi bilan birga, ularni qulay imkoniyatlarda, yordam asosida xarid qilish sharoitlari ham oshirilmoqda. Ayniqsa, 32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat budjetidan katta mablag‘lar yo‘naltirilishi ham ming-minglab odamlarni behad mamnun etishi turgan gap.

Bu borada yangi loyihalarga ham qo‘l urilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, amalga oshirilishi belgilangan. Bu dastur aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun joriy etiladi. Albatta, bunday miqyosidagi ishlar ko‘lamini xayolga sig‘dirish qiyin. Axir bir tasavvur qiling, bu sohaga besh-olti yil ilgari bu darajada katta mablag‘ ajratilmasdi. Endi esa, ana shunday ishlarni ham amalga oshirsa bo‘larkan-ku, deymiz.

Dehqon yer egasiga aylanadi

Mamlakatimiz oldida turgan eng katta vazifalardan yana biri aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishdan iborat. Tayinli ish joyi, daromad manbai bo‘lmagan odam hotirjam bo‘lolmaydi. Bir kishining ishsizlik muammosi butun oilaning kayfiyati, farovonlik muhitiga ta’sir qiladi. Mehnatga layoqatli insonning bo‘sh qolib, alamzadalikda turli muammolarga aralashib qolishi esa jamiyat hayotiga ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Kambag‘allikning ildizi ham ishsizlikka borib taqaladi.

Shu bois, yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, barcha sohalarda ko‘plab ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Avvalo, bu harakatlar mahalladan boshlanayotgani esa dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan “Mahallabay ishlash” tizimining samarali mexanizmga aylanib ulgurganidan dalolat beradi.

Ishsiz fuqaro avvallari, kimga murojaat qilishini bilmasdan, tashkilotlar o‘rtasida sarson bo‘lardi. Hozir esa mahalla idorasiga chiqishining o‘zi kifoya. Tegishli yo‘nalishi bo‘yicha unga hokim yordamchilari biriktiriladi, tavsiyalar bilan cheklanilmay, o‘sha fuqaro ishli yoki daromad manbaiga ega bo‘lguniga qadar yordamlar ko‘rsatiladi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi yerlari yoki tomorqa maydonlaridan foydalanishga aholi bandligini ta’minlashning eng samarali usullaridan biri sifatida qaralmoqda. Bu yo‘nalish qo‘shimcha daromad topishning ham qulay yo‘li. Faoliyatimning asosiy yo‘nalishi agrar tarmoq bo‘lgani bois, shu sohadagi ishlarga alohida to‘xtalmoqchiman.

O’zbekistonda qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotimizning to‘rtdan bir qismini tashkil qiladigan muhim soha. Yalpi ichki mahsulotning salkam 30 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Tarmoqda mehnatga layoqatli aholining uchdan bir qismi faoliyat ko‘rsatadi. Sohada mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish hisobiga ushbu raqamlarni yanada oshirish mumkin.

Tarmoqda yaqin yillarda boshlangan katta islohotlar bunga imkoniyatlarni ochyapti. Xususan, yilda bir necha marotaba hosil olish, sifatli va hosildor oziq-ovqat yetishtirish, bozorlardagi to‘kin-sochinlik, eksport hajmlarining ortishi va agrotadbirkorlarning ko‘payib borayotgani sohadagi yangilanishlar mahsuli. Qolaversa, zamonaviy texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari olib kirilib, mahsulotni yetishtirishdan to eksportgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oluvchi klaster tizimining yaratilgani, aholiga uzoq muddatli ijara shartlari asosida yer maydonlarining bo‘lib berilishi, g‘alla va paxta sotuvida erkin bozor mexanizmlarining joriy etilgani o‘z samarasini bermoqda.

Davlat dasturida 2026 yilga qadar qishloq xo‘jaligining yillik o‘sish sur’atlarini kamida 5 foizga yetkazish, shuningdek, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, intensiv bog‘lar maydonini 1,5 baravar va issiqxonalarni 1,2 baravar ko‘paytirish ham maqsad qilingan. Bu, o‘z navbatida, eksport hajmini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Jarayonda aholiga yanada ko‘proq imkoniyatlar berish ko‘zda tutilmoqda. 2023 yilda suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan 100 ming gektargacha qo‘shimcha ekin maydonlarini dehqonchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan, xususan, ishsiz va kam ta’minlangan aholiga ajratish hisobidan qariyb 350 mingta yangi dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish belgilandi. Shuningdek, 750 mingta yangi dehqon xo‘jaliklarini tadbirkorga, yer egasiga aylantirish, buning hisobiga qishloqlarda ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambag‘allik masalasini hal etish ishlarini davom ettirish nazarda tutilganki, bu ming-minglab fuqarolarning farovon yashashiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ammo qishloq xo‘jaligi sohasi oson ish emas. Ayniqsa, hozirgi davrda uni ilm-fan, zamonaviy texnologiyalarsiz rivojlantirish imkonsiz. Birgina, suv masalasini olaylik. Suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, allaqachon, global muammoga aylanib, bugun barcha xalqlarni birdek o‘ylantirayotgani bejiz emas. Chunki mazkur muammo ko‘lami yil sayin kengayib, dunyo aholisiga oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishlari, havoning ifloslanishi, bioxilma-xillikning buzilishi singari ko‘plab oqibatlari bilan xavf solmoqda. Yer yuzida suv hajmining kamayib borayotgani ko‘proq qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar yetkazyapti.

Masalan, suv bo‘lmagan yoki yetib bormaydigan hududlarda dehqonchilik qilib, ekin-tekin yetishtirish mumkinmi? Yo‘q, albatta. Afsuski, bunday muammolar yurtimizni ham chetlab o‘tmayapti. Davlatimiz rahbari Oliy majlis va O’zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, “Mamlakatimiz so‘nggi uch yilda qurg‘oqchilikni boshdan kechirdi. Buning ta’siri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi. Shu bois, Konstitutsiyamizda tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilish bo‘yicha talablarni kuchaytirishimiz zarur”.

Suv taqchilligi tuproq sifatining buzilishiga olib keladi. Ustiga-ustak, 5,5 million gektardan ortiq maydonda Orolqum sahrosining paydo bo‘lgani, har yili 100 million tonna qum va tuz havoga ko‘tarilayotgani mintaqada tuproq tarkibining buzilishiga, unumdor yerlarning qisqarishiga sabab bo‘lyapti. Aksariyat hududlarimizda tuproq tarkibi buzilib, unumdor yerlar qisqarib borayotgani, cho‘llanish, suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash shular jumlasidan. Bunday sharoitda suv manbalarini muhofaza qilish, saqlab qolish va kelajak avlodga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga to‘g‘ri keladi.

Avvalo, sohada zamonaviy, tejamkor texnologiyalardan foydalanish ko‘rsatkichlarini oshirish belgilangan. Masalan, qishloq xo‘jaligi sohasi, xususan, paxtachilikda klaster tizimi joriy etilgach, suv resurslarini iqtisod qilish, sug‘orishning tejamkor usullarini kengaytirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Natijida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan yerlar ham o‘zlashtirilmoqda. Joriy yilda paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 300 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Buning hisobiga 2 milliard metr kub suv iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Qolaversa, suv taqchilligi muammosi ta’sirini kamaytirish, qurg‘oqchilik va obihayot taqchilligini yumshatish maqsadida mamlakatimizda suv hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimi joriy etilmoqda. Kelgusi uch yilda 13 mingga yaqin suv xo‘jaligi ob’ektini raqamlashtirish, 16 ta yirik nasos stansiyasini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilib, muqobil energiyaga o‘tkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish nazarda tutilgani ham e’tiborga molikdir.

Umuman, davlat dasturining har bir bandi mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish, davlat va jamiyatni uyg‘un va jadal rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish, mam_lakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishdek ulug‘vor maqsadlarni o‘zida mujassam etadi. Endi ularning ijrosiga o‘z hissamizni qo‘shish, hech bo‘lmaganda, berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish orqali oilamiz farovonligini ta’minlashimiz ayni muddao bo‘ladi.

 Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    192
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+