Arabxonaliklarning uzog‘i yaqin bo‘ldi

14.03.2023, 15:58

Arabxonaliklarning uzog‘i yaqin bo‘ldi

Qarshi shahridagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 7210 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. 1215 ta xonadonning aksariyatida parranda va chorva mollari boqiladi. Ayniqsa, jo‘ja ochirishda arabxonaliklarga teng keladigani  viloyatda topilmaydi. Yuzdan ortiq jo‘ja ochirish inkubatorlari ishlab turibdi. Viloyatdagi tadbirkorlar va oilalarga har yili 5 million donadan ko‘proq zotdor jo‘jalar yetkazib beriladi. Mahalla o‘rtasidagi ko‘prikning yaroqsiz bo‘lib qolganligi  mahalla aholisi, ayniqsa, tadbirkorlarni qiynab qo‘ygan edi. Ular Qarshi shahriga o‘z mahsulotini yetkazib berish uchun anchagina masofa yo‘l bosar, qimmatli vaqti va mablag‘ini behuda sarflar edi.

7-Furqat saylov okrugidan Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi deputati Arziqul Sherov Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora - tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur ko‘prikni qayta qurish borasidagi ishlarni o‘z nazoratiga olgan edi. Ayni paytda ko‘prik qurilishi yakunlanib, mahalla aholisining uzog‘ini yaqin qilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlarning quvonchlari cheksiz. Ular endilikda o‘z mahsulotlarini nafaqat voha markazi, balki qo‘shni tumanlarga ham tezkorlik bilan yetkazib bera boshlashdi. Xayrli ishni poyoniga yetkazilishida bosh-qosh bo‘lgan deputatga arabxona ahli o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

  • Ko'rildi
    258
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+