Yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish – davlat va jamiyat majburiyati!

19.03.2023, 14:57

Yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish – davlat va jamiyat majburiyati!

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda “Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam!” shiori ostida yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ijtimoiy davlatga xos yondashuv ta’lim sohasi bo‘yicha ham ko‘pgina modda va normalarda o‘z ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda.

Konstitutsiyada fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish imkoniyati belgilab qo‘yilyapti. Aytish mumkinki, 2017 yilgacha oliygohlarda o‘qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi. Magistratura uchun esa 5 baravarga ko‘paydi.

Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda.

Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq o‘qituvchilarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyamizda oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi kafolatlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi oliy o‘quv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga davlat ishtirokini cheklashga, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga zamin yaratadi.

Uchrashuvda so‘z olgan partiya vakillari joriy yil 30 aprel kuni respublikamizda bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida barcha talabalarni o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda faol ishtirok etishga chaqirdi.

     Nasiba Mo‘minova,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    368
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+