Xalqimizni rozi qilish ishlarida mahalla tizimining o‘rni beqiyosdir

22.03.2023, 13:22

Xalqimizni rozi qilish ishlarida mahalla tizimining o‘rni beqiyosdir

Mahalla ajdodlarimizning yuksak tafakkurini, urf-odatlar va an’analarini o‘zida mujassam etgan, butun jahon ahli havas qiladigan ezgu qadriyatlarimiz ko‘zgusi. Bugungi kunda yurtimizdagi islohotlar jarayonida milliy qadriyatlarimizni munosib davom ettirishda mahalla tizimining o‘rni beqiyos.

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan ushbu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun davlatimiz rahbarining Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida ham mahalla tizimida olib borilyotgan ulkan ijobiy ishlarga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara bermoqda. Buning natijasida mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilmoqda, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib boryapti.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida mahalla faollari ko‘magida yuz minglab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlangani, 9 ming 400 dan ortiq mahallaning qariyb 3 mingtasi yoki 31 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani shundan dalolat beradi.

Bundan tashqari mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Buni birgina 2022 yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda boshqa dasturlar doirasida budjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 4 mingta mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilgani, yuzlab maktab, bog‘cha, tibbiyot maskanlari barpo etilgani va yangilangani, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik ta’minoti, yo‘l va transport tizimlari faoliyati yaxshilanganida ko‘rish mumkin.

2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ushbu maqsadlar uchun yana 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Bu yil tariximizda birinchi marta tajriba tariqasida har bir hududdagi bitta tumanda “mahalla budjeti” tizimi o‘rnatilib, mol-mul va yer solig‘ining bir qismini mahalallarning o‘zida qoldirish ko‘zda tutilmoqda. Bu albatta, mahallarimiz hududidagi mavjud muammolarni bevosita mustaqil hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida - mahallada yashovchi har bir insonni rozi qilish siyosati yotibdi. Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish ishlarida mahalla tizimining o‘rni kattadir.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    133
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+