O‘zLiDeP – XKP: partiyalararo hamkorlik izchil rivojlanmoqda

20.03.2023, 13:30

O‘zLiDeP – XKP: partiyalararo hamkorlik izchil rivojlanmoqda

O’zbekiston va Xitoy o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonladi. O’tgan davr mobaynida ikki tomonlama hamkorlik barqaror rivojlandi. “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamohangligi asosida o‘zaro aloqalar yuqori bosqichga ko‘tarildi. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, terrorizmga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev bilan Si Szinpin o‘rtasida o‘rnatilgan ishonchli munosabatlarni alohida ta’kidlash joiz. Bu munosabatlar ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratadi.

O‘zLiDeP XKP bilan hamkorlikni partiyalararo aloqalarning muhim elementi deb biladi. Bu hamkorlik O’zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni aniq mazmun bilan boyitadi. Biz O’zbekistonda aynan XKP zamonaviy Xitoy Xalq Respublikasining asosi va uni modernizatsiya qilishning muhim omili ekanini ko‘rib turibmiz. Shu bois partiyamiz uchun Xitoyning iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurash, aholi bandligini ta’minlash va, albatta, qashshoqlikka qarshi kurash borasidagi tajribasi katta qiziqish uyg‘otadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zLiDePning Xitoy bilan partiyalararo aloqalari XKPning jahon siyosiy partiyalari bilan muloqotidagi oliy darajadagi uchrashuvlari doirasida yildan-yilga kengayib bormoqda. Ularning navbatdagisi 2023 yil 15 martda Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi janob Si Szinpin ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda jahon siyosiy partiyalari o‘z taraqqiyotini mamlakatlarni modernizatsiya qilish va demokratlashtirish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlar bilan chambarchas bog‘lashdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Siyosiy partiyalar modernizatsiya jarayonlarida muhim, yetakchi va harakatlantiruvchi kuch, degan fikrga qo‘shilmay bo‘lmaydi.

Si Szinpin o‘z nutqida ta’kidlaganidek, zamonaviy dunyoda ko‘plab muammolar va inqirozlar o‘zaro to‘qnashib ketdi, insoniyatni modernizatsiya qilish jarayoni yana tarixiy chorrahaga yetib keldi. Bu tezis davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformatsiya davrida yashayotgani – xalqaro keskinlik tobora kuchayib borayotgani va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon bo‘layotgani haqidagi pozitsiyasiga to‘la mos keladi.

O’z navbatida, Si Szinpinning siyosiy partiyalar xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi, xalqqa yo‘naltirilgan modernizatsiyani ta’minlashi, o‘z milliy shart-sharoitlari va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishi kerakligi haqidagi fikrlari o‘rganish uchun katta qiziqish uyg‘otadi. XKP Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Global sivilizatsiya” xalqaro tashabbusini alohida ta’kidlash joiz.

Bu yerda ham O‘zLiDeP dasturi bilan ko‘p o‘xshashliklarni ko‘rish mumkin. Shavkat Mirziyoyev partiyamizning 2021 yilda bo‘lib o‘tgan qurultoyida davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va adolatga asoslangan, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish tizimi shakllanganini ta’kidladi. Inson, jamiyat va davlat manfaati O‘zLiDePning barcha harakatlari negiziga qo‘yildi. “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya, izchillik bilan qaror topib bormoqda.

Xulosa o‘rnida, O‘zLiDeP Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini alohida ta’kidlashni istardik. Partiyamiz dasturidagi qoidalarga o‘xshash pozitsiyaga ega bo‘lgan barcha siyosiy partiyalar bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyormiz. Ishonchimiz komilki, O’zbekiston va Xitoy xalqlarining farovonligi, mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi umumiy vazifamizdir.

Azamat Seitov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

 qo‘mitasi Xalqaro aloqalar va protokol sektori mudiri

  • Ko'rildi
    102
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+