Befarq, bee’tibor bo‘lmaylik

24.03.2023, 12:00

Befarq, bee’tibor bo‘lmaylik

Sir emas, so‘nggi yillarda xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirgan edi.

Shu maqsadda konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarning samarali va puxta amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yurtimizda davom etayotgan siyosiy jarayonda har bir fuqaroning o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirishi uchun barcha qulayliklar yaratib berildi. Natijada, mana, xalqning orzu-istaklari to‘la aks etgan yangi Konstitutsiya yuzaga keldi.

Unutmaylik, u bir yil yo, boringki ana, o‘n-yigirma yil xizmat qiladigan moddalar, normalar to‘plami emas. Mubolag‘asiz  aytish mumkinki, ertangi kunimizning qanday bo‘lishi, bizdan keyingi avlodning taqdiri ham ushbu hujjat bilan chambarchas bog‘liq.

Keling, shu o‘rinda “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining 28-moddasigi kiritilayotgan qo‘shimchaga e’tiboringizni qarataylik. Unga ko‘ra, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

Xo‘sh, avval qanday edi?! Yaqin qarindoshidagi sudlanganlik “tamg‘a”si sabab huquqlari cheklanganlar yo‘qmidi? Bor edi-da. Atrofimizdagi taqdir egalari hayotidan  ko‘plab misollar keltirish bunga.  Ushbu qonun loyihasi o‘sha insonlarga juda katta imkoniyat beradi, buzilgan huquqlarini tiklashga asos bo‘ladi. 

Baxtli yashashni kim istamaydi deysiz?! Umumxalq ovoziga qo‘yilayotgan Bosh qomusimiz loyihasi esa baxtimiz kafolati bo‘lishiga shubha yo‘q. Shu sabab ham “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol bo‘lishimiz lozim, aslo befarq, bee’tibor, loqayd emas.

Zafar KARIMOV,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat kengashi kotibiyati mudiri

  • Ko'rildi
    514
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+