Konstitutsiyaviy islohotlar partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladi

24.03.2023, 12:08

Konstitutsiyaviy islohotlar partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladi

“O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazishga ham sanoqli kunlar qoldi. Mazkur qonun loyihasi 15 martda matbuotda rasman e’lon qilinganidan buyon yurtdoshlarimiz tomonidan moddama-modda sinchiklab o‘rganilayotgani quvonarli, albatta.

Muayyan qonun-qoidalarsiz jamiyat bo‘lmaganidek, Konstitutsiyasiz davlatni tasavvur qilish mushkul. Chunki u har bir mamlakatning Asosiy qonuni sanaladi. Ijtimoiy-siyosiy hayotning turli tarmoq va sohalaridagi munosabatlarni tartibga soladigan boshqa qonunlar Konstitutsiyaning ayni yo‘nalishdagi asosiy tamoyillari bo‘yicha ishlab chiqiladi. Bosh qomus deya ta’riflanadigan hujjatning har bir moddasi alohida qonunlarga aylanib, muhim huquqiy asos tarzida taraqqiyot yo‘liga mustahkam zamin hozirlaydi.

Qonunlarga tayangan mamlakat shubhasiz ravnaq topadi. Qonunlarga itoat qilgan xalq shubhasiz farovonlikka erishadi. Buning uchun Konstitutsiya me’yorlari ham zamon talablariga, globallashuv chaqiriqlariga javob berishi zarur. Inson qadri va sha’nining himoyasi kafolatlangan bo‘lishi darkor. Mehnat qilish va daromad topish, mulkdor bo‘lish va mulkka egalik huquqi ta’minlanishi lozim.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi konstitutsiyaviy islohot tashabbusini bir ovozdan yoqlab chiqqanida ana shu jihatlarni inobatga olib harakat qilgan edi. Chunki qabul qilinganiga 30 yildan oshgan amaldagi hujjat me’yorlari davr shiddatini to‘liq aks ettirolmay qolayotgandi. Hatto O‘zLiDeP elektoratining manfaatlarini ishonchli muhofazalash ham yangi Asosiy qonunga ehtiyojni kuchaytirayotgandi.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan qariyb bir yarim yil oralig‘ida xalqimizning xoxish-istaklari, taklif va mulohazalari inobatga olingan holda tayyorlangan, qizg‘in muhokamalardan so‘ng Oliy Majlisning har ikkala palatasida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya amaldagisidan 65 foizga o‘zgargani ham, moddalar va normalar sezilarli ravishda oshgani ham bejiz emas. Ularning har biri “Inson qadri uchun” degan g‘oyaga mosligi nuqtai nazaridan qayta-qayta huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgani diqqatga sazovordir. Bu jarayonda yurtimizning yetuk mutaxassislari barobarida chet ellik ekspertlar ham faol ishtirok etishdi. Har bir so‘zni qo‘llash yuzasidan bahslar tashkil etildi. Pirovardida loyihaning chin ma’noda xalq Konstitutsiyasi maqomiga ko‘tarilishiga erishildi.

Yuqoridagi fikrlar tasdig‘ini moddama-modda tahlil davomida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Misol uchun, 65-moddada fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchining huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi o‘z aksini topmoqda. Bundan tashqari, shu moddaning keyingi qismida O’zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

To‘g‘ri, xususiy mulk daxlsizligi bilan bog‘liq norma amaldagi Konstitutsiyada ham mavjud edi. Biroq unda mulkdorni o‘z mol-mulkidan mahrum etishda sudning qaroriga asoslanishga jiddiy urg‘u berilmagani sabab turlicha talqinlar yuzga kelayotgandi. Partiya elektoratining iborasi bilan aytganda, ushbu me’yorni qo‘llashda mahalliy hokimiyat qarorlariga ustuvorlik berib kelinayotgani sir emasdi. Yangi Konstitutsiya hayotga joriy etila boshlagach, bunday holatlarga albatta to‘liq barham beriladi.  

Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va tasarruf etishini ifodalovchi keyingi modda ham yangi norma bilan to‘ldirilgani e’tiborga molik. Endilikda “Mol-mulkdan foydalanish atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak”ligiga oid norma Asosiy qonunga kiritilmoqda.

Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Hammamizga ma’lumki, ayrim mulkdorlar tomonidan atrof-muhitga zarar yetkazish (daraxtlarni kesish, havoni ifloslantirish va h.) “kun mavzusi”ga aylangan bo‘lib, ko‘p hollarda aholining noroziligiga sabab bo‘layotir. Ya’ni, mulkdor bo‘lish huquqi o‘zganing toza tabiatga bo‘lgan huquqini cheklamasligi darkor.

Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi, deya boshlanuvchi 67-modda ham to‘liq partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladi. Zero, uning keyingi qismida “Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli”ligi prinsipi o‘z ifodasini topgan. O’zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi qayd etilgan.

Loyihaning 68-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasida ekanligi ta’kidlangan. Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin.

Jiddiy ahamiyat beradigan bo‘lsak, yerni xususiylashtirishga ruxsat etilishi bilan bog‘liq norma Konstitutsiyaga kiritilayotgani juda katta yangilik aslida. Uzoq yillar mobaynida O’zbekistonda yerga nisbatan xususiy mulkning to‘laqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamining yetarlicha shakllanmasligiga, yerning tovar sifatida bozor muomalasiga kiritilmasligiga hamda xorijiy investorlarning milliy iqtisodiyotga nisbatan ishonchi pasayishiga olib keldi. Modomiki, ushbu norma yangi Konstitutsiyadagi inqilobiy o‘zgarishlardan biri sifatida mulkchilik munosabatlari rivojida oydin yo‘lga olib chiqadi.

Yerning xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi O‘zLiDeP elektoratining salmoqli qismini tashkil etuvchi fermerlarga ham taraqqiyot eshiklarini ochib berishi shubhasiz. Zotan, xususiylashtirilgan yer uchastkasi mulkdori yerni sotish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish, meros qilib qoldirish kabi huquqlarni qo‘lga kiritadi.

Xususiy mulk bo‘lgan yerni davlat faqat mulkdorning roziligi bilan, shartnoma asosida bozor narxida jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishi mumkin. Ya’ni, yer “snos”ga tushib ketmaydi, davlat yerni kelishilgan narxda sotib olgan taqdirdagina u qaytarilishi mumkin.

Erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning iqtisodiy jarayonlarni boshqarishga doir konstitutsiyaviy vazifa va funksiyalarini aniq belgilash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga qaramasdan, tadbirkorlik faoliyatiga aralashish yoki to‘sqinlik qilish kabi holatlarga hanuzgacha guvoh bo‘lmoqdamiz. Hattoki ushbu harakatlar uchun javobgarlik kiritilganligi ham ularning oldini olishga lozim darajada imkoniyat bermayapti.

Yana bir jihat e’tiborni tortmay qo‘ymaydi. U ham bo‘lsa, tadbirkor uchun o‘z faoliyatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlash qanchalik ahamiyatli, degan savolning aniq va qisqa javobidir.

Birinchidan, bu tadbirkorlar uchun iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritish imkoniyatini taqdim etadi. Bunda muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishga qonun hujjatlari bilan taqiq qo‘yilmaganligi talab etiladi, xolos.

Ikkinchidan, bu tadbirkorlarga o‘z biznes strategiyalarini boshqa shaxslarni, davlat organi va uni mansabdor shaxslarining o‘zboshimchalik bilan aralashuvisiz ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatini beradi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda monopolistik faoliyatni bozor qonuniyatlariga amal qilgan holda tartibga solish nazarda tutilmoqda. Chunki iqtisodiyotdagi har qanday monopollashuvdan barcha birdek aziyat chekadi: mijoz ham, tadbirkor ham, davlat ham. Shu bois, davlatning monopolistik faoliyatga qarshi kurashishdek muhim vazifani o‘z zimmasiga olishi biznes hamjamiyatining ham, fuqarolarning ham manfaatiga mos keladi.

Konstitutsiyaga ushbu normaning kiritilishi tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish orqali tadbirkorlar o‘rtasida halol raqobatni rivojlantirishga hamda ishlab chiqarishga yangiliklarni tezkor joriy etish orqali samaradorligini ortishiga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, kiritilayotgan mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar “qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlaydi. Shu bilan birga qonunda nazarda tutilgan holatlarda yerni xususiy mulk qilib berish mexanizmlari amaliyotga joriy etiladi. Buni xalqimiz anchadan buyon kutayotgan edi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

 O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    373
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+