Yangi Qomus barqaror iqtisodiy rivojlanishni kafolatlaydi!

25.03.2023, 14:26

Yangi Qomus barqaror iqtisodiy rivojlanishni kafolatlaydi!

Bugun xalqimiz jonajon O’zbekistonimiz tarixida muhim o‘rin tutuvchi yirik siyosiy jarayon oldida turibdi. Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini turli soha vakillari hamda keng aholi qatlamlari orasida targ‘ib qilish ishlari qizg‘in tus oldi.

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi tomonidan “Yangi Qomus barqaror iqtisodiy rivojlanishni kafolatlaydi!” mavzusida uchrashuv tashkil qilindi. Tashviqot tadbirida Oliy majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari hamda Markaziy bank Toshkent viloyati bosh boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodirjon Abduvaliyev yangilanayotgan Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, ya’ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgani xususida fikr yuritdi. Uning asosiy mohiyati haqida to‘xtalarkan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi. 

Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak esa yig‘ilganlarga yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, unga kiritilgan o‘zgartirishlar, Konstitutsiyaning xalqimizga tinch, obod va farovon hayot barpo etishi, mamlakatimiz obro‘-e’tiborini jahon hamjamiyatida mustahkamlash hamda jamiyatdagi totuvlik va bag‘rikenglik uchun qonuniy asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev yangi Qomus barqaror iqtisodiy rivojlanishni kafolatlashi haqida so‘zlarkan, elektoratimiz bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, klaster va fermerlar loyihaning muhokamasiga befarq bo‘lmasdan, ko‘plab takliflar berishgani, bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashgani natijasida partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar qonun loyihasida aks etganini tahsinga sazovor ekanini qayd etdi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada  tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlarining belgilangani g‘oyat o‘rinli bo‘layotgani masalasiga ham e’tibor qaratdi. Amaldagi Asosiy Qomusimizda bank omonatlari kafolatlangan bo‘lsa, endilikda bank amaliyotlari va hisobvaraqlarning sir tutilishi ham Konstitutsiyada belgilanishi xalqaro normalar, xususan, Jahon savdo tashkiloti standartlariga ham mos kelishini e’tirof etdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishini ta’kidlab o‘tishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    206
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+