Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli ekanliklari kafolatlanmoqda

27.03.2023, 12:04

Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli ekanliklari kafolatlanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Xo‘jayevaning O‘zbekiston tumanidagi saylovchilar bilan uchrashuvlari qizg‘in o‘tmoqda. Deputat muloqotlar chog‘ida Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishga alohida e’tibor beryapti. Xususan, M. Xo‘jayeva tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari, shifokorlar, tuman tashkilotlari vakillari ishtirok etgan uchrashuvda Konstitutsiyaga kiritilayotgan bir qator yangi normalarga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, Konstitutsiyada har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlanmoqda.

Bu o‘z navbatida, fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishini ta’minlash, pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilash va mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ustuvor qadriyatga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli ekanliklari kafolatlanmoqda. Konstitutsiyamizga mazkur qoidaning kiritilishi erkin bozor iqtisodiyotining eng muhim talabini o‘zida ifoda etib, “qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” degan tamoyilga asoslanadi.

Bundan tashqari, monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi mustahkamlanmoqda. Konstitutsiyaga ushbu normaning kiritilishi tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish orqali tadbirkorlar o‘rtasida halol raqobatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Xo‘jayeva ta’kidlaganidek, Yangilanayotgan Konstitutsiyaga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarida hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilib, kengashlarga hokimdan mustaqil bo‘lgan alohida Kengash raisi rahbarlik qilishi belgilanmoqda. Sodda qilib aytganda, endilikda viloyat va tuman (shahar)da xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan uchrashuvda ishtirokchilar Yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha bergan barcha savollariga atroflicha javoblar olishdi.

  • Ko'rildi
    244
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+