Oliy ta’lim muassasalarida davlat granti kengaytiriladi

27.03.2023, 15:57

Oliy ta’lim muassasalarida davlat granti kengaytiriladi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan referendum tashviqoti yuzasidan  “Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam” shiori ostida talaba yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Muxtor Ibragimov, Nukus shahar adliya bo‘limi, universitetning professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Muxtor Ibragimov Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va ko‘shimchalar bo‘yicha  ma’lumot berdi. Ta’kidlaganidek, hujjatda davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratishi, ularning ishga joylashishi, ta’lim, zarur axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlashi mustahkamlandi. Ijtimoiy davlatga xos yondashuv ko‘plab moddada o‘z ifodasini topmoqda.

Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki barobarga oshmoqda. Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish imkoniyati belgilab qo‘yildi. Ma’lumot tariqasida aytish mumkinki, 2017 yilgacha oliygohlarda o‘qish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan bo‘lsa, oxirgi olti yilda ahvol butunlay o‘zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40  mingtaga yetdi. Magistratura  uchun esa 5 baravarga ko‘paydi.  Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi, davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda. Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq o‘qituvchining professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi, jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘si yanada oshishiga xizmat qiladi.

Faollar ana shulardan kelib chiqib, talaba yoshlarni 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol bo‘lishga chaqirdi.

 OzLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

 kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    312
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+