O’zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda

28.03.2023, 16:04

O’zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda

Ohangaron shahar Tibbiyot birlashmasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya viloyat Kengashi mutasaddilari va soha mutaxassislari ishtirokida yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda so‘z olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Atxam Nazirqulov qayd etganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, ya’ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan.

Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O’zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortmoqda.

Xususan, ijtimoiy davlatga xos yondashuvlarda aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilib, o‘z aksini topgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga ega.

Birgina misol, joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinishi e’tiborga molik.

Ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshirilishining o‘zi ham davlatimizning nechog‘li ijtimoiylashayotganini ko‘rsatib beradi.

Shuningdek, yangilanayotgan Qomusimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qoidalar yanada takomillashtirildi. Jumladan, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratishi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashishi, zarur axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlashi mustahkamlandi.

So‘z olganlar Referendumda munosib ishtirok etib, o‘z fuqarolik burchlarini bajarishlari lozimligini alohida qayd etib o‘tishdi. 

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    198
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+