Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tushuntirildi

29.03.2023, 11:30

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tushuntirildi

Joriy yilning 24-25 mart kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi bir guruh deputatlar Qashqadaryo viloyatida bo‘lishdi.

Qarshi hamda Shaxrisabz shaharlarida mahalliy Kengash deputatlari bilan o‘tkazilgan tadbirlarda Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirlarda deputatlar, faollar, yoshlar vakillari yangilangan Konstitutsiyamizning referendum orqali qabul qilinishini qanchalik ahamiyatli ekanligi, umumxalq muhokamasi har tomonlama mukammal tashkil etilganligi, parlament palatalari yig‘ilishlarida Konstitutsiyaviy qonun ochiq va oshkora muhokamalardan o‘tkazilganligini alohida ta’kidladilar.

G‘uzor tumanidagi “Dashtobod” mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda mahalla vakillari oxirgi yillarda mamlakatimizda aholining farovonligini oshirish, xususan ularning bandligini, munosib hayot kechirishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatayotganini ta’kidladilar. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yurtimizda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinayotgani, aholining qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari kengayayotgani, xalqimiz dasturxoniga sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazish hajmi oshayotganini qayd etib, sohadagi ishlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Qabul qilinishi mo‘ljallanayotgan yangi Konstitutsiyada ham qishloq xo‘jaligi, yerdan unumli foydalanishga qaratilgan qoidalar aks etganini ta’kidladilar.

Deputatlar “Yangihayot” mahallasida “Ochiq budjet” tizimi orqali mahallani obod qilish yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni ham ko‘zdan kechirishdi. Mazkur jarayonda mahalla faollari ushbu tizim orqali mahallani obod qilganliklari, “Ochiq budjet” tizimi aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topishda muhim omil bo‘layotganini aytib o‘tishdi.

Shaxrisabz shahrida mahallalarda fuqarolar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda hunarmandchilik sohasida davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar mintaqada sohaning rivojida, aholining bandligini ta’minlashda, hunarmandlarning o‘zligini keng namoyon qilishlarida muhim omil bo‘layotganini e’tirof etdilar.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muloqotlarda fuqarolar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yurtimiz tarixida ilk bor referendum orqali qabul qilinayotganligini mamnuniyat bilan ma’qulladilar.

  • Ko'rildi
    308
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+