O‘zLiDePning navbatdagi event-tadbiri Xorazmda bo‘lib o‘tdi

30.03.2023, 14:11

O‘zLiDePning navbatdagi event-tadbiri Xorazmda bo‘lib o‘tdi

O‘zLiDeP Xorazm viloyati kengashi tashabbusi bilan Yangiariq  tumanidagi amfiteatrda ochiq osmon ostida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan event-tadbir tashkil qilindi.

“Insonga farovonlik,  jamiyatga  erkinlik,  davlatga  mas’uliyat!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar va partiya viloyat kengashi xodimlari, xalq deputatlari viloyat, tuman kengashlari deputatlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan partiya vakillari  shu kunlarda O’zbekistonda judayam qizg‘in jarayon kechayotgani – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ortga qaytmasligini ta’minlashga qaratilgan, har jihatdan mukammal, yurtimizda yuz berayotgan yangilanishlarga mos konstitutsiyaviy-huquqiy asos vujudga keltirilganini e’tirof etishdi. Asosiy qonunimizdan o‘rin olayotgan normalar mamlakatimizning buguni va ertasi uchun ulkan ahamiyatga ega. Jamiyatimizni liberallashtirish, demokratlashtirish tarafdori bo‘lgan O‘zLiDeP hozirgi jarayonlarda “Biz ochiqlik va oshkoralikni tanlaymiz!”, “Birgalikda ochiq jamiyat sari!” kabi shiorlarni ham ilgari surmoqda.  Siyosiy kuchning g‘oyat faolligi nafaqat konstitutsiyaviy islohotlarning tashabbuskorlaridan biri ekanligi bilan, balki Asosiy qonun takomillashtirilishi asosida turuvchi g‘oyalar partiya dasturiy qarashlariga hamohang ekanligi ta’kidlandi.

Notiqlar qayd etganidek, hujjatda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda.

Ilk marotaba davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi va o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklanmoqda.

Deputatlar tomonidan davlat o‘z zimmasiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy soha ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashish, ta’lim olishiga ko‘maklashish majburiyatini olayotgani ham ijtimoiy davlat tamoyilining yaqqol ifodasi ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda  partiya faollari, tadbirkor va  ishbilarmonlar, faxriylar, yoshlar ham so‘zga chiqib, xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda Yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz berishga chaqirdi. Tadbir konsert dasturiga ulandi, estrada xonandalarning kuy-qo‘shiqlari qatnashchilarga zavq ulashdi.

  • Ko'rildi
    186
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+