Shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas

31.03.2023, 16:00

Shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas

Ayni kunlarda O‘zLiDeP faollari 30 aprelm kuni bo‘lib o‘tadigan “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan hududlarda tashviqot tadbirlarini tashkil etib, Bosh qomusimizga kiritilayotgan xalqchil o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. 

Shunday tadbirlardan biri partiya Xatirchi tuman kengashi tomonidan Jaloyir mahallasida tashkil etildi.

 Uchrashuvda so‘z olganlar Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati, uning inson huquqlarini ximoya qilishga doir  muhim jihatlari xususida ma’lumotlar berdi.

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.

Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.

Ilk marotaba yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sudning qaroriga asosan cheklanishi mumkinligi belgilanmoqda. Ya’ni, hozirgi vaqtda ushbu vakolat prokurorga tegishli bo‘lib, uning sudlarga o‘tkazilishi shaxs daxlsizligi va konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda tub burilish bo‘ladi.

Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanishi inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligini ta’minlashi qayd etib o‘tildi.

Tadbir so‘nggida tashkilotchilar yig‘ilganlarni referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.

 O'zLiDeP Navoiy viloyat kengashi

matbuot xizmati

Teglar
Referendum
  • Ko'rildi
    309
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+