Yangilanayotgan Konstitutsiyani yangiariqlik xotin-qizlar qo‘llab quvvatlashmoqda

31.03.2023, 16:03

Yangilanayotgan Konstitutsiyani yangiariqlik  xotin-qizlar qo‘llab quvvatlashmoqda

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Yangiariq tumanidagi Qarmish mahalla ahli bilan suhbatlashib, xotin-qizlar va erkaklarning huquq va imkoniyatlari tengligi Konstitutsiyada mustahkamlanayotgani xususida so‘zladi. 

Xotin-qizlarning erkaklar bilan barcha sohada tengligini ta’minlash, ularni ulug‘lash va qadrlash, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish mamlakatning ustuvor vazifalaridan biri. Darhaqiqat, bugungi kunda Yangi O’zbekiston islohotlari inson manfaatlarini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. 

O’zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Jumladan, 2030 yilga qadar O’zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi.

Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O’zbekiston Respublikasi Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. O’zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga – qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44, oliy ta’limda 40, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, davlat budjetidan har yili 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi.

Ta’lim olishlari, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish davlatning alohida vazifasiga aylandi. Natijada, birgina 2022 yilda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 49,9 foizini opa-singillar tashkil etdi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan qo‘shimcha esa, ushbu ishlarning mantiqiy davomi bo‘lmoqda. Ya’ni davlat har jabhada erkak va ayollar tengligini ta’minlash kafolatini olmoqda.

Sipiker o‘rinbosari Aktam Xaitov gender tengligi prinsiplarni Konstitutsiyada belgilash davlat tomonidan ayollarga bo‘lgan alohida e’tiborni ko‘rsatish bilan bir qatorda ayolning davlat va ijtimoiy hayotidagi rolini oshirib, ularga o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, mazkur o‘zgartish xalqaro me’yor va standartlarga to‘liq mos keladi hamda O’zbekistonda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishga imkon beradi.

Davlatning Asosiy qonunida ayol va erkaklarning teng huquqli ekani belgilanishi bejiz emas. Mazkur normaning kiritilishi hamda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi to‘laqonli faol ishtiroki ta’minlanishi natijasida 2030 yilga qadar boshqaruv lavozimlarida ishlovchi xotin-qizlar ulushi kamida
30 foizni tashkil etishi ta’minlanadi. Eng avvalo, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, ikkinchidan, parlament, hukumat, vazirlik, hokimiyat ishlarida kengroq jalb etish imkoniyatini yaratadi.

Muloqotlar davomida xotin-qizlar vakillari oxirgi yillarda mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, xususan ayollar bandligi, munosib hayot kechirishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatayotganini qayd etib, bunday ishlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muloqotda yangiariqlik ayollar  mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, konstitutsiyaviy qonun loyihasining yurtimiz tarixida ilk bor referendum orqali qabul qilinayotgani va unda faol ishtirok etishlarini bildirishdi.

  • Ko'rildi
    944
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+