O‘zLiDeP: Yoshlarimiz har tomonlama rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi

05.04.2023, 10:02

O‘zLiDeP: Yoshlarimiz har tomonlama rivojlanishi uchun barcha  imkoniyatlar yaratiladi

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tashviqot tadbirlarining navbatdagisi poytaxtimizdagi INNO-innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida tashkil qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, talaba-yoshlar ishtirokidagi ushbu tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Biz erkinlik uchun ovoz beramiz!” shiori ostidagi ushbu tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov so‘zga chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati va unda yoshlarga oid qator normalar o‘z aksini topayotganligini alohida e’tirof etdi.

Uchrashuvda so‘z olganlar ham bugun barcha sa’y-harakatlar, inson qadrini yuksaltirishga qaratilganini e’tirof etdilar.  Bosh qomusimizga kiritiladigan barcha o‘zgartishlarning negizida ham O’zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganini alohida ta’kidlashdi. Ayniqsa hujjatda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O’zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekaniga yaqqol ishoradir.

Bugun aholimizning 18 milliondan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Ushbu ko‘rsatkich 2040 yilga borib 25 millionga yetishini hisobga olsak, Bosh qomusimizda yoshlar masalasi alohida bob bo‘lib kirayotgani muhim ahamiyatga egaligini anglaymiz.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada birinchidan, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi, degan norma mustahkamlanmoqda. Biz demokratik, huquqiy davlat qurishga intilar ekanmiz, kelajagimiz bo‘lgan yoshlar huquqlarini himoya qilmasdan, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini ta’minlamasdan turib, erisha olmaymiz.

Ikkinchidan, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratadi, degan me’yor ham kiritilmoqda. O’g‘il-qizlarimizning har tomonlama rivojlanishi uchun ularga imkoniyatlar, ya’ni sog‘lom va uy-joyli bo‘lish, ta’lim olish, ishga joylashish, band bo‘lish va dam olish imkoniyatlarini yaratish zarurdir. Davlat bu borada tegishli shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha majburiyat olmoqda, chunki mazkur normalar, nafaqat yoshlarimiz manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning farovon taqdiri uchun muhimdir.

Bundan tashqari, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda oliy ta’limda akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi.

Oxirgi olti yilda oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi, shundan magistratura uchun 5 baravar ko‘paygan.

Tadbir so‘nggida partiya vakillari  yoshlarimizni xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz berishga chaqirdi.

  • Ko'rildi
    295
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+