Yangilanayotgan Konstitutsiya - bugunning talabi, ertaning kafolati

06.04.2023, 12:50

Yangilanayotgan Konstitutsiya - bugunning talabi, ertaning kafolati

Muzrabot tumanidagi Istirohat bog‘ida muzrabotlik faol yoshlar, xotin-qizlar hamda tumandagi turli sohalarda mehnat qilayotgan fuqarolar jam bo‘lishdi. "Yangilanayotgan Konstitutsiya - bugunning talabi, ertaning kafolati!" nomli tadbir tashkil etilib, unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev, O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi Alisher Ro‘ziyev, tuman Kengashi deputati Sh.Sobirovlar ishtirokchilarga Bosh Qomusimizdagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berishdi.

Ta’kidlandiki, O’zbekistonning ta’lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini ta’minlash bugungi kundagi ustuvor maqsadlardan biri sanaladi. Aynan bu partiyamizning ham dasturida belgilangan. Shunga mos ravishda yangilanayotgan  Bosh qonunimizda ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda.

Umuman, Yangilanayotgan Konstitutsiyada ta’lim olish huquqlarga oid 9 ta muhim yangilik kiritilmoqda. Misol uchun, davlatning uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi, maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashini asosiy qonunda belgilab qo‘ymoqda. Yana maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratida bo‘ladi.

Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun esa inklyuziv ta’lim va tarbiya ham ta’minlanadi, fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli bo‘ladi.

So‘z olganlar shular xususida to‘xtalar ekan, bularning barchasi yuqorida ko‘zlangan maqsadlar sari dadil odimlashimizga asos bo‘lishini qayd etishdi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan event tadbirida yoshlar Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lishdi.

  O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    169
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+