“Yangilanayotgan Konstitutsiyada yaratilishi kutilayotgan kafolatlardan mamnunmiz” deyishmoqda namanganlik talaba yoshlar

07.04.2023, 10:54

“Yangilanayotgan Konstitutsiyada yaratilishi kutilayotgan kafolatlardan mamnunmiz” deyishmoqda namanganlik talaba yoshlar

Namangan muhandislik texnologiyalari instituti olimlar, o‘qituvchi va talabalar bilan gavjum bo‘ldi. Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati  va bo‘lajak referendumda aholining ishtirokini oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov va partiya faollari ishtirok etdi.

Partiya lideri anjumanni o‘z kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, jumladan shunday dedi:

- So‘nggi yillarda jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar bo‘lyapti. Manzilli ijtimoiy himoya tizimi yaratildi, iqtisodiyot erkinlashib, xususiy mulk egalari ko‘payib boryapti, madaniy hayotimizda, sport sohasida yoshlarimizning yutuqlari kundan-kunga oshib boryapti, parlamentarizm va sud-huquq sohasida ham demokratik o‘zgarishlar qilinyapti. Xalqimizni qarashlari o‘zgarib, huquqiy ongi oshib boryapti, davlat organlari ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilyapti.

Bundan tashqari, naqd pul, valyuta muammolari hal qilindi, qo‘shni mamlakatlar bilan oramizdagi munosabatlar yaxshilandi va hokazo yana boshqa ishlarni sanab o‘tish mumkin. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish lozim. E’tibor bersak, mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylanmoqda. Aholimiz 2040 yilga borib 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim.

Bular va boshqa ko‘pdan-ko‘p muammolar yechimi mustahkam huquqiy poydevorni – O’zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham yurtimizda Konstitutsiyaviy islohotlar olib borildi va amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha Konstitutsiyamizning ham mazmunan, ham shaklan mutlaqo yangilangan matni tayyorlandi.

Uchrashuvda so‘z olgan partiyaning boshqa  vakillari ham ta’kidlaganidek, Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda.

Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq o‘qituvchilarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bosh qomusimizda oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi kafolatlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi oliy o‘quv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga davlat ishtirokini cheklab, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlaydi.

Yuqoridagi yangiliklardan kengroq bahramand bo‘lgan ustoz va talabalar yaratilishi kutilayotgan kafolatlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Shuning barobarida bo‘lajak siyosiy jarayon – referendumda faol ishtirok etishlarini aytishdi.

  • Ko'rildi
    193
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+