Yangilanayotgan Konstitutsiya yurtdoshlarimizning hayotdan rozilik darajasini oshiradi

07.04.2023, 14:43

Yangilanayotgan Konstitutsiya yurtdoshlarimizning hayotdan rozilik darajasini oshiradi

 O‘zLiDePning navbatdagi event tadbiri Kosonsoy tumanida bo‘lib o‘tdi. Partiya Namangan viloyat hamda Kosonsoy tuman kengashlari tashabbusi bilan uyushtirilgan navbatdagi tadbirda tadbirkor, fermer, xotin-qizlar va yoshlar qatnashdi.

Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov, Oliy Majlis  Qonunchilik palatasi deputatlari Zafar Xudayberdiyev, Barno Mirzamova, Sardor G’iyosov, partiya viloyat kengashi raisi Solixon Mo‘minov, apparat rahbari Orifjon Mahmudov ishtirok etib,  konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

- Inson qadri va haq-huquqlari qadrlangan jamiyatda inson erkinligi yuksaladi, erkin faoliyat uchun zarur asoslar yaratiladi, – dedi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov. – Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O’zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortmoqda.

Masalan, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ma’lumot uchun: o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Tadbirkorlarimiz buning ahamiyatini hammadan ko‘ra ko‘proq his qilishi, demakki aynan shu imkoniyatlarni yaratib berayotgan yangi konstitutsion normalarni to‘la qo‘llab quvvatlashlari aniq, dedi so‘zga chiqqan partiya viloyat kengashi raisi Solixon Mo‘minov barchani bo‘lajak referendumda faol bo‘lishga chaqirar ekan.

Shundan so‘ng ishtirokchilarning gulduros  qarsaklari atrofni tutib ketdi.  "Konstitutsiya meniki, sizniki, xammamizniki!” degan chaqiriqlar tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

  • Ko'rildi
    303
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+