O‘zLiDeP vakillari aholini referendumda faol bo‘lishga chaqirdi

07.04.2023, 16:29

O‘zLiDeP vakillari aholini referendumda faol bo‘lishga chaqirdi

 Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tashabbusi bilan Buvayda tumanida konstitutsiyaviy qonun loyihasi va referendum tashviqotiga bag‘ishlangan tadbir katta tayyorgarlikda o‘tkazildi. Muloqot ochiq osmon ostida, 1,5 mingdan ortiq turli soha vakillari ishtirokida bo‘ldi.

Anjumanda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirok etar ekan, jumladan shunday dedi:

- Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O’zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortmoqda.

Masalan, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ma’lumot uchun: o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.

Joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinadi.

Ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshiriladi.

So‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari – M. Xo‘jayeva,  M. Ibragimova, partiya So‘x tuman Kengashi raisi X. Yormatov, Farg‘ona viloyati Kengashi raisi R. Kamolov va boshqalar ham konstituyaviy qonun loyihasining zarurati va ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tishdi. Hamda barchani bo‘lajak referendumda loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz berishga chaqirishdi.

Tadbirning kuy-qo‘shiqlarga ulangani ishtirokchilarning o‘yin-kulgulari va maroqli hordiq olishiga turtki bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    278
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+