Ilm olaman degan har bir insonga keng imkoniyat yaratib berilmoqda

10.04.2023, 10:13

Ilm olaman degan har bir insonga keng imkoniyat yaratib berilmoqda

Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputati Vahobjon Murodqobilovning Samarqand viloyatida aholi bilan uchrashuvlari samarali o‘tmoqda. Deputat muloqotlarda aholiga yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati haqida ma’lumot bermoqda.

Quyi palata deputati V.Murodqobilovning Narpay tumani “Sohibkor” MFYda joylashgan 63-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Bosh qomusimizdan o‘rin olgan normalar haqida ma’lumot berildi.

—Ta’lim olish insonning fundamental huquqlaridan biri, — deydi V.Murodqobilov o‘z nuqtida. — Mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol topishi yo‘lida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Ilm olaman, bilim olaman, degan har bir insonga keng imkoniyat yaratib berilmoqda. Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 51-moddasida fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekani belgilab qo‘yilgani ayni muddao bo‘ldi.

Uchrashuvda aytib o‘tilganidek, Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati ham kuchaytirilmoqda. Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 ming nafardan ortiq o‘qituvchilarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tadbirda so‘z olganlar kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirarkan, ayniqsa, Asosiy qonunimizda nogironligi bor bolajonlarga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilayotganligini mamnuniyat bilan tilga olishdi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar tufayli iqtidorli yoshlar o‘zlari hohlagan ta’lim turini tanlashi, o‘zlari qiziqan sohada ishlashi mumkinligi ta’kidlandi.

Yakunda yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

  • Ko'rildi
    195
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+