Xalqchil davlat tamoyili Konstitutsiyada o‘z ifodasini topmoqda

11.04.2023, 13:22

Xalqchil davlat tamoyili Konstitutsiyada o‘z ifodasini topmoqda

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Erkin Salixov ishtirok etib, yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasi, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining bugungi kundagi ahamiyati, unda aks etayotgan yangiliklar haqida keng ma’lumotlar berdi.

— E’tibor bersak, mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylanmoqda. Aholimiz 2040 yilga borib 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Bular va boshqa ko‘pdan-ko‘p muammolar yechimi mustahkam huquqiy poydevorni – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini taqozo etadi, — dedi E. Salixov o‘z ma’ruzasida.

O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustida qizg‘in ish olib borildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Bugungi kunda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyamizning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda. Ya’ni Konstitutsiyamiz qariyb 65 foizga yangilanmoqda.

Ma’ruzachining ta’kidlashicha, Konstitutsiyamizga kiritilayotgan normalarni 4 toifaga bo‘lish mumkin: birinchisi, huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar. Masalan, aybsizlik prezumpsiyasiga yanada aniqlik kiritilmoqda. Ikkinchisi, sohaviy qonunlarimizda mavjud ayrim normalar ham Konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.

Uchinchisi, Konstitutsiyamizga ko‘plab konseptual yangi normalar kiritilmoqda. Misol uchun, 20-moddada insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi kafolatlanmoqda.

Shuningdek, Asosiy qonunimizda yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning Konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilyapti.

Tadbirda so‘z olganlar kiritilayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning barchasi inson qadrini ulug‘lashga qaratilganligini bildirdi.

  • Ko'rildi
    279
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+