Yangilanayotgan Konstitutsiya – tinch va osuda kunlar kafolati

11.04.2023, 13:40

Yangilanayotgan Konstitutsiya – tinch va osuda kunlar kafolati

G’ijduvon tuman hokimligining ochiq maydonida O‘zLiDeP viloyat va tuman kengashlari tashabbusi bilan tashkil etilgan event tadbir bayramona va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bu esa uning ishtirokchilari qalbida mustaqil Vatanimiz kelajagiga yuksak ishonch, bugungi va ertangi kunga bo‘lgan cheksiz umid his-tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Targ‘ibot-tashviqot tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, parlamet quyi palatasi va mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari, peshqadam tadbirkor va fermerlar, xotin-qizlar, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan partiya yetakchisi Yangi O’zbekistonni barpo etishdek oliy maqsad sari qo‘yilgan qadamlar albatta Asosiy qonunimizni yangilash zarurligini taqozo etgani va yangi tahrirdagi hujjatda O’zbekiston ijtimoiy davlat, degan g‘oya asosiy mezon qilib olinganini ta’kidladi. Konstitutsiyamizni qayta ishlab chiqishda bevosita xalqning taklif, xohish-istaklari e’tiborga olingani, hujjat referendumga qo‘yish orqali qabul qilinishini aytib o‘tdi.

Darhaqiqat, Yangilanayotgan Bosh qomusimizda milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Bank omonatlari, balki bank operatsiyalari va hisob varaqlarning ham sir tutilishi kafolatlanmoqda. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi mustahkamlanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonovaning fikricha, yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. Mazkur norma investorlarning ishonchini oshirish, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Targ‘ibot tadbirida parlament quyi palatasi deputati Madina Barotova ham so‘z olar ekan, yangi tahrirdagi Asosiy qonun xalqimizning huquq va manfaatlari, erkinliklari himoyasini har tomonlama ta’minlashi, zotan Bosh Qomusimizning barcha moddalarida inson omili oliy maqsad qilib olinganini qayd etdi.

Partiya viloyat Faxriylar kengashi raisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Behbud Jumayev yig‘ilganlarga yuzlanib, mamlakatimizda mehnat faxriylari chinakamiga faxrimizga aylanib borayotgani, bugun inson qadri har narsadan ustun ekani, “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili tobora ustuvorlik kasb etib borayotganini tilga oldi.

E’tiborlisi, ushbu muhim va xalqparvar jarayon endilikda xalqchil Konstitutsiyada ham o‘z ifodasini topayotgani bois, yoshu-qari 30 aprelda o‘tkaziladigan referendumda yakdillik bilan ovoz berishni ko‘ngillariga tugib qo‘yishgan.

- Tadbirkorlikni boshlaganimga ancha yillar bo‘ldi, – deydi tadbirkor, tuman kengashi deputati Zamira Safarova. – Bor yo‘g‘i 2-3 kishi bilan faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, bugungi kunda 45 nafar ishchi-xodimim bilan “G’ijduvon mashhurasi” xususiy korxonasiga rahbarlik qilayapman. Asosan qurilish-pardozlash materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektimiz faoliyatining samarasi o‘laroq dunyodagi bir qator – Turkiya, Qirg‘iziston, Isroil, Niderlandiya singari davlatlarga eksport mahsulotlarini yuboryapmiz. Erishayotgan yutuqlarimizning barchasi yurtimizda soha xodimlari uchun yaratib berilgan imkoniyatlar sharofatidandir. Men oila a’zolarim va mehnat jamoam bilan birga referendumda ishtirok etaman. Vatanimiz ravnaqi, elimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi kafolati bo‘lgan Yangi Konstitutsiyani yoqlab ovoz berishga barchani chaqirib qolaman.
Tadbirda Buxoro tumanidagi  “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi rahbari, O’zbekiston Qahramoni, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Muhammad Ahmedov ham so‘zga chiqib, o‘zini to‘la oqlayotgan klaster tizimi yurtimiz agrar sohasida ham pirovard natija berayotganini, bu ayniqsa paxta to‘qimachilik klasterlari faoliyatida aniq ko‘zga tashlanayotganligini aytib o‘tdi.

Mahalliy san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va jozibali raqslar barchaga bayramona kayfiyat baxsh etdi.

  • Ko'rildi
    664
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+