Inson manfaatlari birlamchi o‘rinda

12.04.2023, 11:28

Inson manfaatlari birlamchi o‘rinda

Qiziltepa tumani markazidagi Madaniyat istirohat bog‘ida O‘zLiDeP faollari, viloyat, tuman va shahar kengashi deputatlari hamda keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lishdi. Yig‘ilganlarga Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati  va bo‘lajak referendumda aholining ishtiroki xususida so‘z yuritildi.

Tadbirga tashrif buyurgan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov va Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Akshagul To‘legenova, senator Ulug‘bek Fayziyev o‘z nutqida ta’kidlaganidek, o‘tayotgan har bir kun mamlakatimizda o‘zgarishlarga boy bo‘lmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasi bugun shaharu uzoq qishloqlarimizda ham o‘z aksini topmoqda. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan yangilanishlarga O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham  munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

- Qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlarni barchamiz ko‘rib turibmiz, - dedi partiya lideri. – Haqiqatan ham, xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida mamlakatimiz muhim qadamlarni qo‘ymoqda. “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida shakllangan yangi tizim esa o‘zini to‘la oqlamoqda. Bu esa mustaqil yurtimizning buguni va ertasini hal qiluvchi jarayonlar davriga kirib kelganimizni anglatib turibdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida ilgari surilayotgan, mohiyatan mutlaqo yangi vazifalar, Yangi O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida aks etgan ezgu maqsadlar, umidbaxsh intilishlar shunga mos konstitutsiyaviy-huquqiy makon yaratilishini zarurat qilib qo‘ymoqda. Bu talabni to‘g‘ri anglagan holda Bosh qomusimiz butunlay yangi tahrirda qabul qilinishi kutilmoqda.

E’tibor bering, Yangilanayotgan Konstitutsiyamiznig 65-moddasida quyidagi me’yorlar mustahkamlanmoqda: “Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas”.

Ushbu norma yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash masalasi birlamchi o‘rindaligidan dalolat. Shuningdek, yurtimizda mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Yoki fuqarolarni mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etmaslik to‘g‘risidagi normani olaylik. Bu yangilik ham kelajakda aholining turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash, mulkchilik munosabatlarini huquqiy jihatdan kafolatlash, xususiy mulkning daxlsizligini kuchaytirishga katta turtki bo‘ladi.

Yuqoridagi yangiliklardan ruhlangan aholi vakillari xalqning turmush tarzini yanada oshirishga qaratilayotgan bunday o‘zgarishlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Targ‘ibot-tashviqot tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar referendumda Yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz berishlarini bildirdi.

Hushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan tinchlik, Vatan va  oilani taranum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

O‘zLiDeP Navoiy viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    272
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+