Yoshlar mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi sog‘lom kuch, sog‘lom fikr, toza «qon»dir

12.04.2023, 15:34

Yoshlar mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi sog‘lom kuch, sog‘lom fikr, toza «qon»dir

Bilamiz yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan. Sharq Uyg‘onish davrida ham, jadidlar faoliyatida ham, umuman jamiyatning yangilanishida, zamon bilan hamnafas bo‘lishida yoshlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etib kelgan. Zero, yoshlar mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi sog‘lom kuch, sog‘lom fikr, toza «qon»dir. Prezidentimiz har bir masalada ulardan ruhlanishini, kuch olishini, suyanishini, ishonishini alohida ta’kidlaydi. Navqiron avlodning bilimli bo‘lishi, kasb-hunar o‘rganishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun qayg‘uradi. Binobarin, faqat bilimli avlod bizni dunyo xalqlariga yaqinlashtiradi, tenglashtiradi. Faqat bilimli yoshlar bizning jahon sahnidagi munosib o‘rnimizni belgilaydi.

Davlat rahbari raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan tashkil etilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslar ham fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi.  

Yig‘ilishda, avvalo, ishsiz, norasmiy sektorda band bo‘lgan va chet elga ishlagani ketgan yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada ko‘plab yangi tashabbuslar bildirildi. Xususan, yoshlar bandligini ta’minlash uchun, avvalo, ishga qabul qilish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerakligi ta’kidlandi. Misol uchun, hozirda 103 mingdan ortiq tashkilotlarda 254 ming bo‘sh ish o‘rni bor. Lekin, o‘tgan yili oliy ta’limni bitirgan 6 mingdan ortiq, kollej va texnikumni tamomlagan 30 ming nafar yigit-qiz ish topa olmagan.

Shu bois endi har bir vazirlik o‘z tarmog‘idagi kasblarga malaka talabini o‘zi belgilashi ta’kidlandi. Shuningdek, vazirliklar oliy va o‘rta maxsus ta’limga buyurtma beribgina qolmay, ularning o‘quv dasturlarini birga ishlab chiqadi.

Yoshlar hayotidagi bugungi muammolarning sababi nima? Shubhasiz, yigit-qizlarimizni bandligi bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini yetarli darajada ta’minlanmayotganida, ularning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etilmayotganida, ta’lim-tarbiya sifatini zamon andozalariga moslashtirish oqsayotganida. Videoselektor yig‘ilishida shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlandiki, yaqinda 100 mingdan ortiq yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ular mahallasida sport bilan shug‘ullanishga sharoit hamda ko‘ngilochar maskanlar yetishmasligini bildirgan.

Shu bois, birinchi bosqichda viloyat markazlarida, keyinchalik tumanlarda kechayu kunduz ishlaydigan yoshlar sayilgohlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Ularda sport, kibersport va intellektual o‘yinlar, kitobxonlik, karaoke uchun sharoitlar ko‘zda tutiladi. Shuningdek, har bir tumanda “Yoshlar sayli” va ijod ko‘chalari, oliy o‘quv yurtlarida sport ligalari, kovorking va teatr studiyalari tashkil qilinadi.

Bugungi kunda 1,5 million yoshlar bo‘sh vaqtini chet tili o‘rganishga bag‘ishlamoqda. Ularning bu intilishlari rag‘batlantirilib, xususiy markazlarda til o‘rganish xarajatlariga subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, maktablarda to‘garaklarni jihozlash va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash, “Barkamol avlod” bolalar markazlari samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Yoshlar o‘rtasida “Kasb-hunar olimpiadalari” tashkil qilinishi aytildi.

Taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatov shunday yozadi: “Mamlakatni birlashtirib, jipslashtirib, ichki va tashqi siyosatini oqilona boshqarib, ilm-fanni, madaniyatni, qadriyatlarni asrab va rivojlantirib, davlat kuch-qudratini oshirib, boshqaruv tizimini barqaror taraqqiy ettirish nihoyatda murakkab va mas’uliyatli, o‘z navbatida, sharafli vazifadir. Bunga erishish uchun avvalo ogoh bo‘lish lozim...”. Agar biz bugun yoshlarning ma’naviy dunyosi haqida qayg‘urmasak, o‘z vaqtida ogoh bo‘lmasak, olib borilayotgan ulkan islohotlarga, hamjihatlikka putur yetishi turgan gap. Bu achchiq bo‘lsada haqiqat.

 Yig‘ilishda ayni masala tilga olinib, ma’naviy targ‘ibotning qamrovi va ta’sirchanligi pastligi, yoshlarning qiziqishlari inobatga olinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyatini takomillashtirish, yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilib, ularga sog‘lom fikr beradigan manbalarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.Umuman, bu sohadagi davlat siyosatini samarali tashkil etishga qaratilgan “Yangi O’zbekiston yoshlari” dasturini ishlab chiqish, qonunchilikni o‘zgartirish vazifalari belgilandi.

To‘g‘ri yoshlar yo‘nalishida belgilangan vazifalar ko‘lami, qamrovi juda keng. Ularni bajarish birinchi navbatda vatanparvarlik va mas’uliyatni talab etadi. Shularni teran his etib, Abu Ali ibn Sinoning quyidagi hikmati yodimga tushdi. «Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir bo‘ladigan qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi». Shu ma’noda o‘z oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida uchraydigan to‘siqlardan qo‘rqmasligimiz kerak. Bu yo‘l millat uchun hayot-mamot yo‘lidir. Bir narsani unutmaylik. Bugun barchamiz davlatimiz rahbari atrofida jipslashib, taraqqiyotning shunday bosqichiga keldikki, endi orqaga yo‘l yo‘q, bu yo‘lda faqat kelajak bor, erta bor.

Shahnoza Xolmaxamatova,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    127
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+