Yangi Konstitutsiya – xalq Konstitutsiyasi

19.04.2023, 14:55

Yangi  Konstitutsiya – xalq Konstitutsiyasi

Zarbdor tumanida O‘zLiDeP  Jizzax viloyat kengashi tashabbusi bilan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki, barchamizniki!” shiori ostida event tadbir tashkil etildi.

Unda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov,  O’zbekiston Qahramoni – Anorboy Eshmatov, Parda Ziyotov, deputatlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni ochib bergan partiya yetakchisi yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ilgari amal qilib kelgan “Davlat – jamiyat – inson” tamoyili “Inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirilayotgani, ya’ni inson manfaati har narsadan ustun qo‘yish maqsad qilingani haqida gapirar ekan, mazkur ezgu  tamoyil, yuksak g‘oya partiyamiz dasturi va saylovoldi dasturining har bir bandi, har bir bobi zamirida mujassamligiga e’tibor  qaratdi.

So‘z olganlar ham Bosh qomusimizdan o‘rin olgan o‘zgarish va yangiliklar so‘nggi olti-etti yilda qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlarimizni mustahkamlash bilan birga, Yangi O’zbekistonni bunyod etishdek buyuk maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan barcha amallarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lishiga qat’iy ishonch bildirdi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda har bir mahalla, har bir xonadon, har bir inson hayotidan o‘rin olgan o‘zgarishlar faxrlanishga arzigulik.

Buni event tadbir bo‘lib o‘tgan Zarbdor tumani misolida ham ko‘rishimiz mumkin. 90 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan tumanda 2 ta yirik, 4 ta qo‘shma va xorijiy korxonalar, 200 ga yaqin kichik sanoat korxonalari faoliyat olib bormoqda. Intensiv bog‘lar, issiqxonalar tashkil etish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.   Obodonlashtirish va bunyodkorlik jarayonlari sabab, tuman markazi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Bir qancha ko‘p qavatli binolar qad ko‘tardi. Bu jarayon hamon davom etmoqda. Yangi ish boshlagan  bir nechta tekstil korxonalarida yuzlab xotin-qiz bandligi ta’minlandi.

– Tumanda 90 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi yana bir xalq noibi Buvsara Karabekova. –  Ahil va hamjihat bo‘lib umrguzaronlik qilayotgan o‘zbek,  qirg‘iz, qozoq, tojik, rus hamda  boshqa millat va elat vakillari O’zbekistonni o‘z uylari deb bilishsa, mahallalarni Vatan ichra  vatan  o‘rnida ko‘rishadi. Shu sabab, ular yangi Konstitutsiyada mahallalarga aholining kundalik muammolarini hal qilish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatlari berilib, buning uchun tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratish belgilanayotganini bir ovozdan ma’qullashlarini bildirmoqdalar.

Bunday fikr-mulohazalarni o‘sha kuni jizzaxlik partiyadoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan hamda kuy va qo‘shiqlarga, raqslarga boy bo‘lgan tadbirda qatnashgan  turli kasb, turli yoshdagi insonlar aytib o‘tishdi.

Bu esa, yangilanayotgan Konstitutsiya  jamiyatimizdagi kasbi kori, millati, yoshi, dini, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar barcha aholi qatlamlarining manfaatlarini ifoda etadigan xalq Konstitutsiyasi ekanligidan dalolat beradi.

O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi

matbuot markazi

  • Ko'rildi
    134
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+