Yangi Konstitutsiya: taraqqiyotning ongli tanlovi

20.04.2023, 10:54

Yangi Konstitutsiya: taraqqiyotning ongli tanlovi

XXI ASRNING YIGIRMA UCHINCHI YILIDA JAHON MAMLAKATLARINING 47 TASI ASOSIY QONUNINI YO YANGI TAHRIRDA QABUL QILGAN YOKI SEZILARLI RAVISHDA O’ZGARTISH VA QO’SHIMCHALAR KIRITGAN.

Bu ma’lumot bilan tanishgan tafakkurli insonda darrov oddiy savol tug‘iladi: NEGA? Ehtiyoj shunchalik kuchlimi?

Avvalgi yigirma asrdan farqli o‘laroq hozirgi mingyillikning shiddati nafaqat mavjud qoidalar, balki insonning dunyoqarashi, masalalar mohiyatiga munosabatini ham o‘zgartirishi lozimligi bilan bog‘liq qat’iy talablar qo‘ymoqda. Tabiiyki, bunday paytlarda huquqiy asos larni takomillashtirish birinchi o‘ringa ko‘tariladi.

Mamlakatimizda bugun ana shunday qizg‘in jarayon kechmoqda. Alohida ta’kidlash joizki, Bosh qomusimizni yangi tahrirda tayyorlashga barcha siyosiy kuchlar o‘zining partiyaviy vazifalari, dasturiy maqsadlari orqali yondashgan holda munosib hissa qo‘shishdi. Misol tariqasida O‘zLiDeP davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun teng shart-sharoitlar yaratish borasidagi majburiyatlarini aniq belgilash pozitsiyasida qattiq turganini aytish joiz. Shuningdek, tadbirkorlar o‘z faoliyat yo‘nalishini mustaqil tanlashga haqliligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishini kafolatlash takliflari ilgari surildi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan 3 ta yangi bobdan biri – Oila, bolalar va yoshlarga bag‘ishlangani e’tiborga molik ekandigini yana bir ta’kidlashni istardik. Chunki yurtimiz aholisining salmoqli qismini navqiron avlod vakillari tashkil etayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, bu kabi dolzarb va jiddiy o‘zgartirishlar davr talabidan kelib chiqib kiritilganini teranroq anglaymiz.

Shu o‘rinda referendumga chiqarilayotgan loyihaning 76-moddasidagi qo‘shimchaga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu yerda nikoh xalqning an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi ko‘rsatilmoqda. Mazkur norma shuni anglatadiki, nikoh tuzilishida O’zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarning millati va dinidan qat’i nazar, an’anaviy oilaviy qadriyatlari hurmat qilinadi. Oila kodeksida aniq-tiniq yozib qo‘yilganidek, nikoh faqat ayol va erkak o‘rtasida tuziladi. Eng muhimi, ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi hamda teng huquqliligi talab etiladi. Xalqning an’anaviy oilaviy qadriyatlari, deganda esa gap faqat Konstitutsiya, qonunlar, jumladan, Oila kodeksiga zid kelmaydigan urf-odatlar haqida ketmoqda. Ushbu masalani barchamiz to‘g‘ri talqin qilishimiz lozim.

Jamiyat va davlat hayotida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligini, shuningdek, ayollarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Xalq farovonligi, yurt tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning bir xil huquqqa egaligi tayanch ustunlardan ekanini e’tiborga olsak, gender tenglikni ta’minlash vazifasining davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabi ekanligi oydinlashadi.

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, hayotning abadiyligini, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan muqaddas maskan. Kelajak avlod qanday inson bo‘lib voyaga yetishi oilaviy muhitga bevosita bog‘liq. Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.

Shu bois yangilangan Konstitutsiyada onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilanmoqda. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

Bolalarni to‘g‘ri tarbiyalashda birlamchi vazifa ota-ona hamda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga yuklanadi. Bolani tarbiyalash huquqi ustuvor jihatdan uning ota-onasiga tegishli huquq va majburiyat sanaladi. Shu sababli Konstitutsiyada bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va tarbiyalash borasida ota-onaning birday teng huquqli va mas’ul ekanligi ham belgilandi. Ma’lumki, bolalar tarbiyasi va ularning kamoli davlat uchun dolzarb yo‘nalish hisoblanadi. Chunki bolalar yurtning kelajagi, millatning va davlatning tayanchidir.

Davlat bolalarning rivojlanishi, ularda ma’naviy qadriyatlar shakllanishiga oid zarur chora-tadbirlarni ko‘rishini ham zimmasiga olishi lozim. Qolaversa, bola uchun har qanday shart-sharoitlar yaratib berilgan tarbiya maskanidan ko‘ra oilasida, ota-ona bag‘rida kamol topish ustuvor ekanligi ham konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilandi.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati etib qat’iy belgilangani katta ahamiyatga egadir. Oilalarning barqarorligi, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hurmat va g‘amxo‘rlikni ta’minlash, davlatning yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kabi qoidalarning Asosiy qonunda belgilanishi jamiyat rivojida muhim o‘rin tutadi.

Xulosani ham tezkor zamonning o‘ziga xos talabidan kelib chiqib yasamoq maqsadga muvofiq. Jahonda yuzaga kelayotgan turi va shakli bisyor tendensiyalarga munosib javob qaytarish, ma’naviy ildizlarimizga bolta uradigan turli tahdidlar oldida esankirab qolmaslik uchun ham INSON QADRI oliy o‘ringa qo‘yilgan holda aks etuvchi yangilanayotgan Kons titutsiyani qabul qilishimiz kerak. Taraqqiyotni tanlaganlarning ongli tanlovi shunday bo‘ladi. Chunki u mening, sizning, hammamizning ertangi taqdirimizni belgilab beradi.

Mavluda XO’JAYEVA,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    401
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+