Xizmatga tuhmat bo‘lmasligi kerak

20.04.2023, 11:05

Xizmatga tuhmat bo‘lmasligi kerak

Eslaylik, ahvoli og‘irlashgan bemorlarga beminnat tibbiy yordam ko‘rsatishga chog‘langan shifokorlarni ayrim kaltabin, xudbin kimsalar qay tarzda haqorat qilganini, hatto shafqatsiz tarzda kaltaklashganini ijtimoiy tarmoqlarda hammamiz ko‘rdik. Va bir ovozdan qoraladik, lekin bu kabi qilmishlar uchun aybdorlarga huquqiy jazo qo‘llashga kelganda qonunlarimizda tibbiyot xodimlarini himoya qilish borasida hali ancha chalkash liklar borligi ayon bo‘lib qoldi.

Shu ma’noda “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilinganligi ayni muddao bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 27 mart kuni imzolangan mazkur qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga, shifokorlikning maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi. Bunga shakshubha yo‘q. Chunki mamlakatimizda keyingi yillarda tibbiyot sohasida juda keng ko‘lamda islohotlar amalga oshirilmoqda.

Birgina eng chekka va olis qish loqlardagi oilaviy shifoxonalarning zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanayotgani, malakali vrachlarning olis hududlarga borib ishlashi uchun zarur qulayliklar yaratib berilyotgani, qolaversa, murakkab jarrohlik amaliyotlari bugungi kunda viloyat va ba’zi tuman markazlarida o‘tkazilayotgani so‘zimizga aniq misol bo‘la oladi. Shuni alohida e’tirof etishni istardimki, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, uni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini, shoshilinch tibbiy yordamni va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar tarmog‘ini o‘z ichiga oluvchi uch bosqichli milliy tibbiyot modeli yaratildi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligini, sifatini va qulayligini oshirish ta’minlanmoqda.

Tibbiyot sohasida ana shunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgan bir paytda shifokorlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlarining uchrab turishi juda achinarli holdir. Yana bir muammo shundaki, O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi amaldagi kodeksida xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan qonunga xilof ravishda turli shakllarda ta’sir o‘tkazganlik, shuningdek, shifokorning tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy javobgarlik belgilanmagan. Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilovchi yangi modda bilan to‘ldirilgani ayni vaqtida ko‘rilgan to‘g‘ri chora bo‘ldi. Ya’ni mazkur kodeksga qo‘shilgan 19(77)-moddada tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Ochig‘ini aytganda, bunday qonunning qabul qilinishini davrning o‘zi taqozo etayotgandi. Axir o‘ylab ko‘ring: tibbiy yordamga muhtoj, o‘lim bilan olishib yotgan insonga yordam berayotgan shifokorga tajovuz qilish insofdanmi? Xalqimizda yaxshilikka yaxshilik bilan javob berish kerak, degan ajoyib naql bor. Shunday ekan, jonkuyar tibbiyot xodimlarining faoliyati qonun bilan himoyalanishi hamda bu sharafli kasb egalariga ko‘rsatilgan katta e’tibor soha rivoji yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning asosini tashkil etadi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    244
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+