Pedagog xodimlarning jamiyatdagi maqomi yanada yuksaladi

03.05.2023, 10:10

Pedagog xodimlarning jamiyatdagi maqomi yanada yuksaladi

Mamlakat taraqqiyotining yangi davrida pedagoglarning nufuzini oshirish, ularning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilash, yosh avlodni tarbiyalashdek mas’uliyatli mehnatini munosib baholashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Xususan, umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oy qo‘shimcha 20 foizdan 50 foizgacha ustama to‘lanishi, o‘qituvchilarga imtiyozli iste’mol kreditlarini berish, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etilgani fikrimiz tasdig‘idir.

Biroq, pedagoglarning maqomini oshirish bo‘yicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan chora-tadbirlar, qabul qilingan hujjatlar ular faoliyatini to‘laqonli bajarishga, yetarli darajada moddiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga asos bo‘lmayapti.

Bundan tashqari, davlat ta’lim tashkilotlari rahbarlari, ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda ota-onalarning pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatlariga asossiz aralashuvlari ular tomonidan ta’lim sifatini yaxshilash, ta’lim va tarbiya oluvchilarga yetarli bilim va ko‘nikmalarni berish imkoniyatini bermayapti.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini oshirish, sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur qonun loyihasida davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi, pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanishi hamda davlat ta’lim tashkilotlaridagi pedagog xodimlarni ta’lim berish jarayonida foydalaniladigan birlamchi o‘quv-metodik materiallar va o‘quv qurollari (ruchka qalam, qog‘oz va boshqalar) bilan davlat tomonidan bepul ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

E’tiborlisi, qonun loyihasini ishlab chiqishda YUNЕSKOning maxsus nizomi, MDHning “O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida”gi model qonuni, Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Yaponiya kabi mamlakatlar tajribasi atroflicha o‘rganildi.

Yalpi majlisda deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirish, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan normalar bilan boyitish bo‘yicha qator takliflar berdi. Biz, albatta berilgan takliflarni cinchiklab o‘rganib, ularni qonun loyihasiga singdiramiz.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

G‘ayrat ABDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    1029
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+