Yangi O’zbekistonning qulay fiskal tizimi

05.05.2023, 11:44

Yangi O’zbekistonning qulay fiskal tizimi

Xorijlik investorlarning qiziqish va e’tiborini sezilarli ravishda kuchaytirib, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitining jozibadorligini yanada oshirmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent ikkinchi xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisidagi nutqida ushbu tadbir ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qilishini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Zotan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yo‘l ochish borasida qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan nafaqat maqtasa, balki O‘zLiDeP elektorati g‘ururlansa arziydigan ishlar amalga oshirildi.

Bunday deyishimiz boisini qator misollar orqali izohlashga harakat qilamiz. Masalan, a’zolari soni 1 million 300 mingdan oshayotgan O‘zLiDePning asosiy elektorati sanalgan ishbilarmon va tadbirkorlar duch keladigan dastlabki holatni olaylik. Qayerda faoliyat ko‘rsatishidan qat’i nazar, biznes egasi borki, fiskal tizim qulay bo‘lsa, soliq yuki yengillashtirilsa, deydi. Yangi O’zbekistonda aynan mana shunday shaffof, ya’ni tadbirkorga yon bosadigan, ular bilan munosabatlar soddalashtirilgan tizim yaratildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi esa 12 foizga tushirildi. Xorijlik investorlar aksiyalaridan oladigan dividendlar uch yil muddatga foyda solig‘idan ozod qilindi. Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki og‘irlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Ishlab chiqarish va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari tashqi savdo sezilarli ravishda erkinlashayotganini qayd etmoqda. Ular qadrlaydigan jihatlardan keyingilari sog‘lom sarmoyaviy muhit va investitsiyaviy jozibadorlikdir. Yurtimizdagi barqarorlik ayni mezonlar uchun mustahkam poydevor vazifasini bajarayotgani esa xorijiy hamkorlarning qiziqishini yanada kuchaytirmoqda. Natijada o‘z mablag‘lari bilan O’zbekistonga sarmoya kiritishni xohlovchilar safi kengaymoqda. Bunda investorlar uchun zarur bo‘lgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilingani, bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etilgani ham muhim ahamiyat kasb etayotir. Pirovardida, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O’zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni jadallashtirilmoqda

Biz partiyaviy faoliyat bilan bog‘liq muloqotlarda “Islohot islohot uchun emas, inson manfaati uchun” degan xalqchil da’vatning mazmun-mohiyatini imkon qadar odamlarga soddaroq tarzda yetkazishga harakat qilamiz. Endilikda O‘zLiDeP tarafdorlari so‘nggi islohotlar doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy etilganidan mamnun ekanligi sezilyapti ham. Bu bilan O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarning Taraqqiyot strategiyasi bilan uyg‘unlikda ro‘yobga chiqayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Investorlar masalalarini tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshlashi bilan biznes hamjamiyati huquqlarining himoyasi tubdan kuchaytirilganini, chet ellik sarmoyadorlar uchun ko‘chmas mulk sotib olish, O’zbekistonga kelib-ketish va yashash shartlari keskin soddalashtirilganini qayta-qayta aytging, uni butun dunyoga eshittirging kelaveradi.

Yuqorida tilga olingan nufuzli anjumanda O’zbekistonda investorlar huquqlarini himoya qilish borasida ma’muriy sudlarga katta vakolatlar berilganini uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar alohida olqishladi. Bundan buyon tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emasligini xalqaro ekspertlar ulkan yutuq sifatida baholadi. Endi biznesmen emas, aksincha, davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi.

Forumda jahon sarmoyadorlarini samimiy qutlagan davlatimiz rahbari O’zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. “Yashil iqtisodiyot”, davlat-xususiy sheriklik, davlat mulkini xususiylashtirish, industrial rivojlanish masalalaridan har birining istiqboli, ayni jarayonda investorlar uchun atalgan qulayliklarning bugungi kundagi ahamiyatini aniq-tiniq ochib berdi. Shuningdek, O’zbekiston to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlarida yetarli xom ashyo va malakali kadrlarga egaligi, bu sohalarda ishlab chiqarish va eksportni ikki barobar oshirishga imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Buning uchun yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar kerak.

Ikki kunlik xalqaro anjumanni kuzatishdan chiqargan xulosamiz shuki, sarmoyadorlar o‘zlari uchun zarur kafolat bizda borligiga ishonch hosil qilishdi. Prezidentimiz O’zbekiston investorlar uchun huquqiy kafolat, alohida texnopark va sanoat zonalari, qo‘shimcha imtiyozlar berishga tayyorligini bildirganida ularning aksariyati nigohidan shuni uqish mumkin edi.

Rahmatillo KAMOLOV,

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    243
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+