Germaniyalik ishbilarmonlarning O’zbekistonga qiziqishi ortib borayapti

05.05.2023, 12:08

Germaniyalik ishbilarmonlarning O’zbekistonga qiziqishi ortib borayapti

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi muvaffaqiyatli yakunlandi. Ikkala do‘st davlat manfaatiga xizmat qiladigan bir qator bitim va kelishuvlarga erishildi. Eng muhimi esa O’zbekistonning Yevropa davlatlari bilan teng huquqli sheriklik munosabatlari yuqori bosqichga ko‘tarilib borayotgani bu tashrif davomida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Germaniya kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan Prezidentimizning uchrashuvi mamlakatimiz iqtisodiy hayotida yangi yorqin sahifa ochdi, desak sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi, Germaniya-O’zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW Bank”, “Deutsche Bank” kabi o‘ttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi. Bu albatta, mazkur davlat ishbilarmon doiralarining O’zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari Germaniya bilan munosabatlarda yuksak ishonch va o‘zaro hurmat qaror topganini alohida qayd etib, yurtimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilganini bildirdi.

Albatta, oxirgi yillarning o‘zida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga ko‘paydi. O’zbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. O’zbekiston jahon iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon bo‘lib kelmoqda.

O’zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi, davlat halol raqobat va sud tizimi mustaqilligi uchun sharoit yaratishiga oid qoidalar aniq mustahkamlab qo‘yildi. Endilikda investorlarning huquqlari ta’minlanishi va ularning sudda himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanadi. Bundan buyon tadbirkorlar emas, davlat idoralari o‘z qarorlarining qonuniyligini isbotlaydi. Shuningdek, yuzaga keladigan har qanday noaniqliklar investorlar foydasiga hal etiladi.

Davlatimiz yetakchisi so‘zidan iqtibos keltiradigan bo‘lsak, xorijiy investor O’zbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni ko‘z oldiga keltirishi lozim. Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda o‘zini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilg‘or ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarni O’zbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz.

         Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, Germaniya biz uchun juda yaqin hamkor. Chunki bu hamkorlik uzoq tarixga borib taqaladi. Ota-bobolarimiz farzandlarini ilmli qilish uchun Germaniyaga yuborgani, u yerda ta’lim olgan o‘g‘il-qizlarimizning yurtimiz taraqqiyotiga hissasi katta bo‘lganini yaxshi bilamiz.

Umuman olganda O’zbekistonning Germaniya bilan hamkorligi ikkala mamlakat manfaatlariga xizmat qiladi. Ayniqsa, rivojlanish bo‘sag‘asida turgan O’zbekiston uchun rivojlangan mamlakat bilan strategik sheriklik juda katta iqtisodiy samara beradi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining Germaniyaga rasmiy tashrifi mamlakatimiz hayotida yangi istiqbollarni ochadi.

          Mavluda Ibragimova,

          Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    159
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+