Energiya ta’minotida burilish davri boshlanmoqda

15.05.2023, 17:43

Energiya ta’minotida burilish davri boshlanmoqda

Mamlakatimizda energiya ta’minotida muammolar juda ko‘p va nafaqat bu muamolarni bartaraf etish balki sohada yuqori samaradorlikka erishish borasida imkoniyatlarimiz ham juda keng. Aytaylik, oxirgi olti yilda 5 ming megavattdan ziyod yangi elektr quvvatlari yaratilgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida qo‘shimcha 726 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilgan.  Shu bilan birga, bu yil 3 milliard 400 million kilovatt soat elektr tanqis bo‘lishi, yozning issiq kunlarida unga kunlik talab hozirgi 195 million kilovatt soatdan 255 million kilovatt soatga yetishi mumkin. Ammo bu muammoni bartaraf etish imkoniyatlari mavjud.

11 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan selektor yig‘ilishida elektr tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, serquyosh yurtimizda muqobil energiyadan unumli foydalanish yo‘llari ko‘rsatib o‘tildi. Joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, korxona, xonadon va ijtimoiy ob’ektlarda 1 ming 200 megavattli quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Yig‘ilishda Prezidentning “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etishga oid qarori imzolangani e’lon qilindi. Bunda 1 iyuldan gidro elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil” sertifikat beriladi. Ushbu tizim 1 oktyabrdan boshlab, barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olingan elektr uchun joriy qilinadi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan barcha savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit to‘lovlarining 4 foizi qoplab beriladi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan 100 million dollar jalb qilinib, aholi va tadbirkorlarga maqbul shartlarda ajratiladi.

Shu yil 13 fevralda O’zbekiston Prezidentining “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan edi. Bu borada qonunchilikka rioya etilishiga mas’ul Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, yaxlit nazorat tizimi yaratildi. Bugungi kunga qadar 250 milliard so‘mlik energiya resurslar noqonuniy ishlatilgani aniqlanib, zarar undirilgan. Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirib, noqonuniy iste’molga barham berish shartligini ta’kidladi.

Mamlakatimizda energiya ta’minotida burilish davri boshlanayotgani yuqoridagi fikrlarda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Albatta, bu yo‘nalishda zimmadagi vazifalar a’lo darajada bajarilsa va noyob va kamyob hisoblangan enegiya mahsulotlardan tejab-tergab foydalansak, isrofgarchilikning oldini olsak, albatta, qish oylarida ham xonadonlarimiz nurli va charog‘on bo‘ladi. Bunga shak-shubha yo‘q.

Hazraqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    239
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+