O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi rivojida yangi davr boshlanmoqda

20.05.2023, 13:12

O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi rivojida yangi davr boshlanmoqda

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari barcha sohalarni qamrab olgan va keyingi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, ikki davlat endi do‘stlik va sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.

Har ikkala davlat ko‘hna Sharq sivilizatsiyalarining ko‘p asrlik do‘stona va madaniy tarixiga ega bo‘lgani esa o‘zaro gumanitar almashuvlarni faol rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilyapti.

O‘tgan 31 yil ichida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus oldi. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari barcha darajadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab, yangi ufqlar ochmoqda.

Zero, Xitoy bilan O‘zbekiston manfaatlari va taqdiri mushtarak, quvonch va tashvishni birgalikda baham ko‘radigan teng huquqli hamda o‘zaro manfaatdor sheriklardir. Ikki mamlakat ham qadimiy tarixga ega bo‘lib, ularni madaniyatlar mushtarakligi o‘zaro birlashtirib turadi va yanada yaqinlashtiradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 18-19 may kunlari ushbu mamlakatga tashrifi o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi, desak mubolag‘a emas.

Ayniqsa, Sian shahrida O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumining natijalarini alohida aytish joiz. Sababi Xitoyning 400 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etgan forum davomida qator kelishuvlar va shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, forum davomida Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan ijobiy tarkibiy o‘zgarishlar va qulay sharoitlar haqida kengroq ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

O‘zaro manfaatli sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida avtomobilsozlik, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, “yashil energiya”, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavotlarni qayta ishlash sohalari belgilab olindi. Bu esa har ikki tomon uchun ham manfaatlidir.

Tashrif doirasida Prezidentimiz Sian shahrida “Markaziy Osiyo —Xitoy” sammitida ham ishtirok etib, aniq taklif va muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Ayniqsa, yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, 2030 yilga borib mintaqa mamlakatlarining Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish haqidagi tashabbusi anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida gumanitar almashinuvlar, ko‘rgazmalar, konsert va ijodiy safarlar, qo‘shma sport tadbirlarini muntazam o‘tkazishni davom ettirish, ularga yoshlarni keng jalb qilish muhimligiga to‘xtalar ekan, kelgusi yilda Yosh iste’dodlar forumini birgalikda o‘tkazishni taklif qildi.

Umuman olganda, Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajada rivojlanayotganidan hamda strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga sodiqlikdan dalolat beradi. Erishilgan natijalar esa O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarida yangi sahifa ochadi.

Feruza NIG‘MATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    322
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+