Xalq manfaatlari qonunlarda aks etmoqda

22.05.2023, 19:10

Xalq manfaatlari qonunlarda aks etmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bo‘lgan, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir muhim qonun loyihalari muhokama qilindi.

Dastlab deputatlar “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va mazkur sohada xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng qulay sharoit va rag‘batlar yaratish zarurati “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etmoqda.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar esa o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish xizmatlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ko‘rsatilishini ta’minlash orqali tadbirkorlik faoliyati subyektlariga o‘z faoliyat doirasini kengaytirishga, metrologiya sohasida faol raqobat muhitini shakllantirish imkonini beradi.

Deputatlar mazkur qonunning O‘zLiDeP uchun ahamiyatli jihatlariga to‘xtalib, partiya tadbirkorlar, ishbilarmonlar huquqlari va manfaatlarini ishonchli muhofaza etishni ta’minlovchi qonunchilik me’yorlari hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.

Muhokamalar davomida partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha asosli takliflar berdi. Qolaversa, fraksiya a’zolari ushbu hujjatning muhimligini e’tiborga olib, qator savollarni ham o‘rtaga tashlashdi.

Mutasaddilar ko‘tarilgan har bitta savol bo‘yicha alohida tushuntirishlar berdi. Qizg‘in kechgan baxs-munozaralar, uzoq davom etgan savol-javoblardan so‘ng, bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olingani, ushbu hujjat har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilganini qayd etib, uni qo‘llab-quvvatlashdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2022 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham ko‘rib chiqilib, fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

  • Ko'rildi
    286
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+