O’zbekiston-Singapur hamkorlikni kengaytirish yo‘lida
25.05.2023, 18:51

O’zbekistonning dunyo mamlakatlari bilan diplomatik hamkorlikni o‘rnatishi mamlakatimizga xalqaro hamkorlik qilish va o‘zaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish imkonini berayotir.
O’zbekiston va Singapur o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy huquqiy asosini 14 ta hujjat tashkil etadi, shulardan 6 tasi davlatlar va hukumatlararo, 6 tasi idoralar va 2 tasi tarmoqlararo hujjatlardir. Oliy va yuqori darajadagi doimiy muloqotlar, faol iqtisodiy hamkorlik va investitsiyaviy faoliyat, keng madaniy-gumanitar hamkorlik tomonlar o‘rtasidagi yaqin aloqalarning muhim tarkibiy qismlariga aylandi.
Singapur Janubi Sharqiy Osiyodagi iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlat bo‘lib, Janubiy Koreya bilan birga “yangi sanoatlashgan” mamlakatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallaydi. Respublika salohiyati, hukumatning investitsiyaviy siyosati O’zbekiston uchun iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda keng imkoniyat yaratadi. Singapur bilan savdo iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimizning Janubi Sharqiy Osiyodagi ishtirokini kengaytirish va shu orqali ASYeAN davlatlari respublikasi bilan munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil bo‘lishi mumkin.
Ob’ektiv tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 1997 yilda O’zbekiston va Singapur o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgach, iqtisodiy aloqalar mustahkamlandi. Ayni damda, XX asrning 70 yillariga qadar eng qashshoq mamlakatlardan biri hisoblangan ushbu mamlakat dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari qatoriga qo‘shildi. Hozirgi kunda Singapur ulkan iqtisodiy, moliyaviy va inson kapitali ega yuksak rivojlangan davlatdir. 6 millionga yaqin aholisi bo‘lgan ushbu mamlakatda yalpi mahsulot 379 milliard dollarni, yillik daromad kishi boshiga qariyb 65 ming dollarni tashkil etadi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi tobora ortib bormoqda: 2017 yildagi 92,6 mln dollardan 2022 yilda 143 mln dollargacha (eksport – 105 mln dollar, import – 38 mln dollarni tashkil etdi). Singapurga asosan qora metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, qurilish materiallari, turli xizmatlar eksport qilinadi. Import tarkibidan kauchuk, rezina, optik buyum va asboblari, mexanik uskunalar, to‘qimachilik buyumlari va xizmatlar o‘rin olgan.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida Singapur investitsiyalari hajmi yil sayin oshmoqda. 2016-2022 yilda Singapur investitsiyasi 700 million dollarni tashkil etdi. Bugun O’zbekistonda ushbu davlat sarmoyadorlari ishtirokidagi 90 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular elektr texnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, ta’lim, savdo, mashinasozlik va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan. Shulardan 80 tasi qo‘shma, 10 tasi yakka tartibdagi korxonalardir.
Ta’lim sohasi O’zbekiston va Singapur hamkorligining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan. Toshkentda 2008 yildan buyon Singapur menejmentni rivojlantirish instituti faoliyat yuritib kelmoqda. 2021 yilda poytaxtimizda Singapur boshqaruv va kommunikatsiyalar texnologiyalari akademiyasining filiali tashkil etildi. Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Singapur Milliy universiteti tizimidagi Li Kuan Yu davlat siyosati maktabi, shuningdek, Singapur davlat xizmati kolleji bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil yanvarda Singapurga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatidan yangi pog‘onaga olib chiqdi. Tashrif doirasida bir necha milliard dollarga yaqin qo‘shma loyihalar imzolandi. Ushbu tarixiy tashrif kelajakda ikki mamlakatning yanada yaqin aloqalarida yangi bosqichni boshlab berdi.
Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning yurtimizga davlat tashrifi doirasida 2023 yil 24 may kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, ushbu oliy darajadagi tashrif ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 25 yil ichida birinchisi hisoblanadi.
Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, jamoat xavfsizligi va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha muloqotlarni faollashtirish masalalariga katta e’tibor qaratildi. Xususan, davlatimiz rahbarining Singapurga shu yil yanvarda amalga oshirgan tarixiy tashrifi yakunida hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan barcha kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Singapurning “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda kimyo va to‘qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta’lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida 3,8 milliard dollarlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim markazi doirasida Singapurning davlat boshqaruvi va boshqaruv kadrlarini tayyorlash borasidagi tajribasini joriy etish muhimligi ta’kidlandi. Davlat rahbarlari Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyoda mintaqaviy integratsiyaning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, xalqaro maydonda, eng avvalo BMT doirasida hamda O’zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonida o‘zaro anglashuv va qo‘llab-quvvatlash darajasi yuqori ekanini qayd etishdi.
Umuman olganda, diyorimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar O’zbekiston va Singapur o‘rtasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi. Bu O’zbekistonning strategik muhim hudud sifatida Janubi-Sharqiy Osiyoga yanada kirib borishiga xizmat qiladigan tashqi siyosatini diversifikatsiya qilishiga hissa qo‘shadi. Ushbu tashrif hozirgi o‘zgarishlar ikki mamlakat o‘rtasida savdo-diplomak, savdo-iqtisodiy, ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganining belgisidir.
Aktam Xaitov,
O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi
O'xshash yangiliklar
-
“Yoshlar daftari”: Yangi imkoniyatlar va kompleks yondashuv
28.09.2023, 16:37
-
Besh tashabbus olimpiadasi — yoshlarni birlashtirishda muhim omil
28.09.2023, 16:25
-
Jahon savdo tashkiloti: imkoniyatlar eshigi ochilmoqda
28.09.2023, 14:43
-
Tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot tarafdorimiz
27.09.2023, 17:00
-
Endi mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” bo‘ladi
27.09.2023, 09:57
Fikringizni qoldiring