Jahon hamjamiyati e’tibori yana O’zbekistonga qaratildi

29.05.2023, 12:34

Jahon hamjamiyati e’tibori yana O’zbekistonga qaratildi

Demokratik tamoyillarga tayanib, jadal rivojlanishni maqsad qilgan mamlakatga shunday munosabat bildirilishi, qisqa muddatda erishgan yutuqlari keng miqyosda tahlil qilinishi, islohotlar muvaffaqiyatining omillari tadqiqotchilar uchun dolzarb mavzuga aylanishi tabiiy, albatta.

Yana e’tibor kuchayganining boisi hammamizga ayon, deb o‘ylayman. Yaqindagina yurtimizda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi ham tashkiliy jihatdan, ham shaffof siyosiy tadbir nuqtai nazaridan xalqaro ekspertlar diqqatini tortgani bejiz emas. Lekin muddatidan ilgari saylov e’lon qilinishini, Prezidentimiz uch yarim yillik qonuniy vakolatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechishini hech kim kutmagandi, nazarimda.

Aslida bu ham demokratiyaning yorqin namoyishi. Konstitutsiya 65 foizga yangilanib kuchga kirgandan keyin davlat boshlig‘i saylovini qayta o‘tkazish adolatli qarordir. Biroq hamma ham bunga jur’at qila olmaydi. Faqat xalqi mandat berishiga qat’iy ishongan kuchli liderlargina shunday qadam qo‘ya oladi. Inson qadrini yuksaltirish uchun tolmaydigan yetakchigina halovatidan kechib harakat qila oladi.

Xullas, oldimizda g‘oyat mas’uliyatli, ko‘pmillatli xalqimiz va mamlakatimiz taqdiriga daxldor bo‘lgan ulkan siyosiy jarayon turibdi. 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari p rezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rish Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining har bir a’zosi uchun mashaqqatli mehnat pallasidir. Salkam yigirma yil davomida mamlakatimizda islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lib kelayotgan O‘zLiDeP yetakchilik maqomini qo‘ldan bermaslik uchun navbatdagi kurashga kirishadi. Bunda partiyamiz 14 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlari orqali o‘z saflarida salkam bir million uch yuz ming a’zoni birlashtirgani mustahkam tayanch vazifasini o‘taydi, deb ishonaman.

O’z faoliyatining dastlabki yillarida O‘zLiDeP tadbirkorlar, ishbilarmon va fermerlarning haq-huquqlari ifodachisi sifatida maydonga chiqqan bo‘lsak, endilikda jamiyatimizning barcha faol qatlamlarini farovonlik va taraqqiyot maqsadlariga birlashtiruvchi mustahkam siyosiy kuch sifatida shakllandi. Boshqacha aytganda, liberallar jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlar qabul qilish va tashabbuslarni amalga oshirishda ham yetakchidir.

Modomiki, biz Konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib, muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida ham munosib nomzod bilan ishtirok etamiz. Saylov kodeksi va ustavimizga muvofiq partiyamizning prezident saylovida ishtirok etadigan nomzodini yuqori organimiz – s’ezd tasdiqlab beradi.

Yurtimiz hayotining barcha jabhalarida: u ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy soha bo‘ladimi, qishloq xo‘jaligi yoki sanoat tarmoqlari bo‘ladimi, jadal sur’atlar bilan o‘sishi ta’minlanayotganini xalqimiz va dunyo ahli e’tirof etmoqda. Shunday marralarga erishishimizda Shavkat Mirziyoyevning mislsiz xizmati, betakror mehnati borligini har qancha ta’kidlasak-da kam. Shundan kelib chiqib, o‘zining butun hayoti va mehnat faoliyatini Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligini ta’minlashga bag‘ishlagan, ko‘p yillardan beri xalqimizning yuksak ishonchi va mehr-muhabbatini qozongan inson nomzodini ilgari surishni eng to‘g‘ri qaror deb hisoblaymiz!

O‘zLiDeP nomzodi Yangi O’zbekistondagi innovatsion islohotlar muallifi ekani barobarida ularni dadil davom ettirishga qodir, talabchan va vatanparvar, juda katta tajriba va ulkan siyosiy salohiyatga ega rahbardir.

Saylovoldi dasturimizdagi eng muhim yo‘nalishlar 2022– 2026 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning yettita ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Taraqqiyot strategiyasi asosida muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Yangi O’zbekiston strategiyasiga muvofiq har bir sohada davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni shakllantirish, o‘zaro manfaatli tashqi siyosatni amalga oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi. Bunday keng ko‘lamdagi tarixiy islohotlarni amalga oshirish va xalqimizni rozi qilishdek mashaqqatli va sharafli vazifalarni ado etishda shaxsan Shavkat Mirziyoyev bosh-qosh bo‘lib kelmoqda.

“Inson qadri uchun!” tamoyili asosidagi islohotlar natijasida aholining bandligi oshayapti, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalari isloh qilindi, ayollarga munosabat, yoshlarga e’tibor tubdan o‘zgardi. Puxta o‘ylangan ijtimoiy siyosat natijasida yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimi yo‘lga qo‘yi lib, salmoqli natijalarga erishildi. Natijada oxirgi olti yilda yurtimizda kambag‘allik darajasi qariyb ikki barobarga qisqarganini alohida e’tirof etamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natija bilan mustahkamlangan, o‘z mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib bormoqda. O’tgan yillar partiyamizning elektorati bo‘lgan tadbirkor, fermerlar uchun ham misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat deb qabul qilindi. Asossiz tekshiruvlarga chek qo‘yildi, eksportyorlar rag‘batlantirildi, ishbilarmonlik tashabbuslari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Natijada oxirgi olti yilda tadbirkorlar soni olti barobarga ko‘payib, ular soni ikki milliondan oshgani buning yaqqol isbotidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli sarmoyadorlar uchun ham qulay iqtisodiy muhit yaratildi, kiritilgan xorijiy sarmoyalarning yillik hajmi oxirgi olti yilda uch barobar ko‘payib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkich o‘n milliard AQSh dollariga yetdi.

Aholi va tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat va hukumat rahbariga murojaat qilishi, hukumat vakillari, sektor rahbarlarining mahallabay, xonadonbay yurishi natijasida aholi va tadbirkorlarning aksariyat muammolari joyida yechim topayotganini ham alohida tilga olish lozim.

Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan an’anaviy murojaatnomasida “Yurtdoshlarimiz orasida yuz minglab mulkdorlar, aksiyadorlar paydo bo‘lsin”, deya ko‘nglidagi ezgu niyatlaridan birini izhor qilgan edi. Shunday ham bo‘lyapti. O’tgan bir yil davomida tadbirkorlar tomonidan 55 mingdan ortiq biznes uchun binolar qurilgan. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 5 mingtaga ko‘payib, 26 mingtaga yetgan.

Joriy yilda boshlangan “Yangi O’zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturiga muvofiq shu yilda O’zbekistonimizdan 2 ming nafar tadbirkor ilk bor tashqi bozorlarga qadam qo‘yganining o‘zi katta natija.

O’tayotgan yetti yil mamlakatimizni nafaqat ichki, balki tashqi siyosatini ham tubdan o‘zgartirgan, jahonga Yangi O’zbekistonni kashf qilgan davr bo‘ldi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Markaziy Osiyodagi yaqin qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda amalga oshirilgan tarixiy o‘zgarishlar asrlar davomida yonma-yon yashab kelgan qardosh xalqlarning duosiga sabab bo‘ldi, deb bemalol aytish mumkin. Kengroq ma’noda esa Markaziy Osiyo mintaqasini tinchlik va barqarorlik maskaniga aylantirish borasida O’zbekiston Prezidenti amalga oshirgan sa’y-harakatlarni butun dunyo tan olayotgani ham sir emas. Tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish partiyamiz dasturiga hamohangdir.

Davlatimiz rahbari shu yil 8 may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida ulkan vazifalarga e’tibor qaratdi. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi ko‘rsatkichga nisbatan ikki barobar oshirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, qishloq, suv xo‘jaligi, sanoat, energetika, transport, qurilish sohalariga katta-katta investitsiyalar jalb qilinishi borasidagi ishlarni jadallashtirish vazifalari, ta’kidlash kerakki, bevosita partiyamizning saylovoldi dasturiga ham to‘la mos keladi.

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, Yangi O’zbekistondagi hayo tiy islohotlarni jadal sur’atda davom ettira oladigan, xalqimizni hayotdan rozi qilish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga solishga qodir bo‘lgan ulkan salohiyatli rahbar, xalqimizning cheksiz mehr-muhabbatini, munosib ishonchini qozona olgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini muddatidan oldin o‘tkazilayotgan prezidentlik saylovida ilgari surish tashabbusini vakolatli organ – partiya s’ezdida tasdiqlash eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Aktam XAITOV,

 O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    455
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+