Xalqchil islohotlar xalqqa xizmat qiladi

29.05.2023, 12:37

Xalqchil islohotlar xalqqa xizmat qiladi

Shu kunlarda mamlakatimizda katta siyosiy tadbir – muddatidan ilgari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ma’lumki, siyosiy jarayonlarning debochasi – har gal quyi bo‘g‘indan, ya’ni boshlang‘ich partiya tashkilotlaridan boshlanadi. O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qaroriga muvofiq dastlab hududlarda BPTlarning umumiy yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

O’z safida qariyb 102 mingdan ziyod a’zolarni birlashtirgan O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi tarkibida 990 ta bosh lang‘ich partiya tashkiloti mavjud. Bugungi tayanch tuzilmalar joylarda aholining quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib yashayotgan, ularning muammolarini partiyaviy vositalar bilan bartaraf etishda deputatlarga eng yaqin kamarbasta bo‘lgan maslakdoshlarimiz hisoblanadi.

So‘nggi yillarda partiya safiga kirish istagidagi yoshlarning ko‘paygani, jamiyatda demokratik tamoyillar ustuvorligi oshib borayotgani quyi bo‘g‘in a’zolarining barcha jabhalarda faolligida ham yaqqol sezilib turibdi.

Viloyatdagi barcha boshlang‘ich partiya tashkilotlarida bo‘lajak prezidentlik saylovini uyushqoqlik bilan o‘tkazish hamda ularda tuman (shahar) konferensiyalariga delegatlar saylash masalalariga bag‘ishlangan umumiy yig‘ilishlar o‘tkazildi. Eng munosib nomzodlar partiyaning yuqori organlariga vakil etib saylandi.

Mazkur konferensiyalarda ishtirok etayotgan senatorlarimiz, deputat va partiya faollari saylovda faol ishtirok etish hamda tuman (shahar) partiya tashkilotidan viloyat konferensiyasiga delegatlar saylash masalasini muhokama qilish bilan bir qatorda mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rish, partiya g‘oyalarini aholi orasida kengroq targ‘ib qilish, saylovga oid barcha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini samarali tashkil etish borasida vazifalarni belgilab olmoqdalar.

Oshkora muloqot ruhida o‘tayotgan anjuman ishtirokchilari so‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilganiga alohida urg‘u berishmoqda. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini zamonaviy bozor munosabatlari talablaridan kelib chiqib yanada erkinlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilgani, turli tekshiruvlarga moratoriy joriy qilingani, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan soddalashtirilgani, davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash orqali davlatning iqtisodiyotga aralashuvi cheklangani alohida ta’kidlab o‘tilmoqda.

Bo‘lib o‘tayotgan imzo to‘plash jarayoni, BPTlarning umumiy yig‘ilishlari, partiya tuman va shahar kengashlari konferensiyalari Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bugun yurtimizda olib borilayotgan xalqchil va hayotiy islohotlarning muvaffaqiyatli borishi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan siyosiy kuch ekanini yana bir bor namoyon qilmoqda.

Sherzod MAMATQULOV

O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi apparat rahbari

  • Ko'rildi
    86
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+