BIZNING MAQSADIMIZ ANIQ VA O’ZGARMASDIR – DEMOKRATIK DAVLAT VA FUQAROLIK JAMIYATI QURISH YO‘LINI YANADA QAT’IY DAVOM ETTIRAMIZ

31.05.2023, 16:49

BIZNING MAQSADIMIZ ANIQ VA O’ZGARMASDIR – DEMOKRATIK DAVLAT VA FUQAROLIK JAMIYATI QURISH YO‘LINI YANADA QAT’IY DAVOM ETTIRAMIZ

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTLIGIGA KO‘RSATILGAN NOMZOD SHAVKAT MIROMONOVICH MIRZIYOYEVNING TADBIRKORLAR VA ISHBILARMONLAR HARAKATI – O‘ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASINING XI SYEZDIDAGI NUTQI

Hurmatli syezd qatnashchilari!

 Aziz vatandoshlar!

Sizlar bilan mamlakatimiz hayotidagi o‘ta muhim siyosiy voqea – O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida uchrashib turganimdan bag‘oyat xursandman.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi mening nomzodimni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ilgari surgani uchun siz – partiya a’zolari va faollariga cheksiz minnatdorchilik bildiraman.

Barchamiz yaxshi bilamizki, mazkur partiya ilgari faqat tadbirkor va ishbilarmonlarni birlashtirgan bo‘lsa, qisqa muddatda shifokor va o‘qituvchi, quruvchi va muhandis, olim va ijodkorlarni ham o‘z safiga jalb etib, katta siyosiy kuchga aylandi. Bugungi kunda u o‘zining ezgu g‘oya va tashabbuslari bilan jamiyatimizda katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan partiyadir.

Ayni vaqtda islohotlarimiz va tashabbuslarimizda biz bilan hamfikr bo‘lib, nomzodimni qo‘llab-quvvatlagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillariga ham tashakkur aytaman. “Milliy tiklanish” partiyasi yurtimizdagi ming-minglab ziyolilarning o‘y-fikrlari, orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etadi. O’z faoliyatini Vatan taqdiri bilan chambarchas bog‘lagan, milliy o‘zligimizni asrash, ma’naviy qadriyatlarimizni rivojlantirish va yosh avlodga bezavol yetkazishdek ezgu ishga bag‘ishlagan partiya a’zolarining ushbu qarori va qo‘llovini men yuksak qadrlayman.

Chindan ham, bizni – O’zbekistonning fidoyi farzandlarini Vatan mustaqilligi, el-yurt manfaati kabi yuksak maqsad va g‘oyalar birlashtiradi.

Bugungi uchrashuvimizda so‘nggi olti yarim yilda iqtisodiyotimizni “oyoqqa turg‘izib”, yuz minglab ishchi o‘rinlari yaratgan ilg‘or tadbirkorlarimizni, bozorlarimizni to‘kin-sochin qilib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizni hamda klasterlar rahbar va xodimlarini, hayotga dadil kirib kelayotgan bilimli, azmu shijoatli yoshlarimizni, o‘z kasbiga fidoyi ilm-fan va madaniyat namoyandalarini, jonkuyar muallim va shifokorlarimizni; xonadonlarimiz fayzi, mahallalarimiz “vijdoni” bo‘lgan donishmand nuroniylarimizni, Vatanimiz bayrog‘ini jahon maydonlarida baland ko‘tarayotgan sportchilarimizni, bir so‘z bilan ayt ganda, ko‘pmillatli xalqimizning munosib vakillarini ko‘rib turganimdan behad mamnunman.

Menga bildirgan ishonchingizni sizlar bilan, xalqimiz bilan birgalikda amalga oshirgan islohotlarimizga berilgan xolisona va yuksak baho, deb qabul qilaman.

Bugun bir haqiqatni ishonch bilan ayta olamiz: o‘tgan davrda biz katta va murakkab yo‘lni bosib o‘tdik. O’zbekistonimiz, butun jamiyatimiz, odamlarimiz hayoti tubdan o‘zgardi.

Albatta, yutuq va muvaffaqiyatlarimiz haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin “Erishilgan natijaning o‘zi eng yaxshi ko‘zgudir”, degan hikmat bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, o‘tgan davrda biz qo‘lga kiritgan marralar ko‘p narsani anglatadi. Eng muhimi, har bir yurtdoshimiz ularni o‘z hayotida sezmoqda. O’zbekistonimiz tom ma’noda Yangi O’zbekistonga aylanmoqda.

Buning tasdig‘i sifatida faqat bir misol keltirmoqchiman: bundan olti-etti yil oldin asosan paxta, oltin, mis va gaz xomashyosini sotib, daromad ko‘rgan mamlakatimiz qisqa muddatda mintaqamizda iqtisodiyoti diversifikatsiya qilingan, tayyor mahsulotlar eksporti jadal o‘sib borayotgan davlatga aylandi. Eng asosiysi, odamlarimizda, tadbirkorlarimizda qo‘rquv, umidsizlik hissi yo‘qolib, o‘zi va oilasi, farzandlarining hozirgi va ertangi kuniga mus tahkam ishonch paydo bo‘ldi.

Albatta, bu ishlarni uddalash oson bo‘lmadi, lekin har qanday qiyin chilikka qaramasdan, biz bunga erishdik. Islohotlarimizga ortga qaytmaydigan, muqarrar tus berish va ularni huquqiy kafolatlash maqsadida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik. Ishonamizki, Asosiy qonunimiz – biz barpo etayotgan Yangi O’zbekistonning, biz intilayotgan Uchinchi Renessansning buyuk poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

 

Aziz do‘stlar!

Bugungi kunda aholimiz yiliga 2 foiz o‘smoqda, nasib etsa, 2030 yilga borib 40 millionli mamlakat bo‘lamiz. Bunday katta davlatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, xalqimizga munosib sharoit yaratish uchun iqtisodiyot ham, boshqaruv ham, ta’lim va tibbiyot ham yangicha bo‘lishi, barcha sohalarda o‘sish, rivojlanish bo‘lishi kerak.

Shu ma’noda, Yangi O’zbekiston bu – avvalo inson qadri ulug‘langan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimiz o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan mamlakatdir.

Yangi O’zbekiston, bu – sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol insonlar yurtidir.

Yangi O’zbekiston, bu – global ishlab chiqarishning muhim va ajralmas bo‘g‘iniga aylangan, kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatdir.

Yangi O’zbekiston, bu – inson va biznes manfaatlari adolatli qonunlar asosida himoya qilinadigan jamiyatdir.

Yangi O’zbekiston, bu – mamlakat ichkarisida yoki xorijda bo‘ladimi, vatandoshlarimizni har qanday sharoitda ham himoya qila oladigan, chegaralari ishonchli qo‘riqlanadigan, xavfsiz va barqaror davlatdir.

Men Yangi O’zbekistonni shunday tasavvur qilaman va ishonaman – ana shu erkin va farovon, qudratli davlatni xalqimiz bilan birgalikda albatta quramiz!

Hurmatli syezd ishtirokchilari!

Bizning uch ming yillik davlatchilik tariximiz, boy va betakror madaniyatimiz – necha-necha ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz qilgan fidokorona mehnatlar, izlanish va jasoratlar mahsulidir. Shu ma’noda, Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ulug‘vor maqsadlarimizga ham biz faqat va faqat mardona mehnat bilan erisha olamiz.

Biz o‘tgan olti yarim yilda yangi davrga o‘tish uchun siyosiy-huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy poydevor yaratdik. Kelgusi yetti yilda esa, “Yangi O’zbekiston” degan muhtasham imoratni barpo etish bosh vazifamiz bo‘ladi.

Bu borada beshta strategik maqsad yaqin kelajakdagi faoliyatimizda hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Birinchi maqsad – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish.

Dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, inson uchun, shaxs kamoloti uchun yaratilgan imkoniyatlar jamiyat taraqqiyo tida asosiy rol o‘ynaydi.          

Bu haqda so‘z yuritganda, donishmandlarning “Har qaysi insonning qalbida bir quyosh bor, faqat unga nur sochish imkonini berish kerak”, degan so‘zlarini eslash o‘rinlidir.

Chindan ham, insondagi aql-zakovat, iste’dod va qobiliyat quyosh kabi nur sochib, uning yo‘lini yoritsa, buning uchun imkoniyat yaratilsa, jamiyatda o‘sish, o‘zgarish va ravnaq bo‘ladi.

Xalqaro ekspertlar bilan birga o‘tkazgan tahlillarimiz ko‘rsatmoqdaki, bugun hayotimizdagi mavjud sharoitlar bolalarimizga faqat 60 foiz salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkon berar ekan.

Shu bois, biz ta’lim-tarbiya sohasini tubdan o‘zgartirishga bel bog‘lab, islohotlarni bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishdan boshladik va so‘nggi yillarda qamrovni 27 foizdan 72 foizga olib chiqdik.

O’tgan davrda maktab ta’limida qo‘shimcha 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, 200 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab tashkil qilindi.

Eng muhimi, ta’limga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib keldi. Bularsiz ushbu sohada o‘zgarish bo‘lishi mumkin emas.

Boshlang‘ich sinf darsliklari eng ilg‘or xorijiy tajribalar asosida to‘liq yangilandi. Maktablarga minglab xorijiy muallimlar olib kelindi. Bugun qancha-qancha oddiy oilalar farzandlari xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lmoqda, nufuzli xorijiy oliygohlarga kirmoqda. Ularning ota-onalari quvonchi cheksiz.

Ayni vaqtda barchamiz yaxshi tushunamizki, bu ishlar ulug‘ maqsad yo‘lidagi dastlabki qadamlardir. Oldimizda yanada ulkan vazifalar turibdi. Masalan, bu yil maktablarni 390 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, 700 ming bola 1-sinfga boradi. Kelgusi yillarda bu raqam 1 millionga chiqadi. Bu esa, tabiiyki, bizdan yanada ulkan kuch va resurslarni safarbar etishni talab qiladi. Shu bois, maktabgacha va maktab ta’limini yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha yangi das turlarni boshlaymiz.

Eng avvalo, 2030 yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanadi va qamrov 100 foizga yetkaziladi. Buning uchun ishlab chiqarish korxonalarining bog‘cha qurishga sarf etiladigan xarajatlari soliqlardan to‘la ozod qilinadi. Shuningdek, bu maqsadlarga 7 foizlik stavkada 10 yil muddatga kredit beriladi. Natijada, 2030 yilga qadar qo‘shimcha 2 mingta bog‘cha quriladi.

Ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘cha xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu imtiyoz bola xususiy bog‘chaga borsa ham qo‘llanadi.

Bog‘cha va maktablarimiz filtrlangan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan, sut va yod bilan to‘yingan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bolajonlarimizni erta yoshdan boshlab zamonaviy texnologiyalarga o‘rgatish maqsadida har bir bog‘cha kompyuter sinfi bilan ta’minlanadi.

Kelgusi 7 yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rni yaratishimiz, ta’lim sifatini tubdan yaxshilashimiz zarur. Shu maqsadda “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturini amalga oshiramiz.

Xususiy ta’limga qo‘shimcha yengilliklar beriladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida maktablar qurishni keng joriy etamiz. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan to‘liq ta’minlanadi. Chekka hududlarimizda maktab avtobuslari bepul yo‘lga qo‘yiladi.

Birinchi navbatda ehtiyojmand oilada tarbiya topayotgan bolalarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur choralarni ko‘ramiz. Shu sababli 2030 yilgacha barcha tuman va shaharlarda “Iste’dod – intilish – istiqbol” deb nomlanadigan maktab-internatlar tashkil etiladi. Ularda Prezident maktablaridan kam bo‘lmagan sharoit yaratiladi va ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun 70 foiz kvota ajratiladi.

Yoshlarimiz uchun dunyo eshiklarini ochadigan kalit, bu – xorijiy tillarni bilishdir. Bu borada, kelgusi yetti yilda barcha maktablarga chet ellardan “til egalari” bo‘lgan o‘qituvchilarni olib kelamiz. Buning uchun har yili 200 milliard so‘m ajratiladi. Dunyodagi eng nufuzli 500 oliy o‘quv yurti ro‘yxatiga kiradigan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim” joriy etiladi.

Bundan tashqari, biotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda yiliga 500 nafar iste’dodli yoshlarimizni eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuboramiz. Buning uchun, 200 million dollar yo‘naltiramiz.

Kelgusi yetti yilda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun 1 milliard dollar ajratiladi. Biz hurmatli professor va akademiklar, ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan magistr va aspirantlar, oliygohlar o‘qituvchi va domlalari, bir so‘z bilan aytganda, zahmatkash ilmiy va ijodkor ziyolilarimiz Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotganini yuksak qadrlaymiz.

Fursatdan foydalanib, ularning barchasiga minnatdorchilik bildirib, samimiy hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Bu yil O’zbekiston ilm-fanining asosiy tayanchi bo‘lgan Fanlar akademiyasi tashkil topganiga 80 yil to‘ladi. Bu qutlug‘ sanani hammamiz birgalikda nishonlaymiz.

Biz Yangi O’zbekistonni bunyod etishda sog‘lom va barkamol yoshlarimizni hal qiluvchi kuch deb bilamiz. Shu maqsadda ularning bilim, madaniyat, san’at va sport bo‘yicha salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish borasida ham yangi tizim yaratamiz.

Takror va takror aytaman: Yangi O’zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi.

Yoshlarimizning faolligi, Vatanimiz taqdiri va taraqqiyotiga befarq emasligi, ertangi kunga katta umid va ishonch bilan qarayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ish laydi.

Biz “Bugungi O’zbekiston – bu kechagi O’zbekiston emas”, deb ko‘p gapiramiz. Buning isbotini avvalo yoshlarimiz siymosida, ularning yutuq va g‘alabalarida ko‘ramiz.

Qadrli farzandlarim, bir narsadan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin: sizlarning qobiliyat va iste’dodingizni ro‘yobga chiqarish uchun biz bundan buyon ham barcha sharoit va imkoniyatlarni albatta yaratib beramiz.

 Men siz, azizlarning har biringizni o‘zimning o‘g‘lim, o‘zimning qizim, o‘zimning nevaram, deb bilaman. Sizlarning har bir yutug‘ingiz, g‘alabangizni o‘zimning yutug‘im, o‘zimning g‘alabam, deb qabul qilaman. Jonajon Vatanimiz, zahmatkash xalqimizning ana shunday yuksak ishonchi va mehriga doimo munosib bo‘ling, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Muhtaram vatandoshlar!

Hayotda o‘z isbotini topgan bir haqiqat doim yodimizda turishi zarur: faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

Bundan olti-etti yil oldin, afsuski, o‘n minglab bemorlar gemodializ, onkogematologiya yordamidan foydalanish uchun kunlab, oylab navbat kutganlari, qanchasi bu xizmatlarga yetib bora olmagani achchiq haqiqat. Yoki eshitish qobiliyati zaif, yurak nuqsoni va irsiy kasalligi bor minglab bolalarga o‘z vaqtida maxsus tibbiy yordam ko‘rsatilmagani ham hech kimga sir emas.

Biz tibbiyot sohasida katta islohotlarni boshladik. Buning natijasida vaziyat tubdan o‘zgardi. Endi bunday bemorlar uchun zamonaviy shifoxonalar ham, malakali mutaxassislar va davolash uchun mablag‘imiz ham yetarli. Lekin aholimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish uchun hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak.

Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Buning uchun 2030 yilga qadar onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobar qisqartirish; onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasallik lar bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifamiz bo‘ladi. Bunda 120 ming nafar onkologiya, 350 ming nafar diabet, 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olamiz. “Gepatit S” kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolashni yo‘lga qo‘yamiz. Tuberkulyoz bilan kasallanish darajasini yuz ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirishga erishamiz.

Shu bilan birga, kelgusi yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paket aholiga bepul taqdim etiladi. Bu orqali, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlari birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal bo‘ladi.

Onkologik bemorlar hayotini saqlab qolish maqsadida mamlakatimizda ilk bor o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bu boradagi xarajatlar ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun to‘liq davlat hisobidan qoplanadi.

Tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasini bepul tarqatishni kelgusi yillarda ham davom ettiramiz.

Yana bir muhim yangilik – sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq raqamlashtiriladi va tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilinadi. Umuman, 2030 yilga qadar tibbiyotga budjetdan ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini 2 karra oshirib, 6 milliard dollarga yetkazamiz.

Ma’lumki, so‘nggi olti yilda biz ijtimoiy yordam ko‘lamini 5 barobar oshirib, 2 milliondan ortiq oilani qamrab oldik. Hozirgi kunda har bir ehtiyojmand oila budjet va “3 ta daftar” tizimi orqali moddiy yordam olmoqda. Bu maqsadlarga budjetdan har yili ajratiladigan mablag‘ni 18 trillion so‘mga yetkazdik. Qiyoslash uchun: 2016 yilda bu raqam 2,2 trillion so‘mni tashkil etardi.

Ijtimoiy ta’minotga yo‘naltirilgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2,5 barobar yoki 2016 yildagi 0,9 foizdan 2022 yilda 2,2 foizga ko‘paydi. Lekin ijtimoiy himoya faqat pul berish bilan cheklanib qolmoqda. Aslida, bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi kerak.

Misol uchun, bizda og‘ir vaziyatga tushgan 30 ta toifadagi 9 million aholi bor. Bular – nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollar. Shu bois, ijtimoiy xizmatlar sohasini butkul qayta ko‘rib chiqamiz. Endi har bir mahallada professional ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular ijtimoiy xizmatlarni manzilli asosda ko‘rsatadi.

Og‘ir hayotiy ahvolga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi” ochiladi. Ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dorilarni yetkazish, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Og‘irroq vaziyatdagi oilalarga psixologik yordam ham beriladi. Bunday oila larning hayot sifati amalda yaxshi tomonga o‘zgargandan keyingina, “ijtimoiy xizmat ishi” yopiladi.

Tumanlarda ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari; psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar”; zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “koll-markaz”lar tashkil qilinadi. Shuningdek, qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun ham huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmati kengaytiriladi.

Tug‘ruq ta’tilidagi ayollar uchun onlayn ishlash tizimi joriy etiladi. Bolalarni vasiylikka olish tizimi, vasiylarni tanlash mezonlari va monitoring qilish tartibi to‘liq o‘zgaradi.

Har yili yurak nuqsoni bor 5 ming bolani va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloqni bepul davolashni davlat o‘ziga majburiyat qilib oladi. Tasavvur qilinglar, shu tariqa qancha-qancha oilalarga quvonch va baxt olib kirishga erishamiz.

Ma’lumki, O’zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko‘mak va yordam berish, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolgan yurtdoshlarimiz o‘zining azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda.

Biz bu yo‘nalishda boshlagan xayrli ishlarimizni faol davom ettirib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratamiz. Endi ortopediya, reabilitatsiya, tibbiyot va dori vositalarini ularning o‘zi tanlaydi. Davlat esa, faqat pulini to‘lab beradi.

Shu bilan birga, protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash xarajatlari yiliga hozirgi 80 milliard so‘mdan 250 milliard so‘mga ko‘paytiriladi.

Nogironlikni belgilash bo‘yicha hozirgi tibbiy modeldan ijtimoiy modelga o‘tamiz. Ya’ni, ishlash istagidagi nogiron shaxslar uchun zarur sharoitlarni yaratamiz. Buning uchun ular mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘qitiladi.

Nogironligi bor oila a’zosiga qarovchi ehtiyojmand insonlarga ish haqi to‘lash tizimi joriy qilinadi. Ushbu toifadagi odamlarimizni biznesga jalb qilib, daromad topishga o‘rgatgan, ularning mahsulotini realizatsiya qilishga ko‘maklashgan tadbirkorlarga imtiyoz va afzalliklar beramiz.

Bu ishlarni muvofiqlashtirish uchun hozirgi 6 ta vazirlikda tarqoq bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar birlashtirilib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etiladi. Yangi agentlik uchun kamida 10 foiz xodimlar nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida ishga olinadi.

Ijtimoiy himoyaga ajratiladigan barcha mablag‘lar agentlik huzurida tashkil etiladigan alohida jamg‘arma orqali manzilli yo‘naltiriladi va uning xarajatlari ochiq-oshkora bo‘ladi. Agentlik jamoatchilik bilan yaqin muloqot o‘rnatib, ular bilan bamaslahat ish yuritadi.

Yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Bizning bugungi tinch va osoyishta, erkin va farovon hayotga, shunday yorug‘ kunlarga yetib kelishimizda hurmatli keksa avlod vakillari beqiyos hissa qo‘shganini minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Shu bois muhtaram nuroniylarimizga hurmat va ehtirom, amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Shu maqsadda qadrli otaxon va onaxonlarimizning sog‘lig‘ini tiklash, mazmunli dam olishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha katta das tur qabul qilamiz.

Uch milliondan ortiq nuroniylarimiz har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifoxona va sihatgohlarda davolanadi, ular uchun yurtimiz bo‘ylab sayohatlar tashkil etiladi.

Keksalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalar qo‘shimcha uskunalar bilan ta’minlanadi.

Oilalarda tinchlik, mahallalarda obodlikni ta’minlash, yoshlarimizni tarbiyalashda biz avvalo ko‘pni ko‘rgan, donishmand nuroniylarimizga suyanamiz. Bu borada “Uch avlod uchrashuvlari”, “Otalar jasorati – ibrat namunasi”, “O’nta yoshga – bir nuroniy” harakati kabi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarimiz samarasini yanada oshiramiz.

Hurmatli syezd qatnashchilari!

Biz mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan siyosatimizni izchil davom ettiramiz. Albatta, bu borada sizlar bilan katta ishlarni amalga oshirdik. Lekin bular yetarli emas.

Bugungi kunda jon boshiga oylik daromadi 50 dollardan oshmaydigan kambag‘al aholi qatlami 5 million nafarni yoki aholimizning 14 foizini tashkil etmoqda. Shundan 3 million nafari yoshlar bo‘lib, ularning mehnat qobiliyatini ishga solish orqali, kambag‘allik changalidan olib chiqish – asosiy burchimiz bo‘lishi kerak.

Ayni paytda bu toifaga kirmagan, lekin kambag‘allikka tushish xavfi mavjud, ya’ni, oylik daromadi 50 dollardan yuqori, lekin 100 dollardan oshmaydigan 4 million 500 ming aholimiz ham bor. Bizning muhim vazifamiz – 2030 yilga qadar bu masalada jiddiy o‘zgarish qilishdan iborat bo‘ladi.

Shu maqsadda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlarimiz kambag‘al aholi bilan birga daromadi past bo‘lgan qatlamlarni ham qamrab oladi. Bundan tashqari, tadbirkorlarga “ijtimoiy sheriklik” asosida aynan kambag‘al toifa uchun bandlik dasturlarini amalga oshirishda qo‘shimcha imtiyoz va rag‘batlar beramiz. Bunday dasturlarga har yili kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.

Bugungi kunda 2 million atrofidagi aholimiz ro‘zg‘orini tebratish uchun, oilasi, ota-onasi va farzandlaridan uzoqda – chet mamlakatlarda mehnat qilmoqda. Musofir yurtda, turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib non topish – albatta oson emas.

Biz chet ellarda daromad bilan birga tajriba va malaka ham orttirayotgan ana shunday yurtdoshlarimizga rahmat aytishimiz kerak. Ular bizning farzandlarimiz, aka-uka, jigarlarimizdir. Shu maqsadda tashqi mehnat migratsiyasi tizimi to‘liq isloh qilinadi. Xorijga ishlash uchun borayotgan aholimizni kasbga va chet tillariga o‘qitish ko‘lami kengaytiriladi. Ularning Yevropa va Osiyoning yuqori haq to‘lanadigan mamlakatlariga ishga borishlari uchun ko‘maklashamiz.

Vatandoshlarimizga dunyoning istalgan nuqtasidan mamlakatimizdagi davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyatini yaratib beramiz. Xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytiramiz.

Mehnat migrantlarimiz va ularning oila a’zolari davlatimiz, xalqimizning doimiy g‘amxo‘rligida bo‘ladi. Farzandlarining o‘qishi va oliygohlarga kirishida ham yengilliklar beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, biz xorijdagi O’zbekiston fuqarolari o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolib ketishlariga yo‘l qo‘ymaymiz.

Aholini hamyonbop uy-joy bilan ta’minlash odamlarimiz kutayotgan yana bir dolzarb masaladir.

O’zingiz o‘ylang, inson ishlab topgan pulining asosiy qismini ijaraga to‘lasa, ro‘zg‘origa, farzandlarining ta’lim olishiga, salomatligini tiklashga nima qoladi?

Shu bois, mamlakatimizda oxirgi olti yilda, qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurdik. Bu yil esa yanada yuksak marra, ya’ni 90 ming xonadonli uy-joylar qurishni reja qilganmiz.

Shu bilan birga, 2030 yilga qadar yurtimizdagi aholi soni 100 ming nafardan ortiq tuman va shaharlar 167 tadan 200 taga yetadi.

Bu boradagi ustuvor vazifamiz – har bir oila o‘z uy-joyiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratishdir. Buning uchun keyingi yetti yilda qo‘shimcha 1 million xonadonli uy-joylar quramiz va bunga 15 milliard dollar yo‘naltiramiz. Bunda ham quruvchilarga, ham xalqimizga arzon va uzoq muddatli kreditlar taqdim etiladi.

Qadrli do‘stlar!

Ma’lumki, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatdir. Darhaqiqat, oila va jamiyatning tinch, mustahkam va farovon bo‘lishida, farzandlar tarbiyasida hurmatli ayollarimizning o‘rni va ta’sirini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bugungi kunda ularning jamiyatimizda olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayoniga katta hissa qo‘shayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan mehribon onalarimiz, munis opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizning huquq va manfaatlarini, sifatli ta’lim olishini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik masalalari bundan buyon ham eng asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.

Shu ma’noda, avval aytgan fikrimga qo‘shimcha qilib, Yangi O’zbekistonni ayollari hayot dan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli yashaydigan mamlakatga albatta aylantiramiz, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.

Ikkinchi maqsad – odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash.

Ochiq aytish kerak, islohotlarni boshlaganimizda bizga shubha bilan qaraganlar ham ko‘p bo‘ldi. Lekin ishbilarmon va tadbirkor yurtdoshlarimizga ishonib, sizlarning tashabbus va shijoatingizga tayanib, ulkan ishlarni amalga oshirdik.

Xorijiy investitsiyalar hajmi 3 karra ko‘payib, o‘tgan yilning o‘zida 10 milliard dollardan oshdi. Har bir mahallada 40-50 ta korxona faoliyat yuritmoqda, barcha tumanlarda eksport qiluvchi tadbirkorlar paydo bo‘ldi, millionlab yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlar sinfi shakllanib, jamiyatimizda haqiqiy kuchga, islohotlar drayveriga aylandi. Natijada so‘nggi yillarda yalpi ichki mahsulot hajmi 52 milliard dollardan 80 milliard dollarga yetdi. Aholimiz xarid qobiliyati va o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 2 barobar oshib, bugungi kunda 360 dollarni tashkil etmoqda.

Endi mavjud salohiyatimizga tayanib, yanada yuqori marralarni belgilayapmiz. 2030 yilga borib iqtisodiyotimizni 2 barobar oshirib, 160 milliard dollarga yetkazamiz. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiramiz. Buning natijasida O’zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga albatta kiradi.

Eng avvalo, ilg‘or texnologiyalarga asos langan sanoatni rivojlantiramiz. Bunda mehnat unumdorligi 2 barobar oshadi. Shu maqsadda xorijiy hamkorlarimiz bilan birga umumiy qiymati 115 milliard dollar bo‘lgan yirik loyihalarni boshladik. Jumladan, keyingi yillarda strategik megaloyihalar ishga tushiriladi. Xususan, Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi; Ohangaron misni qayta ishlash klasteri; Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari; Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi; Tebinbuloq va G’allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi. Natijada 2030 yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarish 3,5 barobar, oltin – 1,5 karra, kumush – 3 marta, uran – 3 barobar oshiriladi.

Tariximizda ilk bor alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit ishlab chiqarishni boshlaymiz. Tasavvur qiling, bu xomashyolardan avtomobil, elektronika, “yashil energiya” qurilmalari, kimyo va polimer kabi yuzlab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarsa bo‘ladi. Bu – 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rni, degani. Xususan, 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘ladi va ishlab chiqarish yillik hajmi hozirgi 350 mingdan – 1 million donaga yetkaziladi. Bunda yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi.

Umuman, sanoatda qo‘shilgan qiymat haj mi 20 milliard dollardan 45 milliard dollarga yetkaziladi.

Ikkinchidan, sanoat va iqtisodiyotning kelajagi – bu eksportdir.

So‘nggi yillarda charm-poyabzal, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, farmatsevtika yo‘nalishlarida minglab yangi korxonalar ochildi. Natijada eksport hajmi 1,5 barobar ko‘payib, 19 milliard dollardan oshdi.

Tashqi bozorlarga chiqish xarajatlari yuqori ekanini inobatga olib, biz ilmga asoslangan, yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlarni ko‘paytiramiz. Tayyor mahsulot bilan tashqi bozorlarga chiqish uchun Jahon savdo tashkilotiga albatta a’zo bo‘lamiz. Lekin buning uchun avvalo korxonalarimiz ochiq va kuchli raqobatga tayyor bo‘lishi kerak.

Yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va unga 1 milliard dollar ajratiladi.

Qanchalik qiyin bo‘lmasin, kerak bo‘lsa, yana mablag‘ topamiz. Zaxiralarimiz iqtisodiyotimiz uchun ishlab, milliy manfaatlarga xizmat qilishi zarur.

Shuningdek, kelgusi yillarda 50 ta nufuzli xorijiy brendlar bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinadi. Tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish maqsadida sanoat ipotekasi tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi. IT xizmatlari eksporti 5 milliard dollarga olib chiqiladi. Natijada 2030 yilga qadar jami eksport hajmi 2 barobar oshirilib, 45 milliard dollarga yetkaziladi.

Uchinchidan, butun dunyoda tez rivojlanayotgan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytiramiz.

Bu borada 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari 25 ming megavattga, ularning ulushi hozirgi 14 foizdan 40 foizga yetkaziladi.

2024 yildan boshlab sanoatda “yashil sertifikat”lar bozori yaratiladi. Avtobuslar to‘liq ekologik toza elektr yoki gaz yonilg‘isiga o‘tkaziladi. Barcha yangi uylar va asbob-uskunalarga energiyani tejash bo‘yicha talablar joriy etiladi. Iqtisodiyotda energiya samaradorligi 2 karra oshiriladi. Natijada 2030 yilga kelib 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Yangi stansiyalar ishga tushishi bilan 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

To‘rtinchidan, biznes va aholi ehtiyojidan kelib chiqib, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar amalga oshiriladi.

So‘nggi olti yilda avtomobil va temir yo‘llari, ichimlik suv va aloqa tarmoqlarini qurish oldingi yillarga nisbatan 2,3 barobar ko‘paydi. Endi bu ishlarni davom ettirib, yo‘l-transport sohasida aviaqatnovlar soni 4 marta oshiriladi. Toshkent – Samarqand, Navoiy – Buxoro yo‘nalishlarida qo‘shimcha tezyurar temir yo‘llari quriladi. Elektrlashgan temir yo‘llari ulushi 43 foizdan 65 foizga yetkaziladi.

Eng muhimi, temir yo‘l sohasiga xususiy sektor jalb qilinib, xizmatlar sifati raqobatbardosh narxlar asosida belgilanadi. Shuningdek, 6 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinib, xususiy aviakompaniyalar soni 10 taga yetkaziladi.

2030 yilga qadar tuman markazlaridan har bir qishloqqacha – jami 5,5 ming kilometr sement-beton yo‘llar quriladi va jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinadi.

Toshkent – Samarqand va Toshkent – Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida xususiy sheriklik asosida yangi avtomobil yo‘llari quriladi.

Xususiy sektor ishtirokida 56 ming kilometr yo‘llar rekonstruksiya qilinadi. Natijada, yo‘lovchi va yuk tashish hajmi 3 barobar ko‘paytiriladi.

Aholimiz uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan muammoni hal etish uchun 2030 yilga qadar barcha aholi punktlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bunga 2,5 milliard dollar ajratamiz. Ikki yilda barcha qishloq va ovullar internet bilan to‘liq qamrab olinib, uning tezligi 10 karra oshiriladi.

Beshinchidan, iqtisodiyot sohalaridagi katta rejalarimiz 2030 yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalarni talab etadi. Bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobidan, 40 milliard dollarni davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini hozirgi 18 milliard dollardan 40 milliard dollarga yetkazamiz.

Eng katta masalalardan biri – kredit foizlarini tushirish bilan bog‘liq. Buni tadbirkorlarimiz intiqlik bilan kutayotganini yaxshi bilaman. Ya’ni, kredit foiz stavkasini hozirgi o‘rtacha 20 foizdan 10- 12 foizga tushirish lozim. Shu maqsadlarga erishish uchun bank omonatlari hajmi deyarli 4 barobar oshirilib, hozirgi 70 trillion so‘mdan 260 trillion so‘mga yetkaziladi.

Banklarni xususiylashtirish tezlashtiriladi. Davlat ixtiyorida faqat 3 ta bank qoladi.

Bank bozoriga yana kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banki kirib kelishi uchun imkoniyat yaratiladi. Shuningdek, bankdan tashqari moliyaviy xizmatlarni kengaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz.

Qimmatli qog‘ozlar bozori hajmi 10 milliard dollarga yetkaziladi. Xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini tashkil etish uchun barcha qonuniy asoslar yaratiladi.

Oltinchidan, biz xususiy sektor ulushini oshirishni, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazishni izchil davom ettiramiz.

So‘nggi olti yilda davlat monopoliyasida bo‘lgan elektr generatsiyasi, issiqlik ta’minoti, kimyo, aviatsiya, ta’lim kabi sohalarga xususiy sektor jadal kirib keldi.

Bu ishlarni davom ettirib, temir yo‘l xizmatlari, avtomobil yo‘llari qurish va boshqarish, gaz va elektr yetkazib berish xususiy sektorga o‘tkaziladi. Irrigatsiya, chiqindini qayta ishlash, ijtimoiy ob’ekt larda energetika va issiqlik ta’minoti tizimini boshqarishga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari keng joriy etiladi.

Xususiylashtirish dasturi doirasida davlat ulushi mavjud korxonalar 6 barobar yoki hozirgi 2,3 mingtadan 360 taga kamayadi. 17 turdagi davlat monopoliyasi bekor qilinib, ularga xususiy sektor keng jalb etiladi.

Umuman, kelgusi yillarda faqat magistral energiya va transport tarmoqlari, davlat boshqaruvi va xavfsizligi bilan bog‘liq sohalar davlat tasarrufida qoladi. Bu borada 2030 yilga qadar iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish asosiy maqsadimiz bo‘ladi.

Yettinchidan, biz biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun eng qulay sharoitlar yaratishni bundan buyon ham davom ettiramiz.

So‘nggi olti yilda ish haqiga soliq yuki 2 barobar kamaytirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirildi. Ko‘plab cheklov va to‘siqlar olib tashlanishi natijasida korxonalar soni 2 marta oshdi.

Shu bilan birga, savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lib qolayotgani sir emas.

Hozirgi kunda 5,5 million fuqaro norasmiy sektorda band. Shu bois, rasmiy sektor – nolegal faoliyatdan afzal va manfaatli bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratamiz.

Eng avvalo, soliq tizimini soddalashtirish va barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma va mol-mulk soliq stavkalari oshirilmasligi qat’iy kafolatlanadi. Shuningdek, 2024 yildan boshlab, yangi uy-joy sotib olgan aholiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib beriladi. Natijada uy-joy xaridi aholiga arzonroq tushadi va qurilishdagi hisob-kitoblar shaffof bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi qaytariladi.

Biz ijtimoiy himoyani soliq siyosati orqali ham kuchaytiramiz. Bu borada yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliqni qaytarib berishni joriy qilgan edik. Endi ijtimoiy reyestrga kiritilgan aholini ishga olgan korxonalarga xodimining daromad solig‘i ham qaytarib beriladi.

Biz sohani to‘liq raqamlashtirish orqali vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddatini bir kun etib belgilaymiz. Bunday korxonalarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi va davlat xaridlarida ustunlik beriladi.

Biz bundan keyin ham “ochiq muloqot”lar orqali biznes muammolarini hal qilish, biznesga noqonuniy aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik va xususiy mulk daxlsizligi siyosatini qat’iy davom ettiramiz.

Sakkizinchidan, ma’lumki, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi asosiy drayver sohalardan biriga aylandi.

Klaster tizimini joriy etish natijasida paxta, g‘alla hosildorligi 25-30 foizga, meva-sabzavot eksporti esa 2 barobar oshdi, sohaga 5 milliard dollardan ortiq xususiy investitsiya kiritildi.

O’tgan ikki yilda 200 ming gektar unumdor yer maydonlarini aholiga ajratib berdik. Natijada 2 milliondan ziyod fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Endi 2030 yilgacha bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 3 ming dollardan 5 ming dollarga yetkazish haqida o‘ylashimiz kerak. Jumladan, hosildorlikni paxta bo‘yi cha o‘rtacha 45-50 sentnerga, g‘alla bo‘yicha – 80-85 sentnerga oshirish, qo‘shimcha 300 ming gektar maydonni o‘zlashtirish va ularda intensiv bog‘ va uzumzorlar tashkil etish, mahalliy sabzavot, poliz, kartoshka urug‘lik ta’minotini hozirgi 15 foizdan 50 foizga yetkazish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni 8 foizdan 25 foizga oshirish, agrotarmoqda 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi logistika markazini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Natijada sohada eksport hajmini yiliga hozirgi 1,6 milliard dollardan 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga mos holda rivojlantirish, tuproq va yaylovlarda degradatsiyaning oldini olish bo‘yicha milliy dastur qabul qilinadi.

Umuman, agrar sohaga jami 15 milliard dollar investitsiyalar jalb etiladi.

Uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish.

Suv resurslari kelgusi o‘n yillikda mintaqamiz va mamlakatimiz uchun eng dolzarb masala bo‘lib qolishi – haqiqat. Misol uchun, mintaqadagi 4 ta mamlakatni suv bilan ta’minlaydigan Sirdaryoni to‘yintiradigan muzliklar har yili 6 foizdan qisqarib bormoqda.

Ayniqsa, so‘nggi uch yildagi qurg‘oqchilikning ta’siri Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi.

Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi oqibatida daryodan mamlakatimizga keladigan suv hajmi 15 foiz kamayishi bilan bog‘liq xavf mavjud.

Bugungi kunda 70 foiz yerlar eski usulda sug‘orilmoqda, 60 foiz kanallar betonlanmagan. Shu sababli yiliga 16 milliard metr kub suv yo‘qotilmoqda. Bunday sug‘orish tizimi “erga nisbatan ham, suvga nisbatan ham vahshiylik”, desak, xato bo‘lmaydi. Buni odamlar ongiga, madaniyatimizga singdirishimiz shart. Isrofgarchilik Xudogayam, bandasigayam xush kelmaydi.

Ko‘plab fermer va dehqonlarimiz suv tejaydigan texnologiyalar samarasini tushundi. Hozirgi vaqtda bunday texnologiyalar 1 million gektarda joriy qilindi. Lekin, bu hali yetarli emas.

Biz 2030 yilga qadar ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazishimiz zarur. Buning uchun dalalarga suv yetkazadigan ob’ektlar fermer va klasterlar boshqaruviga beriladi.

Suv yetkazish tizimiga Turkiya, Ispaniya, Xitoy kabi davlatlar tajribasi keng joriy qilinadi.

Suv tejaydigan texnologiyani joriy qilgan fermer va dehqonlarni yanada rag‘batlantiramiz. Bunga kelgusi yildan 10 foizli kredit ajratiladi, o‘z hisobidan joriy qilganlarga esa xarajatning 50 foizi qoplab beriladi. Suv taqchilligi kuchayib borayotgan bugungi sharoitda bu choralar nihoyatda zarur va ularni amalga oshirishimiz shart.

Aziz do‘stlar!

Global miqyosda iqlim keskin o‘zgarmoqda va buning salbiy ta’sirini barchamiz ko‘rib turibmiz. Shu bois, betakror tabiatimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘ramiz. Bu borada “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada kengaytiramiz.

Barcha aholi maskanlari, mahallalarda “yashil maydonlar”ni ko‘paytirish uchun yiliga 400 milliard so‘m ajratib boriladi. Shuningdek, barcha davlat idoralari, korxonalar, oliygohlar o‘zlarining “yashil bog‘lari”ni tashkil etadi.

Endi yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh barpo etish majburiy talab qilib qo‘yiladi.

Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar kelgusi yetti yilda hozirda 1,6 million gektardan 2,3 million gektarga yetkaziladi.

Ana shunday ishlarimiz orqali 2030 yilgacha respublikada ko‘kalamzorlik darajasini hozirgi 18 foizdan 30 foizga yetkazamiz.

Toshkent shahrida amal qilayotgan boshqaruv kompaniyalari faoliyati joylarda ham joriy etiladi. Barcha qishloq va shaharlar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan 100 foiz qamrab olinadi, ularni qayta ishlash esa, kamida 65 foizga yetkaziladi.

Bundan buyon hududga yangi hokim tayinlansa, o‘sha yerda ekologik audit o‘tkaziladi, natijalari jamoatchilikka e’lon qilinadi. Shunda hudud aholisi hokim oldiga suv va havo tozaligi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi bo‘yicha aniq masala qo‘ya oladi. Mana shunday asosda yurtimizning barcha viloyat va tumanlarida, butun Vatanimizda ona tabiatimiz, yeru suv, havomizni musaffo holda asrab, ekologik toza muhitni farzandlarimizga bezavol yetkaza olamiz.

To‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish.

Aziz do‘stlar!

Ma’lumki, ko‘pmillatli xalqimiz davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, Konstitutsiyamizning bosh muallifidir. Aynan xalqimizning xohish-irodasi davlat siyosatining ma’no-mazmunini belgilab beradi. Demokratiya degani ham aslida shundan iborat.

El-yurt dardiga darmon bo‘ladigan xalqchil davlat, adolatli jamiyat barpo etish xalqimizning asriy orzu-armoni bo‘lib kelgan. Bu ezgu maqsad Abu Rayhon Beruniy, Imom Moturidiy, Marg‘inoniy, Alisher Navoiy, Ogahiy kabi mutafakkir bobolarimiz asarlarining ham bosh g‘oyasini tashkil etadi.

Ota-bobolarimizning ana shunday olijanob niyat va intilishlarini amalga oshirish bizga nasib etgani, bizning zimmamizga tushgani uchun har qancha shukrona aytsak, faxrlansak, arziydi. Lekin bunday faxr-iftixor bizga, har bir yurtdoshimizga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Buni aslo unutmasligimiz kerak. Shuning uchun ham biz “xalq xizmatidagi davlat”ni barpo etish vazifasini Yangi O’zbekiston taraqqiyotining asosiy tamoyillaridan biri etib belgiladik.

Bilasizlarmi, davlat boshqaruvida erishgan eng katta natijamiz nima bo‘ldi?

Biz barcha davlat idoralari faoliyatini mahallagacha tushirdik, rahbar va amaldorlarni odamlar bilan muloqot qilishga o‘rgatdik. Bu borada biz olib borayotgan siyosatning mazmuni va talabi oddiy va sodda: davlat xizmatchisi avvalo xalq xizmatchisi bo‘lishi shart.

Aholi muammolarini hal etish va ochiqlik barcha vazirlik va hokimliklar ishiga baho beradigan asosiy mezonga aylandi. Shuningdek, davlat idoralari faoliyatini eski byurokratiyadan – zamonaviy menejmentga o‘tkazish maqsadida ma’muriy islohotlarni boshladik.

Ilk bosqichda vazirliklar qisqartirilib, ularning faoliyati to‘liq o‘zgartirildi. Vazirlarning siyosiy mas’uliyati va javobgarligi kuchaytirildi.

Har bir mahallaga 5 nafar oliy ma’lumotli vakilni, ya’ni, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektorini qo‘yganimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini dunyo ekspertlari ham e’tirof etmoqda.

Litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlarni keskin qisqartirdik. Natijada O’zbekiston biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha eng qulay mamlakatlardan biriga aylandi.

Misol uchun, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda talab etiladigan hujjatlar 221 tadan 95 taga, muddatlar 2 barobar kamaydi. 280 turdagi xizmat davlat xizmatlari tizimiga o‘tkazildi, 150 tadan ortig‘i esa faqat elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Elektron platforma orqali sudga ariza berish, sudda ishtirok etish va qarorlarni olish imkoniyatlari yaratildi.

Raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish prinsipini hayotimizga jadal olib kiramiz. Shu maqsadda davlat xizmatlari to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Endi davlat xizmatlari uchun odamlarimiz ovora bo‘lib, ariza yoki blanka to‘ldirmaydi, pasport yoki boshqa hujjat taqdim qilmaydi. Davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron tizimdan o‘zi oladi.

Har bir mahallada elektron xizmat nuqtalarini ishga tushirib, ularni barcha masalalarni “bir qadam”da hal etadigan maskanga aylantiramiz.

Korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib boramiz. Bizning jamiyatda bu illatga mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi shart.

Mana shunday prinsipial qarash jamiyatimiz hayotida mustahkam qaror topishi uchun barchamiz birgalikda qat’iy harakat qilishimiz kerak.

Sizlarga ma’lumki, so‘nggi islohotlarimiz doirasida Parlament vakolatlari kengayib, Hukumatning hisobdorligi oshdi. Ushbu o‘zgarishlar siyosiy partiyalardan ham o‘z elektorati oldidagi mas’uliyatni yanada kuchaytirishni talab etadi.

Shu maqsadda partiyalar rolini oshirish, ular o‘z kuchi va imkoniyatlarini amalda namoyon etishi uchun aralash, ya’ni majoritar – proporsional saylov tizimini joriy etamiz. Buning ma’nosi shuki, endi fuqarolar Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatlik o‘rnining 75 tasi bo‘yicha aniq bir nomzodni saylasa, qolgan 75 tasi bo‘yicha siyosiy partiyaga ovoz beradi. Bunday tizimda bironta saylovchining ovozi e’tibordan chetda qolmaydi.

Ma’muriy islohotlarning ikkinchi bosqichi sifatida joylardagi boshqaruvni ham o‘zgartiramiz. Xabaringiz bor, bu yo‘ldagi muhim amaliy qadam sifatida mahalliy kengash xalqning chinakam ovoziga aylanishi uchun, hokimning Kengashga rahbarlik vakolati bekor qilinmoqda. Endi hokimlar Kengash oldida, xalq oldida hisobdor bo‘lgan tizim joriy etiladi.

Mol-mulk va yer soliqlari mahallada qolishi hisobidan mahalla budjetida yiliga 3 trillion so‘m mablag‘ paydo bo‘ladi. Kelgusi yilda “Ochiq budjet”ga beriladigan mablag‘ 3 karra oshirilib, 24 trillion so‘mga yetkaziladi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytiriladi.

Biz ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, fuqarolarning axborot olish, foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini qat’iy kafolatlaymiz.

Nodavlat notijorat tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlab, ular uchun barcha sharoitlarni yaratamiz.

Bizning maqsadimiz aniq va o‘zgarmasdir – demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lini milliy taraqqiyotga erishishning yagona to‘g‘ri yo‘li deb hisoblaymiz.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Yangi O’zbekiston, bu – huquqiy davlat. Ushbu qoidani biz yangilangan Konstitutsiyamizda ham muhrlab qo‘ydik. Shunday ekan, biz qonun ustuvorligi, sud mustaqilligi va odilligini oshirishni ustuvor vazifa, deb bilamiz.

Ta’kidlab aytaman: O’zbekistonda inson va biznesning himoyachisi faqat qonun va sud bo‘ladi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda, inson va tadbirkorlar huquqlarini cheklashga faqat va faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi mustahkamlandi.

Bugungi kunga qadar 7 turdagi tergov harakatlariga sanksiya berish vakolati sudlarga o‘tkazilgan bo‘lsa, endi ularning doirasi yanada kengayadi. Lekin hozir tumanda bir sudya tergovda huquqni cheklashga sanksiyani ham o‘zi berayapti, ham o‘zi jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqaryapti. Albatta, bu yerda xolislik, adolat buziladi. Shuning uchun bundan buyon tergovda huquqni cheklashga sanksiya berishni alohida sudyalar amalga oshirishi, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi. Ana shunda, tergovda – qonuniylik, sudda – xolislik bo‘ladi.

Shuningdek, jinoyat ishi qo‘zg‘atish, jazo berish bo‘yicha yondashuvlarimizni ham qayta ko‘rib chiqamiz.

Og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar bo‘yicha hozir taraflar o‘rtasida yarashuv bo‘lsa ham, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, odamlar tergov va sudda sarson bo‘lib yuradi. Shu bois, jabrlanuvchining iltimosiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atmasdan ham yarashish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, odamlarni “qamoqqa olib tergov qilish” amaliyotini kamaytirish, buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish imkoniyatini yaratish lozim. Ushbu masalada sudlarimizga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirish kerak. Qamoqdagi shaxslardan olingan “aybni bo‘yniga olish” haqidagi ariza dalil sifatida qabul qilinmasligi shart.

Dunyo amaliyotidan kelib chiqib, jinoyat sodir qilgan shaxslarni ular kelgusida tuzalish yo‘liga o‘tishi uchun, muqobil jazo turlarini kengaytirish zarur. Har bir jazo tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi va takroriy jinoyatning oldini olishga xizmat qilishi lozim.

Tadbirkorlar uchun jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirish, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi. Xususan, soliqqa oid jinoyatlar bo‘yicha tadbirkor sud hukmi chiqqunga qadar zararni qoplasa, javobgar bo‘lmasligi kerak.

Biz Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlarning yaqin ko‘makchisiga aylantirish bo‘yicha tizim yaratdik. Lekin amaliyotda tadbirkorga jinoyat ishi ochilsa, unga faqat advokat yordam beryapti. Shu bois, tergov-sud jarayonida Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tadbirkorni himoya qiladigan yangi tartib o‘rnatsak, ishonamanki, adolatdan bo‘ladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Biz Yangi O’zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bo‘lsa, ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatdir.

Ma’lumki, globallashuv jarayonlari beqiyos imkoniyatlar bilan birga, ko‘p-ko‘p muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zligimiz va ma’naviy qadriyatlarimizga qarshi tahdid va xatarlar tobora kuchaymoqda. Shunday o‘ta tahlikali vaziyatda bizni asraydigan, yanada kuchli qiladigan qudratli omil bu – avvalo, yurtimizdagi tinchlik, millatlar va dinlar o‘rtasidagi totuvlikdir.

Ana shunday bebaho boyligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, asl insoniy qadriyatlarimiz o‘rnini buzg‘unchi radikal g‘oyalar egallab olishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz. Bu Vatan va xalq taqdiriga daxldor bo‘lgan har qaysi yurtdoshimizning vijdon ishiga aylanishi kerak.

Bugungi kunda aksariyat odamlar, avvalambor, rahbar va mansabdorlar, davlat xodimlarining bilim va ma’rifati, madaniyati yetishmasligi, o‘z ustida ishlamasdan, zamondan orqada qolayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Va bu holat, ochiq aytish kerak, taraqqiyotimiz yo‘lida katta to‘siqqa aylanmoqda.

Jadid bobolarimiz bunday illatni “jaholat” deb ataganlar va unga qarshi ma’rifat bilan, mardona kurashganlar. Bu yo‘lda ilm-fan, ta’lim va tarbiyani o‘z faoliyatlari uchun dasturilamal qilib olganlar.

Kimki agar sinchiklab kuzatayotgan bo‘lsa, bizning Yangi O’zbekistonni barpo etishga qaratilgan amaliy ishlarimiz jadidchilik harakatining asosiy g‘oya va maqsadlari bilan uyg‘un va hamohang ekanini yaqqol ko‘rishi mumkin. Shu sababli biz tariximizni, xususan, ma’rifatparvar ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganib, ulardan bugungi shiddatli zamon uchun ibratli xulosalar chiqarib yashashimiz zarur.

Ana shunday bilim va ma’rifat asosida maktab, texnikum va oliygohlarda o‘qiyotgan bolalarimizni, harbiy xizmatchilarimizni, barcha yoshlarimizni tarbiyalashimiz kerak. Buning uchun madaniyat, san’at va adabiyot vakillari, ma’naviyat sohasi xodimlari, barcha ziyolilarning mashaqqatli va sharafli mehnatini qadrlash va rag‘batlantirish bo‘yi cha albatta qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘ramiz.

Beshinchi maqsad – Yangi O’zbekiston xavfsiz va tinchliksevar davlat.

Hurmatli yurtdoshlar!

Dunyodagi mavjud tahlikali va murakkab vaziyatda biz ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishni davom ettiramiz.

Yangi O’zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari faqat va faqat xalqimiz va davlatimizning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda olib boriladi.

Vatanimizning mustaqilligi va xavfsizligi, hududiy yaxlitligini so‘zsiz ta’minlash – bizning birlamchi va muqaddas burchimizdir.

O’zbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi tashabbuslari xalqaro maydonda faol ilgari suriladi. Eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantiramiz.

Markaziy Osiyoda turli yo‘nalishlar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqiladi. Shuningdek, xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularning yurtimiz taraqqiyotida faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Ular orasida ona tili, milliy madaniyat va an’analarni targ‘ib etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi.

Yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirish bo‘yicha samarali ish olib borishimiz zarur.

Davlatimiz ramzlari, xususan, nihoyatda go‘zal bayrog‘imiz nafaqat bayramlarda, sport va madaniy tadbirlarda, balki xonadonlarda ham hilpirab tursa, barchamizning qalbimizdan chuqur joy olib, milliy g‘ururimiz timsoliga aylansa, naqadar soz bo‘ladi!

Ma’lumki, so‘nggi yillarda jahondagi kuch markazlari o‘rtasida qarama-qarshilik tobora avj olib, global siyosatning harbiylashuvi asosiy tendensiyaga aylanmoqda.

Afg‘onistonda beqarorlik saqlanib qolayotgani, barchamizni jiddiy tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.

Bunday murakkab jarayonlarda bizning bosh maqsadimiz – O’zbekistonning davlat mustaqilligi, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.

Bu borada Qurolli Kuchlarimizning qudrati, mudofaa qobiliyatimiz va harbiy salohiyatimizni yanada oshirish maqsadida, milliy armiyamiz 2030 yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlanadi.

Qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida boshlagan ishlarimizni jadallashtiramiz.

Shu munosabat bilan takror aytaman: harbiy-jangovar qudrat va yuksak ma’naviy salohiyat O’zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur.

Qadrli syezd delegatlari!

Ko‘rib turganingizdek, biz o‘z oldimizga juda ulkan, ulug‘vor maqsad va vazifalarni qo‘ymoqdamiz.

Aminmanki, bo‘lajak saylovda xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy tafakkuri va madaniyati, faolligini ko‘rsatib, munosib nomzod uchun ovoz beradi.

Kim Prezident bo‘lishidan qat’i nazar, xalqimiz biz boshlagan islohotlar yo‘lidan og‘ishmay, faqat oldinga boradi, deb ishonaman.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Avvalo, bugungi anjumanda mening faoliyatim haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, nomzodimni qo‘llab-quvvatlagan siz, azizlarga, partiyalarimizning barcha a’zolari va faollariga chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik izhor etaman.

Biz o‘tgan davrda qanday ishlarni amalga oshirgan bo‘lsak, bugun yana qanday loyiha va dasturlar tuzayotgan bo‘lsak, ularni mehnatkash va oqko‘ngil, bag‘rikeng xalqimiz uchun, shu yurtning tinchligi va omonligi, farzandlarimiz, nevaralarimizning baxtli kelajagi uchun qilmoqdamiz.

Shu ma’noda, Qahramon shoirimiz, xalqimizning ardoqli farzandi Erkin Vohidovning “Buyuk yurtga endi fidolar kerak!” degan so‘zlari bugun biz uchun, Yangi O’zbekiston uchun nihoyatda dolzarb bo‘lib yang ramoqda.

Men sizlarning barchangizni, sizlarning timsolingizda millionlab tarafdorlarimizni, azamat yoshlarimizni mana shunday fidoyi, buyuk ishlarga qodir insonlar deb bilaman.

Albatta, dunyoda qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar tobora kuchayib borayotgan, ertaga xalqaro vaziyat qanday tus olishini oldindan aytib bo‘lmaydigan bugungi g‘oyat murakkab zamonda biz ko‘zlagan maqsadlarga erishish oson bo‘lmaydi. Lekin biz o‘tgan davrda sizlar bilan, xalqimiz bilan katta safarbarlik ruhida ishlashni, aniq natijalarga erishishni o‘rgandik. Ilgari o‘n yillar kerak bo‘lgan yo‘lni qisqa muddatda bosib o‘tdik. Yetarlicha bilim va tajriba orttirdik. Jahonda qancha do‘st va hamkorlar topdik. Dunyo – bizga, biz dunyoga ochildik.

Eng muhimi, o‘zining necha ming yillik shonli tarixi davomida har qanday sinov va mashaqqatlardan yorug‘ yuz bilan o‘tib kelayotgan, mard va matonatli xalqimiz bizga ishondi, inondi. Endi ana shu ishonchni amaliy ishlarimiz bilan yanada mustahkamlash davri keldi.

Agar ezgu maqsadlarimiz yo‘lida jipslashib, hammamiz bir bo‘lib, astoydil harakat qilsak, men ishonaman, bundan ham katta marralarni zabt eta olamiz.

Men, olijanob, buyuk xalqimiz bilan birga yurtimizda erkin va farovon, inson qadri baland bo‘lgan yangi davlat, yangi jamiyatni barpo etishga qattiq bel bog‘laganman. Bu yuksak mas’uliyatli vazifani ado etish yo‘lida o‘zimning bor kuch-g‘ayratim, bilim va tajribamni, kerak bo‘lsa, butun borlig‘imni berishga tayyorman. El-yurtimizga farzandlik sadoqati bilan xizmat qilishdek buyuk e’tiqod doimo hayotimning ma’no-mazmuni bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Mana shu unutilmas lahzalarda davlat siyosatimizga, islohotlarimizga katta ishonch bildirib, meni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ona xalqimga chin dildan ta’zim qilaman.

Aziz do‘stlar!

Oldimizda turgan keng ko‘lamli, g‘oyat serqirra va mas’uliyatli vazifalarni ado etishda bizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, ish faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, oilaviy baxt va quvonch yor bo‘lishini tilayman.

Yana bir bor katta rahmat sizlarga!

  • Ko'rildi
    499
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+