Yangi O’zbekistonning asosiy ustuni bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi

01.06.2023, 17:58

Yangi O’zbekistonning asosiy ustuni   bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi

Nufuzli anjumanda xalqimiz kelajagi va yorqin istiqbolini belgilab beradigan ma’ruzani tinglab, shu narsaga amin bo‘ldimki, o‘z fuqarosining salohiyati, iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun qayg‘urgan davlat buyuk kelajak sari dadil odimlayveradi.

Davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida Yangi O’zbekistonni bunyod etishda sog‘lom va barkamol yoshlar hal qiluvchi kuch ekani, ko‘zlagan marralarimizga ta’lim-tarbiya sohasini tubdan o‘zgartirish orqali erishishimiz mumkinligini alohida qayd etdi.

Darhaqiqat, aql-zakovat, iste’dod va tafakkur uyg‘oq bo‘lsagina o‘sish, o‘zgarish va rivojlanish bo‘ladi. Ko‘p yillik pedagogik tajribamdan shuni angladim-ki, har bir yoshda iqtidor albatta bo‘ladi. Uni ro‘yobga chiqarish uchun dildan yondoshish, g‘amxo‘rlik kerak. Keyingi yilllarda yoshlarimiz xalqaro bilimlar sinovlarida buni isbotlab berishdi.

Bizning litseyni bitirgan yoshlar ham yurtimiz dovrug‘ini olamga yoyishmoqda, xorij tillarini mukammal egallashgan. Dasturda aytilganidek, endilikda o‘g‘il-qizlarimizni nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuborish uchun 200 mln dollar sarflanishi ularni chet tilini, fanlarni yanada puxta o‘zlashtirishiga yordam beradi.

Ta’limga zamonaviy metodika, sifat va raqobatni olib kirishni yanada jaddallashtirish orqali maktabgacha va maktab ta’limini yuqori bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilishi, ehtiyojmand oilalarda tarbiya topayotgan bolalarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi ularning orzu o‘ylari ijobati uchun xizmat qilishi shubhasiz.

Ayniqsa, kelgusi yili ilm-fan innovatsiyalar  rivoji uchun 1 mlrd dollar ajratilishi, barcha ta’lim tur va bosqichlarida  o‘quv reja hamda dasturlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni yangilangan konstitutsiya norma va qoidalariga moslashtirish,  fuqarolarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini to‘liq amalga oshirish uchun soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar, farzandining maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tashkilotida ta’lim olishi uchun to‘lovni soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritish kabi rejalar ham nurli istiqbolimizdan dalolatdir. 

Men ta’lim sohasida xizmat qilayotgan inson sifatida ushbu dasturdan judayam quvondim.

Ismigul XUSHMURODOVA,  

QDU 2-akademik litseyi direktori,

 xalq deputatlari Qashqadaryo

viloyat kengashi deputati

  • Ko'rildi
    169
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+