Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi

02.06.2023, 16:59

Faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi

“Salomatlik bo‘lmasa, hech narsa tatimaydi” degan hikmat bor. Aslida mo‘ljallagan ishlarimizni amalga oshirishimiz uchun ham, hayot ne’matlaridan bahra olishimiz uchun ham, avvalo, sog‘-salomat bo‘lishimiz kerak. Shu ma’noda olganda sog‘liqni saqlashga mamlakatimizda juda katta e’tibor berilayotgani har qancha tahsinga loyiq. Yangi O’zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida tibbiyot sohasida ham juda katta islohotlar amalga oshirildi. Birgina 2022 yili joylarda 100 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, poliklinikalar hamda olis va chekka hududlarda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Natijada qo‘shimcha ravishda yana 3,5 million aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga erishildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan aholiga bepul tarqatiladigan 70 xildagi dori-darmonlar uchun mablag‘lar hajmi o‘tgan yillarga nisbatan 3 barobarga oshirildi.

Tibbiyotga qaratilayotgan e’tibor yangilangan Bosh qonunimizda ham o‘z aksini topdi. Bu borada Konstitutsiyamizdan bir necha  konseptual o‘zgartirishlar o‘rin oldi. Umuman, Asosiy qonunda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobarga ko‘paydi. Bu yangilanishlar partiyamizning mazkur yo‘nalishdagi dasturiy maqsadlariga batamom mos kelishini ham qayd etishim zarur.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining XI s’ezdidagi nutqida mazkur boshlangan islohotlar yana davom ettirilishi alohida ta’kidlandi.

Xususan, saylovoldi dasturida yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar ishga solinishi, buning uchun 2030 yilga qadar onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobar qisqartirish; onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifa qilib belgilanmoqda. Bunda 120 ming nafar onkologiya, 350 ming nafar diabet, 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olinadi. “Gepatit S” kasalligini 100 foiz davlat hisobidan davolashni yo‘lga qo‘yiladi. Tuberkulyoz bilan kasallanish darajasini yuz ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirishga erishiladi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paket aholiga bepul taqdim etiladi. Bu orqali, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlari birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal bo‘ladi.

Onkologik bemorlar hayotini saqlab qolish maqsadida mamlakatimizda ilk bor o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bu boradagi xarajatlar ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun to‘liq davlat hisobidan qoplanadi.

Yana bir muhim yangilik – sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq raqamlashtiriladi va tibbiy sug‘urta tizimi joriy qilinadi. Umuman, 2030 yilga qadar tibbiyotga budjetdan ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini 2 karra oshirib, 6 milliard dollarga yetkaziladi.

Umuman olganda ushbu islohotlar aholimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish uchun amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, faqat sog‘lom va barkamol millatgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    199
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+