Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi

02.06.2023, 17:02

Ijtimoiy himoya tizimi yanada yaxshilanadi

Yurtimizda so‘nggi olti yilda ijtimoiy yordam ko‘lami 5 barobar oshirilib, 2 milliondan ortiq oila qamrab olindi. Hozirgi kunda har bir ehtiyojmand oila budjet va “3 ta daftar” tizimi orqali moddiy yordam olmoqda. Bu maqsadlarga budjetdan har yili ajratiladigan mablag‘ esa 18 trillion so‘mga yetkazildi.

Ijtimoiy ta’minotga yo‘naltirilgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2,5 barobar yoki 2016 yildagi 0,9 foizdan 2022 yilda 2,2 foizga ko‘paydi.

Lekin ijtimoiy himoya faqat pul berish bilan cheklanib qolayotgani, aslida, bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi kerak. Bu haqida O’zLiDePdan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan so‘zlagan ma’ruzasida aytib o‘tdi.

Ma’ruzada ta’kidlandiki, bizda og‘ir vaziyatga tushgan 30 ta toifadagi 9 million aholi bor. Bular – nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, oilada zo‘ravonlikka uchragan ayollar. Shu bois, saylovoldi dasturiga muvofiq, ijtimoiy xizmatlar sohasi butkul qayta ko‘rib chiqiladi va har bir mahallada professional ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular ijtimoiy xizmatlarni manzilli asosda ko‘rsatadi.

Og‘ir hayotiy ahvolga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi” ochiladi. Ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dorilarni yetkazish, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Og‘irroq vaziyatdagi oilalarga psixologik yordam ham beriladi. Bunday oilalarning hayot sifati amalda yaxshi tomonga o‘zgargandan keyingina, “ijtimoiy xizmat ishi” yopiladi.

Tumanlarda ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari; psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar”; zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “koll-markaz”lar tashkil qilinadi. Shuningdek, qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun ham huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmati kengaytiriladi.

Tug‘ruq ta’tilidagi ayollar uchun onlayn ishlash tizimi joriy etiladi. Bolalarni vasiylikka olish tizimi, vasiylarni tanlash mezonlari va monitoring qilish tartibi to‘liq o‘zgaradi.

Nogironligi bor oila a’zosiga qarovchi ehtiyojmand insonlarga ish haqi to‘lash tizimi joriy qilinadi. Ushbu toifadagi odamlarni biznesga jalb qilib, daromad topishga o‘rgatgan, ularning mahsulotini realizatsiya qilishga ko‘maklashgan tadbirkorlarga imtiyoz va afzalliklar beriladi.

Bu ishlarni muvofiqlashtirish uchun esa hozirgi 6 ta vazirlikda tarqoq bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar birlashtirilib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi haqida kuni kecha prezident qarori qabul qilindi. Vaholanki, bu haqida Sh.Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida ham alohida ta’kidlab o‘tgandi. Endilikda ijtimoiy himoyaga ajratiladigan barcha mablag‘lar agentlik huzurida tashkil etiladigan alohida jamg‘arma orqali manzilli yo‘naltiriladi va uning xarajatlari ochiq-oshkora bo‘ladi. Agentlik jamoatchilik bilan yaqin muloqot o‘rnatib, ular bilan bamaslahat ish yuritadi. Yana bir yangilik, yangi agentlik uchun kamida 10 foiz xodimlar nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida ishga olinadi.

Albatta, bu islohotlar har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratishdek ezgu maqsadni amalga oshirishda navbatdagi pillapoya vazifasini o‘taydi.

 Gulbahor Tangirova,

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    553
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+