Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi

02.06.2023, 19:11

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtiriladi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi tobora mustahkamlanib, aholining kam ta’minlangan va zaif qatlamlarini ijtimoiy yordam tizimiga kiritish mexanizmlari takomillashtirilmoqda.

Ayniqsa, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga O’zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, kuni kecha davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

Aytish kerakki, Ijtimoiy himoya masalasi bir necha yildan beri o‘z yechimini kutib kelayotgan dolzarb masalalardan edi.

Yurtimizdagi ijtimoiy himoya tizimi faqat pul berish bilan cheklanib qolayotgandi.

Davlatimiz rahbari aslida, bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratdi. Ayni shu sababli ham, ijtimoiy xizmatlar sohasini butkul qayta ko‘rib chiqish lozimligini o‘z saylovoldi dasturidagi muhim maqsadlar sirasiga kiritdi.

Inson qadrini ulug‘lashda ijtimoiy himoya tizimining naqadar muhim ekanini teran anglagan yurtboshimiz ijtimoiy yordam tizimini modernizatsiyalash borasidagi aniq taklif va yechimlarni olg‘a surdi.

 O’zLiDePning 30 may kungi s’ezdida davlatimiz rahbari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi haqida so‘z yuritarkan, agentlik xodimlaridan kamida 10 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida ishga olinishiga alohida urg‘u berganining zamirida ham katta ma’no yotibdi.

Negaki, agentlik faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bilan O’zbekistonda hozirgi 6 ta vazirlikda tarqoq bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar birlashtirildi.

Ijtimoiy xizmatlar sohasi butkul qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Endilikda yurtimizdagi har bir mahallada professional ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular ijtimoiy xizmatlarni manzilli asosda ko‘rsatadi. Og‘ir hayotiy ahvolga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi” ochiladi. Ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dorilarni yetkazish, farzandlarini bog‘cha va maktabga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

Og‘irroq vaziyatdagi oilalarga psixologik yordam ham beriladi. Bunday oilalarning hayot sifati amalda yaxshi tomonga o‘zgargandan keyingina, “ijtimoiy xizmat ishi” yopiladi.

Tumanlarda ijtimoiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar markazlari, psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar”, zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Koll-markazlar” tashkil qilinadi.

Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmati kengaytiriladi. Tug‘uruq ta’tilidagi ayollar uchun onlayn ishlash tizimi joriy etiladi. Bolalarni vasiylikka olish tizimi, vasiylarni tanlash mezonlari va monitoring qilish tartibi to‘liq o‘zgaradi.

Har yili yurak nuqsoni bor 5 ming bolani va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloqni bepul davolashni davlat o‘ziga majburiyat qilib oladi.

Ijtimoiy himoyaga ajratiladigan barcha mablag‘lar Agentlik huzurida tashkil etiladigan alohida jamg‘arma orqali manzilli yo‘naltiriladi va uning xarajatlari ochiq-oshkora bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha yagona organ tuzilishi o‘z vaqtida to‘g‘ri qabul qilingan qaror bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Inson salohiyatini ishga solishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda ushbu institutsional o‘zgarish yaxshi samara berishi muqarrar!

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    541
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+