Yangi O’zbekiston, bu – inson va biznes manfaatlari adolatli qonunlar asosida himoya qilinadigan jamiyatdir

05.06.2023, 11:22

Yangi O’zbekiston, bu – inson va biznes manfaatlari adolatli qonunlar asosida himoya qilinadigan jamiyatdir

Joriy yilning 30 may kuni bo‘lib o‘tgan partiyaning o‘n birinchi S’ezdida O`zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturlarining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan ma’ruzalarini katta qiziqish va mamnuniyat bilan tingladim.

Saylovoldi dastur 5 ta muhim yo‘nalishdan iborat bo‘lib, yurtimizning keyingi 7 yillikdagi istiqboli belgilab berilgan.

Ayniqsa partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi va katta marralar, maqsadlar belgilab berilgani keyingi olti yarim yilda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlarning mantiqiy davomi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ma’ruzada biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga erkin faoliyat yuritishi uchun eng qulay sharoitlar yaratishni bundan buyon ham davom ettirilishi aytib o‘tildi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi olti yilda ish haqiga soliq yuki 2 barobar kamaytirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirildi. Ko‘plab cheklov va to‘siqlar olib tashlanishi natijasida korxonalar soni 2 marta oshdi. Shu bilan birga, savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lib qolayotgani sir emas. Hozirgi kunda 5,5 million fuqaro norasmiy sektorda band. Shu bois, rasmiy sektor – nolegal faoliyatdan afzal va manfaatli bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berish maqsad qilib olinmoqda. Eng avvalo, soliq tizimini soddalashtirish va barcha tadbirkorlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, kelgusi yillarda biznes uchun qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma va mol-mulk soliq stavkalari oshirilmasligi qat’iy kafolatlanadi.

Bundan tashqari iqtisodiyot sohalaridagi katta rejalar belgilab olinib, 2030 yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobidan, 40 milliard dollarni davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etiladi. Shu bilan birga, bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini hozirgi 18 milliard dollardan 40 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Eng katta masalalardan biri – kredit foizlarini tushirish bilan bog‘liq ekanligini, ya’ni, kredit foiz stavkasini hozirgi o‘rtacha 20 foizdan 10- 12 foizga tushirish lozimligi ta’kidlandi. Shu maqsadlarga erishish uchun bank omonatlari hajmi deyarli 4 barobar oshirilib, hozirgi 70 trillion so‘mdan 260 trillion so‘mga yetkazilib, banklarni xususiylashtirish tezlashtirilishi va  Davlat ixtiyorida faqat 3 ta bank qolishi, bank bozoriga yana kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banki kirib kelishi uchun imkoniyat yaratilishi  saylovoldi dasturida o‘z aksini topgan.

Bu kabi ulkan o‘zgarishlar barcha sohada, xususan tadbirkorlik rivojiga e’tibor qaratilayotganligi bejiz emas, albatta. Jamiyatning iqtisodiy yuksalishi, aholi bandligi, xalq farovonligi mazkur saylovoldi dasturda mukammal etib belgilangan.

Nomzodimizning S’ezddagi ma’ruzalaridan g‘ururlanib shuni aytishim mumkinki,  bu islohotlar yana davom ettirilib, keyingi 7 yil  davomida jadal rivojlanishiga ishonchim komil. Men barcha Samarqandliklarni bunday ulkan reja va dasturlarni ilgari surayotgan munosib nomzodni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etaman.

Zafar Karimov,

 O`zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Samarkand viloyat Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    218
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+