Yangi O’zbekistonni barpo etishda sog‘lom va barkamol yoshlarimiz hal qiluvchi kuchdir

05.06.2023, 11:32

Yangi O’zbekistonni barpo etishda sog‘lom va barkamol yoshlarimiz hal qiluvchi kuchdir

Zamonaviy hayotni bugun ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, insoniyat fan o‘qi atrofida aylanayotgandek go‘yo. Jahonning yetakchi davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Negaki, mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasini tubdan o‘zgartirishga bel bog‘lab, islohotlarni bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishdan boshlangan edi. So‘nggi yillarda qamrovni 27 foizdan 72 foizga olib chiqildi. O’tgan davrda maktab ta’limida qo‘shimcha 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, 200 ga yaqin Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab tashkil qilindi. Eng muhimi, ta’limga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib keldi.

Bugun yurtimizda o‘qituvchilarga e’tibor, munosabat tubdan o‘zgardi. Hozir hammaning nigohi pedagogda. Ularning oylik maoshi muttasil oshirib borilmoqda. O’qituvchilarga imtiyozli iste’mol kreditlari berish, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etilgan. Bu sa’y-harakatlar orqali ta’lim sohasi vakillarining jamiyatdagi o‘rni va maqomi yanada yuksaldi. Hozir ularning ishga, hayotga munosabati tubdan o‘zgarib, doimiy izlanib, yangilikka intilib yashamoqda.

Maktab ta’limini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom etmoqda.

Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qismini, albatta, oliy ta’lim tizimidagi islohotlar tashkil etadi.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining ta’lim berish faoliyati yanada takomillashtirilib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilm sari intilish fazilati yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Yoshlarimiz sog‘lom hamda go‘zal turmush kechirish, egallagan kasbi bo‘yicha doimiy ish o‘rniga ega bo‘lish, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish, insoniy qadr-qimmatini kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, qisqacha aytganda, komillikka erishish uchun harakat qilyapti va bu jarayonda ta’lim olishni eng asosiy shart sifatida ko‘rmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti. Aholi fikrini o‘rgangan holda, sirtqi va kechki ta’lim shakllari qayta tiklandi, qabul kvotalari oshirilyapti.

Partiyamizdan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Sh.Mirziyoyev ham o‘z saylovoldi dasturida ta’lim sohasidagi islohotlarni yanada kengroq davom etttirish borasidagi takliflari biz kabi pedogoglarga yanada ilhom bag‘ishladi.

Xususan, 2030 yilga qadar maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanadi va qamrov 100 foizga yetkaziladi. Buning uchun ishlab chiqarish korxonalarining bog‘cha qurishga sarf etiladigan xarajatlari soliqlardan to‘la ozod qilinadi. Shuningdek, bu maqsadlarga 7 foizlik stavkada 10 yil muddatga kredit beriladi. Natijada, 2030 yilga qadar qo‘shimcha 2 mingta bog‘cha quriladi. Ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog‘cha xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu imtiyoz bola xususiy bog‘chaga borsa ham qo‘llanadi.

Kelgusi 7 yilda maktablarda qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rni yaratishimiz, ta’lim sifatini tubdan yaxshilashimiz zarur. Shu maqsadda “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturini amalga oshiramiz. Xususiy ta’limga qo‘shimcha yengilliklar beriladi.

Kelgusi yetti yilda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun 1 milliard dollar ajratiladi.

Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, ta’lim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir.

Ilyos Abdullayev,

Urganch davlat universiteti Turizm va iqtisodiyot

fakulteti dekani,

 Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    291
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+