Qishloq xo‘jaligi asosiy drayver sohalardan biriga aylandi

05.06.2023, 17:29

Qishloq xo‘jaligi asosiy drayver sohalardan biriga aylandi

Xalqimiz, davlatimiz azaldan dehqon va mirishkorlarni rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari, eng qadimiy va olijanob kasb egalari, deb sharaflaydi. Ana shu hurmat-e’tibor, olqishlar keyingi olti yilda aniq amaliy ishlarga ko‘chgani e’tiborga molik.

Yurtimizda fermer va dehqon xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu borada talay qonun, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Fermer va dehqon xo‘jaliklariga imtiyozlar, yengilliklar berilyapti.

Bugun sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida yurtimizda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari soni 107 mingdan oshdi. Bu 2017 yilga nisbatan 40 foiz ko‘p, degani.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi asosiy drayver sohalardan biriga aylandi. Klaster tizimini joriy etish natijasida paxta, g‘alla hosildorligi 25-30 foizga, meva-sabzavot eksporti esa 2 barobar oshdi, sohaga 5 milliard dollardan ortiq xususiy investitsiya kiritildi.

O’tgan ikki yilda 200 ming gektar unumdor yer maydonlarini aholiga ajratib berdik. Natijada 2 milliondan ziyod fuqaroning bandligi ta’minlandi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining XI s’ezdidagi nutqida mazkur boshlangan islohotlar yana davom ettirilishi alohida ta’kidlandi.

Ma’ruzada 2030 yilgacha bir gektardan olinadigan o‘rtacha daromadni 3 ming dollardan 5 ming dollarga yetkazish masad qilinayotganligi aytib o‘tildi. Jumladan, hosildorlikni paxta bo‘yicha o‘rtacha 45-50 sentnerga, g‘alla bo‘yicha – 80-85 sentnerga oshirish, qo‘shimcha 300 ming gektar maydonni o‘zlashtirish va ularda intensiv bog‘ va uzumzorlar tashkil etish, mahalliy sabzavot, poliz, kartoshka urug‘lik ta’minotini hozirgi 15 foizdan 50 foizga yetkazish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni 8 foizdan 25 foizga oshirish, agrotarmoqda 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi logistika markazini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Natijada sohada eksport hajmini yiliga hozirgi 1,6 milliard dollardan 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga mos holda rivojlantirish, tuproq va yaylovlarda degradatsiyaning oldini olish bo‘yicha milliy dastur qabul qilinadi. Umuman, agrar sohaga jami 15 milliard dollar investitsiyalar jalb etiladi.

Ayniqsa, fermer va dehqonlar uchun suv solig‘ini to‘liq bekor qilish, ularga suvni tadbirkorlar kafolatli yetkazib berish tizimini yaratish, suv tejovchi texnologiyani joriy etgan fermer va dehqonlar uchun rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada ko‘paytirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotgan fermerlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizini qaytarish bo‘yicha rejalar soha rivojiga ulkan turtki beradi.

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun esa shu yo‘nalishdagi islohotlarni qat’iyat bilan davom ettirish va tanlagan yo‘limizdan og‘ishmaslik zarur, deb bilaman.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    170
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+