O’zbekiston ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lida

06.06.2023, 09:23

O’zbekiston ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lida

O’zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraydi va uni ham ikki tomonlama, ham O’zbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Kelishuv doirasida rivojlantiradi.

O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi savdoda eng ko‘p qulaylik tartibi o‘rnatilgan. GSP+ tartibi  tufayli O’zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘smoqda. Masalan, 2022 yilda savdo hajmi 20% ga oshgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon bu ko‘rsatgich deyarli 70% dan oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yangi ishlab chiqarish korxonalarini  tashkil etish loyihalari portfeli 20 mlrd yevrodan oshdi. Shu bois ham  2030 yilgacha savdo va investitsiyalar ko‘rsatkichini  ikki barobar oshirish mumkinligiga  asoslar yetarli.

Bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari  uchun  jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy  imkoniyatlar makoniga aylandi. Bu zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil”  energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, rivojlangan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklikda  o‘z ifodasini topmoqda. 

So‘nggi voqealar qatorida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” yetakchilarining ikkinchi uchrashuvidagi ishtirokini alohida ta’kidlash joiz. Birinchi uchrashuv bir yil oldin Ostonada bo‘lib o‘tgan edi, biroq bu davrda O’zbekistonda Yevropa Ittifoqi bilan mintaqalararo bog‘liqlik bo‘yicha qo‘shma konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika, suv resurslarini boshqarish, sohalaridagi loyihalar ilgari surildi, Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlarida ator mintaqaviy  loyihalar ishga tushirildi.

Ikkinchi uchprashuvda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

Birinchisi bu – savdo. O’zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarini tubdan kengaytirishdan, eng avvalo, barqaror savdo-logistika zanjirlarini va o‘zaro mahsulot yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratishdan manfaatdor.

Bundan tashqari, O’zbekiston “GSP+” tartibining amal qilish muddatini yangi davrga uzaytirishdan manfaatdor. Ushbu preferensiyalar tizimining mintaqadagi barcha mamlakatlarga tatbiq etilishi iqtisodiyotlarimizning industrial salohiyati va raqobatbardoshligi ortishiga xizmat qiladi.

Prezident, shuningdek, mintaqamizda Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq zamonaviy laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlash markazlari tarmog‘ini yaratish, Yevropa bozorlarida ishlashi uchun eksport qiluvchilarimizning bilim va salohiyatini rivojlantirish, Yevropa kompaniyalarining mintaqa mamlakatlari savdo imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish kabi alohida masalalar ham mavjudligini ham  eslatib o‘tdi.

Ularni hal etish uchun O’zbekiston rahbari eksport va import qiluvchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini birgalikda ishlab chiqishni taklif etdi.

Keyingi yo‘nalish – barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida o‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirish. Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqligini, eng avvalo, “O’rta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yo‘lagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida mamlakatlarimizning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir. Biroq ushbu yo‘nalishdagi joriy tarif va yig‘imlar, masalan, muqobil bo‘lgan Shimol – Janub yo‘nalishlaridagidan 1,5 barobar baland.

O’zbekiston, shuningdek, raqamli o‘zaro bog‘liqlik sohasida ham  Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Masalan, yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatlarining yanada kengaytirilishi mintaqa mamlakatlari yalpi mahsuloti va eksporti hajmining mutanosib ravishda oshishiga olib keladi.

Iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish, Yevropaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini qo‘llagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan ekotizimlar barqarorligini oshirish – Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lmog‘i kerak. Xususan, O’zbekiston 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 25 ming megavattgacha oshirish va uning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizgacha yetkazishni reja qilganmiz.

Xavfsizlik sohasida yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo  mamlakatlari hamkorligining eng muhim yo‘nalishidir. O’zbekiston ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qo‘riqlash sohasida yangi sheriklik dasturlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaydi.

Ming afsuski, Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat tez sur’atda yomonlashib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda millionlab afg‘onlar halokat yoqasida turibdi. Shu munosabat bilan sheriklarimizni afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqiramiz. Shu maqsadda Termizdagi logistika xabi imkoniyatlarini bundan buyon ham taqdim etishga tayyormiz.

Umuman olganda, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” yetakchilarining uchrashuvidagi ishtiroki O’zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan konstruktiv siyosiy muloqotni va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilishi ifodasidir.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    97
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+