Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydi

19.06.2023, 18:04

Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilinib, deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Davlat bayrog‘i mamlakatimiz suverenitetining ramzi bo‘lib, unda milliy davlatchiligimiz, mustaqil va mustahkam davlat barpo etish borasidagi ezgu g‘oyamiz, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligimiz, orzu-maqsad va intilishlarimiz aks etgan. U o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni ham mujassam etgan.

Bugun milliy iftihorimiz ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz faqat O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzi emas, shu yurtda tug‘ilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan barcha el-elatlarning tinchlik va ahillik timsoliga, qalblarni yaqinlashtiradigan vositaga aylandi.

Ushbu hujjat fuqarolar tomonidan o‘z Vataniga bo‘lgan g‘urur va iftixor his-tuyg‘ularini ifoda etishi uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, loyihada amaldagi Qonunga bir necha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi taklif etilmoqda.

Jumladan, davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham bayrog‘imizga nisbatan zarur hurmatni ta’minlagan holda foydalanilishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkinligini belgilash belgilanmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilik belgisi sifatida Davlat bayrog‘i va uning tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasi vakili bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qo‘llashda, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda foydalanishga ruxsat berilyapti. Qolaversa, Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi Davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda jamiyatda mamlakatimizga nisbatan mehr-muhabbat tuyg‘ularini va vatanparvarlik hissini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Jumladan, fraksiya a’zolari Nodir Jumayev, Doniyor G‘aniyev hamda Viktor Paklar qonun loyihasining g‘oyatda muhimligi va zarurligini aytib, uning qabul qilinishi orqali fuqarolar undan o‘z xonadonlarida, ish joylarida erkin foydalanishi mumkinligini qayd etdilar.

Yig‘ilishda berilgan takliflar inobatga olingan holda qonun lohihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

  • Ko'rildi
    330
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+